Amerikada musulmonlarni bugun jamiyatning har bir jabhasida topasiz. Ilgari ular asosan savdo va oziq-ovqat sanoatida yoki tibbiyot va texnologiyada ko’p uchratgan bo’lsangiz, bugun ular huquqshunoslik va siyosatda ham o’z o’rniga ega.
Masalan Chikago shahar kengashiga saylanish uchun ayni damda yetti musulmon o’z nomzodini qo’ygan.
Ahmad Xon hindistonlik muhojirlar farzandi. Ota-onasining do’konida ishlab katta bo’lgan. Bugun nafaqat tadbirkor balki siyosiy faol hamdir. Chikago shahar kengashiga saylanmoqchi.
"Biz, musulmonlar, siyosat haqida ko’p gapiramiz, lekin mening nazarimda yondashuv haqida hech kim og’iz ochmaydi, ya’ni muammoga yechim taklif qilmaymiz. Mening e’tiborim shunda”.
E’tiqod va madaniyat, Ahmad Xon fikricha, muhim omillar.
"Men saylovoldi kampaniyasida va ommaviy axborot vositalarida chiqqanimda musulmon ekanimni ochiq aytaman. Qayerda ishlaganim, qaysi tashkilot a’zosi bo’lganimni yashirmayman. Hammasi oshkora"-, deydi u.
Ahmad Xon Chikago shahar kengashiga nomzod yagona musulmon emas. Ilgari shahar boshqaruvida musulmonlar bo’lmagan. Bu safar esa yetti nomzod bor.
Saylov kampaniyasida ishlayotgan Rima Ahmad nazarida musulmonlarning bu yerda o’z ovoziga ega bo’lish uchun vaqt yetgan.
"Tarixda birinchi marta Chikago musulmonlari aniq talab va takliflar bilan chiqmoqda. Ular ham shu jamiyatning ajralmas qismi ekanini e’tirof e’tib, shahar ijtimoiy va siyosiy hayotida muhim rol o’ynamoqchi”-, deydi u.
Rima Ahmad olib borayotgan loyiha Chikago musulmon ahlini saylovda qatnashishga undaydi, targ’ibot bilan band.
"Shahrimiz musulmonlari bor imkoniyatdan foydalanib, nufuzli lavozimlarga intilishi kerak. Oramizda katta universitetlarni tamomlagan, siyosiy zehni o’tkir, xalq orasida obro‘- e’tiborga ega insonlar talaygina"-, deydi faol.
Nomzodlardan yana biri, Mahmud Bambuyaniy - eronlik muhojir. “Dinim emas, bilimim va ishim bilan tanilganman”,- deydi u.
"Ezgu maqsad bilan harakat qilishi kerak. Men omadli insonman. Mahallada hurmatim o’zimga yarasha. Odamlar ismimga emas, qilgan ishlarimga baho beradi”.
Mahmud Bambuyaniy Erondan Chikagoga 1973 yilda ko’chib kelgan ekan.
2003 yilda uning hayotida fojea yuz berdi. Turmush o’rtog;i va qizlari Eronning Bam shahrida yuz bergan zilzilada halok bo’ldi.
Hozir u karate markazini boshqaradi. Og’ir kunlarda bu shahar ahlidan madad oldi. Chikago uchun xizmat qilishni hayotiy maqsadi deb biladi.
“Xalq ravnaqini ko’zlovchi ishlar qilmoqchiman. Safdoshlarim, meni quvvatlovchilar ko’p”.
Mahmud Bambuyaniy shahar kengashiga saylanish umidida yurgan ikki eronlikdan biri.
Nomzodlarning o’ziga ishonchi baland. Kasb-hunarli, ziyoli, omma orasida ancha tanilgan insonlar.
Lekin saylov bu saylov. Chikagodek yirik shahar hokimiyatida o’tirishni istagan kuchli amerikaliklar juda ko’p. Musulmonlar ham boshqalar qatori bellashishi, jamoatchilik ishonchini qozona olishi kerak. Yetti musulmon nomzoddan besh nafari ayol. Ular Maha Hasan, Nuha Hasan, Rola Usmon, Itedal Shalabiy ba Lina Ziyod. Saylov aprel oyida.