AQSh prezidenti Jorj Bush Karen Xyuzni “suyangan tog’im” der edi.
Shubhasiz, Xyuz xonim Bushga uzoq yillardan beri maslahat berib keladi va prezidentligining ilk yillarida Oq Uy matbuot xizmatiga boshchilik qilgan.
Karen Xyuz ham Bush kabi Texasni vatan deb biladi. Oilali va farzandli. Bush uni Amerikaning asl farzandi deya ikki yil oldin xalq diplomati lavozimiga tayinlagan edi.
Maqsad – Amerikaning dunyodagi obro’sini ko’tarish, ayniqsa musulmon jamiyatlarida.
Bir paytlar AQShdagi eng qudratli ayol deya tanilgan Karen Xyuz shu kunlarda bu vazifani tark etdi.
Yaqinda Xyuz xonim Vashingtondagi Islom Markazida bo’lib, jamoa vakillari va yosh musulmonlar bilan so’zlashgan edi.
"Islom madaniyati haqida yaxshi bilaman",- deydi u. "Islom Amerikaning bir qismi degan bo’lardim. Orangizda ekanimdan faxrlanaman",- dedi u masjidda.
Karez Xyuz so’zga chechan siyosatdon. Qayerda nima deyishni biladi.
"Xalq diplomatiyasi insoniyatni birlashtirishga qaratilgan g’oya",- deydi u.
Arab dunyosidagi eng yirik jamiyat Misrga borganida ko’chalarda sayr qildi. Oddiy odamlar bilan gaplashishga urindi. Albatta, ko’chalar jurnalistlardan xoli emas.
"Iroq bugun tinchmi endi”? - degan savolga tutildi.
"Menimcha, Saddam Hussaynsiz butun dunyo tinchroq endi”,- javob berdi Xyuz xonim.
"Men aynan Iroq haqida so’rayapman”,- dedi arab jurnalisti.
Turkiyada ham o'xshash savollar berildi. Jurnalistlardan biri AQSh rasmiysiga qarab, "Iroqda kelayotgan har bir tasvirda ayol va bolalar ko’zida qo’rqinch va dahshat ko’rasiz”, - dedi.
"Onaman, men ham urushdan nafratlanaman”,- dedi Karen Xyuz.
Xyuz xonim xo’jako’rsinga tayinlangan Bush vakili deya tanqid qilinadi.
"Men oddiy odamlar bilan gaplashdim, rasmiylar bilan emas",- deydi uning o’zi.
Karen Xyuz Amerikaga nisbatan g’azabni boshdan kechirdi. Ayrimlar AQSh yana nima kutgan edi deya ajablanadi.
"Odamlar har kuni ham Amerikaning yuqori lavozimli rasmiysi bilan uchrashavermaydi. Unga o’z tashvishu-anduhini bildirdilar”, - deydi siyosiy tahlilchi Jorj Salim.
"Amerika hukumatida hamma ham islomiy jamiyatlar va musulmonlar haqida to’g’ri tasavvurga ega emas",- deydi u. "Karen Xyuzning, Bushning yaqin maslakdoshining, ko’zi ochildi".
Xyuz xonim musulmon dunyosiga ilk safaridan qaytdi-mu, prezident bilan uchrashdi. Bushga Falastin davlati barpo etilmas ekan, AQShning musulmon jamiyatlaridagi nufuzi tushib boraveradi deb aytdi.
"Xalq diplomatiyasi ham ish bermaydi. Musulmonlar ko’ngliga yo’l topish uchun ular yuzlashayotgan muammolarni tushunish va hal etish kerak",- dedi u.
Jorj Salim fikricha buni Bushga Karen Xyuzdan boshqa hech kim ochiq ayta olmasdi.
Shundan keyin AQSh hukumati anti-amerikanizmga qarshi yagona strategiya ishlab chiqishga qaror qildi.
Xalq diplomati Yaqin Sharq axborot vositalarini kuzatuvchi guruh tuzdi. Islom dunyosi bo’yicha tahlilchi- maslahatchilar yolladi. Diplomatlar qaysi davlatda bo’lsa matbuotga gapirsin deya undadi.
"Hozir biz AQSh diplomatlariga har bir xalq bilan muloqot qil, matbuotga intervyu ber deyapmiz",- qayd etadi Xyuz.
Buning o’zi yetmaydi deya bong urayotganlar Karen Xyuzni og’ir lavozimdan qochqanlikda, ishni eplay olmaganlikda ayblamoqda.
"Amerikaning 60 yillik tashqi siyosati mahsulini men bir kechada o’zgartirib qo’ya olmayman", -deya javob beradi Xyuz xonim.
Pyu (Pew) global omma fikrini o’rganuvchi tashkilot tahlilicha musulmonlar orasida AQSh obro’si o’tgan ikki yil mobaynida yanada pasaygan.
Turkiyada, masalan, aholining atigi 12 foizi Qo’shma Shtatlarga nisbatan ijobiy qarashga ega.
Xalqaro mojarolar bo’yicha izlanuvchi Tomas Karoters nazarida "Biz sizning dardingizni bilamiz deyish yetmaydi. Odamlar amaliy o’zgarishlar istaydi. Nazarimda hozir xalqaro muloqot boshlandi".
Karen Xyuz ham maqsad muloqot boshlash edi deydi. AQShning navbatdagi xalq diplomati kim bo’ladi, noma’lum.
"Ammo baland dorga osilyapmizmi, demak arqon ham uzun, ish talay",- deydi Karen Xyuz.
Xyuz xonim siyosatdan sal chetlashib, oilasi bag’rida bo’lmoqchi. Biroq uni yaxshi biladigan siyosatdonlar taxminicha, Karen Xyuz sodiq respublikachi sifatida partiya xizmatida bo’ladi.
Vashingtonda Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha shug’ulladigan tahlilchi va mutaxassislar Karen Xyuz AQSh xalq diplomati sifatida mintaqa xalqlariga e’tibor qaratmadi va ularning ham musulmon ekanini va bu mintaqa ko’nglini ovlash ham strategik ahamiyat kasb etishini tushunmadi deydi.