Breaking News

Isroil va Xamas tinchlik tarafdori ekanini isbotlashi kerak


Isroil G’azoda hujumlarni to’xtatganidan 16 soat o’tib, Xamas jangarilari ham sulhga rozi bo’lgan.

Guruh yetakchisi Musa Abu Marzuk Isroilga G’azoni bir haftada batamom tark etish talabini qo’ymoqda.

Isroil Xamasga qarshi harbiy harakatlarni shanba kuni to’xtatgan, ammo jangari guruh unga qarshi raketa hujumlarini davom ettirayotgan edi. Isroil hududiga kamida 20 raketa otilgani ma’lum.

Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert Xamas qurol tashlamasa, Isroil ham qurol bilan javob berishga majbur bo’ladi deydi. Vaziyatga qarab ish tutamiz, daqiqama-daqiqa, soatma-soat”, - deydi Olmert.

"Amerika Ovozi"ning Qohiradafi muxbiri Edvard Yeranianning xabar berishicha Sharm al-Shayx shahrida Yevropa davlatlari rahbarlari, Falastin prezidenti Mahmud Abbos va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun uchrashib, Xamas va Isroil o’rtasida uzoq muddatli va kuchli shartlar asosida sulh imzolash taklifi ko’rib chiqilgan.

Misr prezidenti Husni Muborak tashabbusga boshchilik qilmoqda. Uning aytishicha Xamas va Isroil sulhga to’liq rioya qilishga va’da berishi shart.

"Isroil G’azodan barcha kuchlarini olib chiqishi, chegeralarni ochishi va hudud blokadasini bekor qilishi kerak",- deydi Muborak.

Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi fikricha Misrning Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun ildam qadam tashlayotgani xalqaro hamjamiyat bu maqsad yo’lida birlashayotganidan dalolat.

“Misr, arab dunyosi yetakchisi, boshqa qo’shni davlatlardan farqli o’laroq barqarorlik hamma narsadan ustun ekanini tushinib, diplomatiyaga zo’r bermoqda”,- deydi Sarkozi.

Falastin rahbari, Xamas bilan til topishishga qiynalib kelayotgan Mahmud Abbos "xalqim yordamga muhtoh, urush falastinliklarni yanada qashshoq ahvolga solib qo’ydi",- deydi.

"Bizga tinchlik bitimi kerak, bu borada kafolat kerak. Xalqim esa davlat qurish uchun birlashish vaqti yetganini tushunib yetishi shart",- deydi Abbos.

BMT Bosh kotibi Xamasni tinchlik tarafdori ekanini isbotlashga undamoqda. Isroil ham shu yo’ldan borsin, deydi u.

Iordaniya qiroli Abdulla nazarida Isroil va Falastin yonma-yon tinchlikda yashashini ta’minlash uchun Yevropa, AQSh va arab davlatlari bir yoqadan bosh chiqarishi kerak.

“Har taraf mintaqaga nisbatan o’zicha siyosat yuritishda davom etsa, hech qanday o’zgarish bo’lmaydi”,- deydi u. Qirol Abdulla “AQShning yangi rahbari Barak Obama ham muzokaralarga qo’shilishini kutayapmiz”,- deydi.

Obama hozircha masala yuzasidan biror fikr bildirmagan. Quddusdagi muxbirimiz Robert Bergerning aniqlashicha, G’azo sektorida deyarli bir oy davom etgan urushda 1200 ga yaqin falastinlik va 13 isroillik halok bo’lgan.

XS
SM
MD
LG