Breaking News

G'azoda parokandalik, Misrda esa sulh muhokamada


Mana 13 kundirki, Isroil G’azoda Xamasga qarshi harbiy harakatlar olib bormoqda.

Bugun Misr bilan chegaradosh Rafa shahrida bir necha tunnel vayron qilingan. Isroil nazarida bu yerosti yo’llari orqali Xamasga qurol-aslaha olib o’tilar edi.

G’azo shimolida ham bir necha joy nishonga olingan. Islomiy Jihod jangari guruhining uch a’zosi o’ldirilgani haqida xabarlar bor.

Bugun Isroilga qarata Livandan raketa hujumi amalga oshirilgan.

Kamida uch raketa otilgani ma’lum. Isroil-Livan chegarasida Nihariya shahrida ikki kishi jarohatlangan.

Isroil hujumlarga javob qaytargan. Livan hukumati hozirda qo’shni davlatni kim nishonga olganini tekshirmoqda. “Har qanday xurujni qoralaymiz”,- deydi bu mamlakat rasmiylari.

Livanda asoslangan Hizbulloh jangari guruhi Isroil bilan urushga tayyor turganini ta’kidlab, yahudiy davlat Xamasni yer tishlata olmaydi deya ishonch bildirmoqda. Lekin bugungi xuruj aynan uning ishi ekani haqida hozircha biror ma’lumot yo’q.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi esa Isroilni falastinliklarga yordam yo’llarini to’sayotganlikda,urush jabrdiydalariga tibbiy ko’mak berishni cheklayotganlikda ayblamoqda.

Isroil esa Xamasga qarshi operatsiyalarni har kuni uch soatga to’xtatib, insonparvarlik yordami uchun sharoit yaratib berayotganini qayd etmoqda.

G’azoning Zaytun degan mahallasi havo hujumlaridan katta ziyon ko’rgan va odamlar bir qultum suvga zor, deydi Qizil Xoch xodimlari.

Isroil bu yerga hech kimni kiritmayotgan edi.

Kecha bir necha xodim mahallani ko’zdan kechirishga muvaffaq bo’lgan. 15 jasad va 18 yarador topilgan. Yana bir necha kishi, jumladan bolalar og’ir ahvolda ekani aniqlangan.

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasining hududdagi vakili fikricha Isroil G’azo aholisiga shafqatsizlarcha munosabatda.

Urushni Xamas boshlagan va Isroilning unga qarshi hujum qilishga haqqi bor deb kelayotgan Kondoliza Rays, AQSh Davlat kotibasi, deydiki, Misr va Fransiya vositachiligida sulh tuzilishiga umid bor.

AQSh Isroilni muzokara boshlashga undamoqda. Isroil bugun o’z vakilini Qohiraga yo’llab, Husni Muborak va Nikolya Sarkozi taklif qilayotgan rejani ko’rib chiqmoqda. Xamas ham bu hujjat bilan tanishayotganini bildirgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi raisi, Fransiya diplomati Jan-Moris Riperning aytishicha a’zolar masala yuzasidan hamon bir fikrda emas. Munozara davom etarkan, biror rezolyutsiya haqida gapirish qiyin, deydi Riper.

Jorj Bush prezidentligi nihoyasiga yetib, Barak Obama rahbarlikka shaylanar ekan, Isroil-Falastin mojarosi va uni hal etishda AQSh qanday rol o’ynashi haqida bahslar avjida.

AQShning Isroildagi sobiq elchisi Martin Indik fikricha Obamani qator sinovlar kutmoqda.

"Yangi prezident va davlat kotibi kuchli diplomatik choralar haqida o’ylashi kerak. Bir necha bosqichli va ikki tomonni bir-biriga yaqinlashtiradigan choralar",- deydi Martin Indik.

"Yaqin Sharqda ish sekin bitadi, ammo har ikki tomonning asosiy talablari inobatga olinsa, aniq strategiya bilan chiqilsa, tinchlikka erishish mumkin",- deydi keksa diplomat.

O’tgan sakkiz yildagi katta xatolardan biri shu bo’ldiki, deydi Kennet Pollak, AQSh Markaziy Razvedka Agentligi sobiq tahlilchisi, “biz vaziyatning qanchalik murakkab ekanini tushunib turib ham, Isroil va Falastin orasidagi nifoq, Iroq, Eron, Misr, Saudiya Arabistoni va bu mintaqaning boshqa qismlaridagi voqealarni bir-biridan ajratishga urinamiz. Xuddi hamma narsaga alohida yondashsak, masala yechiladigandek".

Achchiq haqiqat shuki, deydi tahlilchi, bu jumboqlar bir-biri bilan bog’lanib ketgan.

"Obama buni tan olgan holda ish tutishi, vaziyatga keng doirada yondashishi lozim",- deydi Kennet Pollak.

Tamara Kofman, Yaqin Sharq bo’yicha yana bir siyosatshunosning ta’kidlashicha, Isroil olib borayotgan urush unga qimmatga tushadi.

"Hujumlar qancha uzoqqa cho’zilsa, hammaning toqati toq bo’lib, hatto Amerikadek ishonchli ittifoqchi ham yahudiy davlati o’ziga tahdid solayotganini eslata boshlaydi",- deydi sharhlovchi.

Gap shundaki, deydi Tamara Kofman, Vashingtondagi siyosiy doiralar bungacha borishni xohlamaydi va shu bois hozirdanoq Isroilni “o’ylab qadam qo’y” deya ogohlantirmoqda.

AQSh bugun Falastin davlati barpo etish Yaqin Sharqda tinchlikka erishish uchun eng zarur qadamlardan biri ekanini anglab yetgan, deydi “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilgan siyosatdonlar. Hozirgi urush bu ishni sekinlashtirayotgani ayon.

Shibli Tilamiy, arab kelib chiqishiga ega professor nazarida Barak Obama hozircha Isroil-Xamas urushiga aralashmagani ma’qul.

"Prezidentlikka kelgach ham ehtiyot bo’lishi kerak",- deydi olim.

"AQSh rahbarlarining har bir aytgan so’zi Yaqin Sharqda turlicha aks sado beradi va urushib kelayotgan tomonlarni ahmoqona harakatlarga chorlaydi",- deydi Shibli Tilamiy.

“Ga’zodagi xunrezliklararab-Isroil mojarosining bir qismi xolos. Obama o’tmishdan saboq olishi kerak”,- deydi tahlilchi.

XS
SM
MD
LG