Breaking News

Prezident Bush yil oxirigacha Yaqin Sharqni tinchlantirmoqchi


AQSh prezidenti Jorj Bush besh kunlik safari davomida Isroil, Saudiya Arabistoni va Misrga ham tashrif buyuradi.

Maqsad, deydi Bush, Isroil va Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirish. Toki mustaqil Falastin davlatini barpo etish rejasi amalga oshsin. Ammo yil boshidan beri, deydi siyosatdonlar, bu masalada oldinga siljish kuzatilgani yo’q.

Prezident Bushning aytishicha mustaqil Falastin chegaralarini belgilash murakkab jarayon, lekin umidsizlikka o’rin yo’q. Isroil va Falastin rahbarlari yil oxiriga qadar bitim imzolashga kelishib olgan edi. Bu Jorj Bush prezidentligi davrida amalga oshmasligi mumkin.

Quddusdagi Ivrit Universiteti professori Rivan Xazan deydiki AQSh rahbari muhlatining oxirgi yilidagina Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bilan jiddiy shug’ullana boshladi. “Ammo Kongressda uning Respublikachilar partiyasi emas, demokratlar hukmron. Bushning xalq orasida reytingi past. Oldinda prezident saylovlari.”

Yaqin Sharqda esa vaziyat hamon keskin, zo’ravonliklar davom etyapti. Prezident Mahmud Abbos maslahatchilari Isroil bilan muzokaralar samara bermayotgani sabab balki Falastin ma’muriyatini tarqatib yuborish kerakdir deya ochiqchasiga gapirmoqda.

Falastinlik jurnalist Hani al-Masri falastinliklar ahvoli kundan-kunga og’irlashib bormoqda deydi.

“Ular hatto prezidentni samarasiz muzokaralarni to’xtatishga undamoqda. Chunki Isroilning harbiy agressiyasi va yahudiylar uchun uylar qurilishi davom etyapti. Falastin ma’muriyatining zaifligi natijasida G’azo sektorida Xamas jangarilari kuchga to’lmoqda”, - deydi Hani al-Masri.

Jurnalist Denni Rubenshteyn nazarida Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmertning tergov ostida ekani ham muzokaralar beliga tepmoqda. Olmert Quddus hokimi bo’lgan davrda amerikalik tadbirkordan pora olganlikda gumon qilinmoqda.

“Natijada Isroil koalitsion hukumatining boshqa a’zolari, jumladan Mudofaa vaziri Yaxud Barak va Tashqi ishlar vazirasi Tsipi Livni endi siyosiy jihatdan ancha kuchli. Bosh vazir bu vaziyatda falastinliklarga yon berish salohiyatiga ega emas”, - deydi Rubenshteyn.

Prezident Bush Isroil davlatchiligining 60 yilligi marosimlarida ishtirok etmoqda. Falastin ahli bu sanani “al-naqba”, ya’ni minglab kishini vatanni tark etishga majbur qilgan fojia deb ataydi. Falastin hududlariga tashrif rejalanmagan.

“Isroilda Bushning reytingi baland”, - deydi siyosatshunos Reuvan Hazan. “Ular AQSh prezidentini ishonchli rahbar, Yaqin Sharqdek notinch mintaqada AQSh qudratini ishga solishga, Isroilni Eron kabi mamlakatlardan himoya qilishga tayyor arbob sifatida ko’rishadi”.

Prezident Bush Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarini jonlantirish uchun barcha vositani ishga solmoqchi. Avval rejalagandek tinchlik bitimiga bo’lmasa-da, kelajakda jiddiy muzokaralarni davom ettirishga zamin yaratilishi mumkin, deydi mutaxassislar.

XS
SM
MD
LG