BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun fikricha Isroil va Xamas kelasi bir necha kun ichida sulh imzolashi mumkin.
Ammo Qatarda o’tayotgan sammitda, Xamas rahbari Xolid Mash’al Isroilning qo’yayotgan shartlarni rad etgan. “Mojaroni Xamas emas Isroil boshlab, yahudiy davlati Falastin xalqiga qarshi urush e’lon qildi”, - deydi Mash’al.
Qatar sammiti Falastin rahbariyati, Misr va Saudiya Arabistoni qarshiligiga qaramasdan o’tkazilmoqda. Unda so’zlagan Suriya rahbari Bashar al-Assad arab mamlakatlarini Isroil bilan aloqani uzishga chaqirgan. Isroil havo kuchlari bugun G’azoda Xamasning 40 dan ortiq manzillarini bombardimon qilgan. Xamas ham raketa hujumlarini davom ettirmoqda.
BMT Bosh Assambleyasi Isroil istilosini qoralab chiqmoqda. BMTning G’azodagi idorasi o’qqa tutilgach, assambleya favqulodda yig’ilish o’tkazib, Isroil hujumida tonnalab dori-darmon va oziq-ovqat barbod bo’lganini tanqid ostiga olgan.
“Isroildek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan tuzilgan davlat, bu tashkilot rezolyutsiyalarini ortiq nazar-pisand qilmasligi ajablanarli hol”, - deydi assambleya prezidenti Migel Deskoto.
Gap BMTning G’azoda janglarni darhol to’xtatish haqidagi talabi haqida ketmoqda. Bir hafta ilgari bu talab bitilgan rezolyutsiyani ham Isroil, ham Xamas rad etgan edi.
Isroil rasmiylari 700 falastinlik jon saqlayotgan BMT idorasi nishonga olingani yuzasidan uzr so’ragan. O’tgan hafta o’xshash voqeada BMT yurituvchi maktablardan birida 40 kishi halok bo’lgan edi.
Sulhga to’sqinlik qilayotgan omillardan biri G’azoga Misr chegarasi orqali qurol-aslaha kirishda davom etayotganidir. Kontrabandani to’xtatish bo’yicha ham AQSh, ham Misrda muzokara ketmoqda.
Davlat departamenti so’zlovchisi Shon Makkormakka ko’ra, muzokara tafsilotlari bilan bo’lishishga hali erta, biroq AQSh texnik yordam ko’rsatishga tayyor.