Breaking News

Isroil G'azoda kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblanmoqda


“Isroil harbiylari G’azoda sabr-toqat va qat’iyat bilan maqsad tomon harakat qilmoqda”, - dedi Bosh vazir Yaxud Olmert, operatsiyaning dastlabki natijalarini sarhisob qilar ekan.

Xabarlarga ko’ra 16 kun ichida 850 falastinlik va Isroil tomondan 13 kishi halok bo’lgan. Nizolashayotgan tomonlar xalqaro hamjamiyatning sulh tuzish haqidagi chaqiriqlarini rad etgan.

Aksincha, Isroil kecha G’azo aholisini operatsiya kengayishi haqida xabardor qilib, Xamasga tegishli inshootlardan uzoqroq yurishga da’vat etdi.

Isroil Vazirlar mahkamasi yig’ilishida Bosh vazir Yaxud Olmert Xamas ustidan qator yutuqlarga erishilganini aytib, ishni oxiriga yetkazish lozim degan. “BMT Xavfsizlik Kengashining sulh tuzish haqidagi rezolyutsiyasi noo’rin, chunki fuqarolarini qanday himoya qilishni Isroilning o’zi biladi”, - deydi Olmert.

G’azoda hukmron Xamas guruhi Isroilni xolokost-qirg’inda ayblamoqda. Xamas rahbari Xolid Mash’al so’zlariga ko’ra, “Isroil Ga’zoning har bir burchagida qurolli qarshilikka duch kelmoqda. Bundan buyon Isroilning tinchlik haqidagi gaplariga hech kim ishonmaydi”.

Xamas Isroildan hujumni to’xtatib, Ga’zoni tark etishni hamda chegaralarni ochishni talab qilmoqda. Isroil harbiylari ma’lumotiga ko’ra, bugun G’azoda 60 dan ziyod manzil o’qqa tutilgan. Ga’zo shahri atrofida ham shiddatli janglar ketmoqda.

Bu orada, Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti Isroilni fosforli bombalar qo’llayotganlikda ayblagan. Falastinlik shifokorlar bu quroldan 50 dan ziyod odam kuyganini ma’lum qilgan.

Fosforli bomba odatda piyoda qo’shin harakatini dushman ko’zidan yashirish uchun qo’llanadi. Isroil bu ayblovlarni rad etgan. Urushni to’xtatish uchun Misrda muzokaralar davom etyapti.

XS
SM
MD
LG