Breaking News

Ijtihodchi, islohotchi musulmonlar ko'paymoqda


G’arb nazarida kanadalik jurnalist, hozirda aktivist Irshad Manji - Osama Bin Ladenga bas kela oladigan muslima.

Irshad Manji musulmon dunyosini isloh qilish kerak deydi. O’z harakatini u ijtihod deya ta’riflaydi.

Ijtihod, arabchada "ijtihaad", tanqidiy fikrlash, tanqidiy-ilmiy tahlil demakdir.

Dinshunos olimlar nazarida ijtihod har bir musulmonning burchi, biroq uni yuritish hammaning qo’lidan ham kelavermaydi.

Buyuk irland adibi Jorj Bernard Shou “islom eng ulug’ e’tiqod, biroq musulmonlar eng yomon e’tiqod qiluvchilar” degan ekan. “Haqiqiy Islom” nomli kitob muallifi Shou XX asr o’rtasida vafot etgan.

Biroq XXI asrga kelib, musulmonlarga nisbatan bu kabi tanqidlar kuchaysa kuchaydiki, tingani yo’q. Musulmonlarning har bir hatti-harakati islom deb qaraladi.

Islomiy radikalizm, islomiy terrorizm, islomiy nafrat degan so’zlar ayrim islomshunoslar nazarida dinga nisbatan haqorat, sayoz fikrlashdir.

Biroq, deydi “Islomning bugungi muammosi” kitobi muallifi Irshad Manji, qabih ishlarni amalga oshirayotgan, xalqlarni taraqqiyotdan, farovon hayotdan ayirayotgan tomonlar islom nomidan gapirmoqda, uning bayrog’i ortiga yashirinmoqda.

"Dinni ular oyoq osti qilmayaptimi? Bugungi diniy ta’limot-u, tariqatlar o’sha yashirin kuchlar mahsuloti emasmi"? - deya so'raydi faol.

Irshad Manji aslida hindistonlik, musulmon oila farzandi. Afrikaning Uganda davlatida tug’ilgan, biroq Kanadada ulg’aygan.

"Musulmon sifatida asosiy vazifam e’tiqodimni o’rganish, uni savolga tutish, ko’r-ko’rona ibodat qilish emas. Qur’onda erkin fikrlang, so’rang deyilgan".

Irshad Manji ko’plab musulmonlar, dinshunos-u dindorlar tomonidan qattiq tanqid ostiga olinadi. Ular nazarida Irshad Manji G’arbning issiq qo’ynida o’tirib, musulmon dunyosi tarixi-yu madaniyatini tushunmay, ham islomni, ham musulmonlarni tanqid qilmoqda. Irshad Manji esa "musulmonlarni ijtihodga chaqiryapman", - deydi.

"Musulmon dunyosi bugun juda qiyin ahvolda. Yamandan tortib, Markaziy Osiyogacha, Indoneziyadan tortib, Yevropa-yu, Shimoliy Amerikagacha. Xo’sh, nega? Chunki biz bir-birimizga toqat qila olmaymiz, dunyoqarashimiz cheklangan; din va ilmga emas, shaxsga sig’inamiz. Vaholanki, Qur’oni karimda insonlar kamolotga intilsin, zamon bilan yashasin, bilim taraqqiyot kaliti deyilgan",- deydi Irshad Manji.

"Ijtihod so’zining ildizi arabcha jihod so’ziga borib taqaladi, ya’ni kurash demakdir",- deydi Imad-ad-Din Ahmad, "Erkinlik Minorasi" nomli tadqiqot markazi rahbari . "Ijtihod - qonun, qoida yoki nazariyani tushunish uchun ilmiy kurashish degani".

Imad-ad-Din Ahmad, astronomiya fanlari doktori, ilm-fan va islom hamda diniy ta’limotlar haqidagi kitob va ilmiy asarlari bilan tanilgan olimlardan.

"Islomshunoslar orasida balki biz to’g’ri e’tiqod qilmasdirmiz, balki islomni chuqur anglamayapmiz, zamon talablariga moslashish uchun dinimizni qayta tahlil qilish kerakdir degan fikrlar hukm suradi. Biroq bu ilmiy munozara bo’lishi shart. Ijtihod bu - islomni qoidalar asosida ilmiy metodlar orqali tahlil qilish. Aytmoqchimanki, musulmon dunyosi oldida turgan muammolar yechimini dinimizdan izlash".

Lekin, deydi olim Imad-ad-Din Ahmad, ijtihodga chaqirish uchun kishi muayyan bilimga va diniy ma’lumotga ega bo’lishi lozim.

"Ijtihod har bir musulmonning vazifasi. Tanqidiy fikrlash hamma uchun muhim",- deydi olim.

"Lekin chumchuq so’ysa ham qassob so’ysin degan gap bor. Ijtihodda ham shu. Dinni tahlil qilish uchun asos va isbot kerak".

Irshad Manji esa e’tiqodning hayotdagi aksiga e’tibor qaratadi.

"Musulmonlar ular yuzlashayotgan muammolarga tik qarash, ularni hal etish o’rniga aybni boshqalarga yuklaydi. Ma’suliyatni o’z bo’yniga olmay, undan qochadi. Balki shu bois dinimiz VII-VIII asrda qotib qolgandek tuyuladi. Qur’onda bunday yashash qoralanadi",- deydi Manji xonim.

Imad-ad-Din Ahmad esa ijtihodga chorlash hollari butun musulmon dunyosida kuzatilmoqda deydi.

"Ayrim ijtihodchilar to’g’ri tushuniladi, ayrimlari noto’g’ri. Shuni esda tutish kerakki, ijtihod har doim ham xalq istagan o’zgarishni olib kelmaydi. Ayrim hollarda salbiy, ayrim hollarda ijobiy. Saudiya Arabistonida Vahobiylar tariqati hukm suradi - islomning XVIII asrda isloh qilingan shakli. Malayziyada esa islom yordamida iqtisodiy taraqqiyotga erishildi. Bu ham islohot",- deydi olim.

Ijtihod eng yuksak cho’qqiga chiqqan payt, dinshunoslar fikricha, Ispaniyada musulmon imperiyasi hukmronlik qilgan davrda bo’lgan.

Diniy yetuklikka erishilgan; falsafa, ilm-fan va san’at qadrlangan, diniy bag’rikenglik va birdamlik barq urgan, deydi “Yo’qolgan Dunyo: O’rta Asrlardagi Ispaniyaning Ma’naviy Oltin Asri” kitobi muallifi Kris Launi.

"VIII-XV asrlar orasida Ispaniya ko’p zo’ravonlik va qabohatga guvoh bo’lgan. Biroq islom taraqqiyoti, uning ilmiy tahlili va amaliyoti qolaversa madaniyati taraqqiy etgan. Chunki tanqidiy fikrlashga yo’l berilgan. Musulmonlar ongiga ijtihod tushunchasi singdirilgan".

XII asrda Ispaniyada yashab o'tgan Abu al-Valid Muhammad Ibn Ahmad Ibn Rushd G'arbda qisqacha Averroz (Averroez) nomi bilan tanilgan. Ibn Rushd huquqshunos, faylasuf va tabib bo'lgan.

Aristotel ta'limotini chuqur o'rgangan va uni himoya qilgan arbob din haqiqatni aks ettiradi va din amaliyoti zamon hamda insoniyat taraqqiy etgan sari o'zgaraveradi deya bashorat qilgan.

Ko’plab islomshunoslar nazarida o’tgan ming yil ko’p jihatdan islom uchun qorong’u davr bo’ldi. Chunki ijtihod to’xtab qoldi.

Munozara va mushohada o’rnini mojaro va zo’ravonlik egalladi. Qisqa uyg’onishlar kuzatildi, biroq ular ildiz otmay toptaldi.

Shu sabab ham bugun ijtihod quvvatlanishi zarur deydi olim Imad-ad-din Ahmad. Biroq har bir musulmon o’zi va boshqalar oldida ma’suliyat his etmog’i muhim.

Irshad Manji esa islohotchi musulmonlar safi kengayadi degan umidda.

G’arbda islom taraqqiyotini o’rgangan Kris Launi fikricha ta’lim sifatini yaxshilash, so’z va fikr erkinligi hamda Qur’onu Hadisni mutolaa qila bilish, izlanish bunga zamin yaratadi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG