Breaking News

Amerika musulmonlari hayotdan mamnun, lekin tashqi siyosatdan norozi


Vashingtondagi masjidda namoz
Vashingtondagi masjidda namoz

AQShda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, bu mamlakat musulmonlari har qachongidan optimistik kayfiyatda, ammo tashqi siyosatdan norozi.

"Gallup" tashkiloti olib borgan ikki yillik so’rovda qatnashganlarning 60 foizi "ishim baroridan keldi" degan. Bu 2008-yildagi raqamlardan 19 foizga ko’p.

Vashingtondagi musulmon markazida
Vashingtondagi musulmon markazida

Buning sababi, balki iqtisodiy imkoniyatlarning yaxshilanganidir, deydi tadqiqotchilar.

So’rovdan ayonki, prezident Barak Obamaning musulmonlar orasidagi reytingi 80 foiz atrofida.

Lekin musulmon amerikaliklar huquq-tartibot organlari va armiyaga ko'pam ishonmaydi.

60 foizigina Federal Qidiruv Byurosiga ijobiy qarashini aytgan. Boshqa din vakillari orasida bu ko'rsatkich 75 foiz va undan yuqori.

Iroq va Afg’onistondagi urushlarga nisbatan salbiy munosabat ham aynan musulmonlar ichida kuchli. Ular AQShning bu boradagi siyosatini xato deb hisoblaydi.

Muhammad Yunus, "Gallup" tashkiloti vakili, izlanish xulosalarini shunday izohlaydi:

"Musulmon amerikaliklar bir so'z bilan aytganda - amerikaliklar. Ular uchun e'tiqod juda muhim, lekin mamlakat ravnaqi uchun ham qayg'urib yashaydi".

2001 yilning 11 sentabridagi terror xurujlari va undan keyingi murakkab vaziyatda musulmonlarga oson bo'lmadi.

Ammo oradan 10 yil o'tib, Amerika musulmonlari bu davlatning sodiq fuqarolari ekani ko'rinib turibdi, deya bildiradi "Gallup" markazi.

O'zligini ta'riflash so'ralganida, deydi Muhammad Yunus, ular dini va Qo'shma Shtatlarni birdek qadrlashini aytdi.

Boshqa din vakillari esa Amerikadagi musulmonlar terror guruhlaridan yiroq degan fikrda. Lekin musulmonlar terrorizmga qarshi ko'proq va ochiqroq gapirishi lozim degan qarashlar mavjud.

Tadqiqotchilar deydiki, Amerikada islom va musulmonlarni yoqtirmaslik hissini yengish uchun jamoatchilik va hukumat jiddiy choralar ko'rishi kerak.

Bu dindan xavfsirash yahudiylarga qarshi nafratni eslatadi, deydi Muhammad Yunus, "Gallup" tashkiloti vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG