Breaking News

Bush Falastin davlati vujudga keladi degan umidda


Prezident Bush Yaqin Sharqqa safar qilib, avvalo mustaqilligining 60 yilligini nishonlayotgan Isroil, keyin esa Falastin, Saudiya Arabistoni va Misrda bo’ladi.

Bush barcha tomonlarni o’tgan yilning noyabr oyida AQShning Annapolis shahrida o’tkazilgan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida berilgan va’dalarning bajarilishiga chaqiradi.

“Isroil va Falastin rasmiylari bir-birini tushunib, yon berishga tayyor bo’lsagina tinchlikka erishish mumkin. Mustaqil, demokratik Falastin davlatini tiklash kerak”,- deydi AQSh rahbari.

Bush prezidentlik muddati tugashidan oldin Falastin davlati vujudga kelishiga umid bog’lagan. Lekin Falastin hozirda ikkiga bo’lingan. Iordan daryosining g’arbiy sohilini Falastin rahbari Mahmud Abbos yetakchiligidagi Fath guruhi, G’azoni esa AQSh terrorchi deb hisoblovchi Xamas jangarilari boshqarmoqda.

Isroil bosh vaziri Yahud Olmert nazarida tinchlik bitimi Falastindagi barcha guruhlarni o’z ichiga olishi shart.

“Terrorchilik harakatlari to’xtatilmas ekan, tinchlik bo’lmaydi”,- deydi Olmert.

Falastin rahbari Mahmud Abbos ham buni tan oladi.

“Albatta, tinchlik yo’lida qator g’ovlar bor. Ammo birga ishlab qiyinchiliklarni bartaraf qilamiz, tinchlik tiklanadi”,- deydi Falastin rahbari.

Yaqin Sharq mojarosi naqadar murakkab ekanini qayd etuvchi siyosatdonlar esa tinchlik muzokaralaridan ko’p narsa kutmaslik kerak deydi. Prezident Bushning xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchisi Stiv Xedlining aytishicha AQSh Falastin davlati barpo etilishi uchun qo’ldan kelgan barcha harakatni qiladi.

“Mahmud Abbos G’azo aholisiga shuni puxta tushintirishi shart: xalq yo Xamas bosimi ostida yashaydi yo yangi davlatning bir qismi bo’ladi”.

XS
SM
MD
LG