Breaking News

Tahlilchilar AQSh musulmonlar bilan ko'proq aloqa qilsin deydi


AQSh tashqi siyosatida musulmon davlatlar bilan qanday aloqa qilish eng nozik masalalardan biri.

Mamlakatning tajribali diplomat va jahonga tanilgan arboblari nazarida bo'lajak prezident islom dunyosi bilan bog'lana olsa, ko'plab mojaro va nizolar barham topishi mumkin.

2001 yilgi terror xurujlari va 2003 yildan beri Iroqda davom etayotgan urush AQSh va islom dunyosi orasidagi taranglikni kuchaytirgan.

Musulmon jamiyatlarining aksariyatida AQSh hukumatiga qarshi kayfiyat kuzatiladi. Terrorga qarshi e’lon qilingan urush – islom diniga qarshi harakat sifatida talqin qilinadi.

Vashington qanchalik do’stona ruhda ish tutishga urinmasin, arab ommasi, masalan, Oq Uyni musulmonlarga qarshi siyosatda ayblaydi. Ayniqsa Isroil-Falastin mojarosiga kelganda, AQSh xolis emas, deydi ular.

Vaziyat og’ir, Amerika bugungi siyosatidan voz kechishi kerak, deydi taniqli arboblardan biri Deyvid Feyrman.

“Biz to’rt strategiya taklif qilyapmiz. Birinchisi, mojarolarga diplomatiya orqali yechim topish. Ikkinchisi, musulmon dunyosida fuqarolarning davlat boshqaruvidagi rolini faollashtirish. Diktaturadan voz kechib, demokratik hokimiyat asoslarini yaratish va rivojlantirish. Uchinchisi, ikki tomonga birdek foydali bo’lgan iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish, ish o’rinlari ochib, musulmon davlatlari bilan savdo aloqalarini tiklash. Va nihoyat jamiyat va xalqlar orasida o’zaro hurmat va anglash tuyg’usini shakllantirmoq lozim”, - deydi Feyrman.

Bu tashabbus AQShda prezident saylovlari yaqinlashayotgan bir paytda o’rtaga tashlanmoqda. Prezidentlikka nomzodlar - Barak Obama va Jon Makkeyndan bu takliflarni qabul qilish so’ralmoqda.

“Yangi saylanadigan prezident tashqi siyosatda bosh maqsad etib musulmon dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashni belgilashi lozim. Toki bu narsa lavozimiga kirgan kundan boshlab diqqat markazida tursin”, - deydi tahlilchi.

Ushbu tashabbusni yoqlayotgan faol muslima, Shimoliy Amerika Islom Jamiyati rahbari Ingrid Metsonga ko’ra, yangi strategiya musulmonlarning AQShga nisbatan g’azabidan tushiradigan vosita bo’lishi kerak.

“Eng muhimi bu ommaviy axborot vositalari. Ya’ni musulmon dunyosi AQShda qanday yoritilmoqda va shu o’rinda AQSh musulmon dunyosida qanday qiyofaga ega? Ijobiy ruhdagi, g’arazsiz siyosatni targ’ib qilmoq lozim. Avvalo hukumat emas, xalqlar bir-birini tushunib olishi lozim. O’zaro muloqotni kuchaytiraylik”, - deydi Metson xonim.

Ahmad Yunus Gallup tadqiqot markazi tahlilchisi. Musulmonlar o’rtasida so’rovlar o’tkazib turadi.

“Tavsiyalarni musulmon dunyosidan o’rgangan fikrlarga asoslab tuzdik. Ya’ni AQSh ular ko’nglini olishi uchun, tashqi siyosatida nimalarni o’zgartirishi lozim? Jamiyatlar bir-biriga yaqinlashishi uchun yo’l ochish kerak”, - deydi u.

Mazkur hisobot, deydi tahlilchilar, AQSh xalqi fikrini o’zgartirib, hukumatda islom dunyosiga nisbatan yangicha qarash shakllanishi uchun xizmat qiladi.

XS
SM
MD
LG