Breaking News

Prezident Bush: Yaqin Sharq bugun erkinroq, umidli mintaqa


AQSh rahbari Jorj Bush nazarida Yaqin Sharq uning prezidentligi davrida erkinroq, umidli, kelajagi porloq mintaqaga aylangan.

Kelasi oy Oq uyni yangi prezident Barak Obamaga topshirayotgan Bush so’nggi 8 yilni sarhisob qilmoqda. Obama 20 yanvar kuni rasman lavozimiga kirishadi.

Uning oldida yadro qurolini qo’lga kiritishga urinayotgan Eron, Isroil-Falastin mojarosi hamda Iroqda demokratiyani mustahkamlash kabi vazifalar turibdi.

So’nggi 8 yil mobaynida, deydi Bush, Qo’shma Shtatlar Yaqin Sharq mintaqasida uzoqni va olijanob maqsadlarni ko’zlab, dadil qadamlar tashladi. Uningcha Iroqda demokratik hukumat qaror topgani ulkan yutuq.

“Iroq AQShga dushman davlatdan do’stga, terrorizm homiysidan unga qarshi kurashuvchi davlatga aylandi. Diktaturadan yuz o’girib, turli din, millat va elatlarni o’z ichiga olgan demokratik davlat”, - deydi AQSh rahbari.

Iroq urushi AQSh rejalaganidan uzoqroq davom etib, qimmatga tushgani rost. “Bugunga kelib”, deydi Bush, “Saddam Husayn 2001 yilning 11 sentyabrida AQShga qilingan hujumlarga aloqador bo’lmaganini bilamiz. Ammo uni hokimiyatdan ag’darish to’g’ri qaror edi”.

11 sentyabr xurujlarida qariyb 3 ming odam halok bo’ldi. “Qo’shma Shtatlar Saddam Husayndek doimo urushga shay, terrorizm homiysiga chidab o’tira olmadi. Turli davlat razvedka xizmatlari Iroqda ommaviy qirg’in qurollari borligiga ishongan”, - deydi AQSh prezidenti.

Isroil va Falastin xalqlari hamon tinchlik orzusida yashamoqda. Bunga Bushning prezidentlik muddati tugamasdan oldin erishish rejasi, afsuski, rejaligicha qoldi.

Tanqidchilar nazarida AQSh rahbari Falastin davlatini barpo etish bo’yicha muzokaralarni nisbatan kech boshlagani va murosasizlik tufayli Isroil va Falastin o’rtasidagi ziddiyatlar hal etilmadi.

Bush fikricha esa o’tgan yili AQShning Annapolis shahrida, qirqdan oshiq davlat vakillari ishtikorida boshlangan tashabbus albatta natija beradi.

XS
SM
MD
LG