Breaking News

Kaliforniyada 11 musulmon talaba sudga tortiladi


Kaliforniya universiteti
Kaliforniya universiteti

Amerikaning Kaliforniya shtatida musulmon faollar mahalliy organlardan norozi. Los-Anjeles shahar prokuraturasi Kaliforniya Universitetida ta’lim oluvchi 11 talaba ustidan jinoiy ish qo’zg’agan. Ular bir tadbirda shovqin ko’tarib, halaqit berganlikda ayblanmoqda. Faollar nazarida esa talabalar musulmon ekanligi uchun ta’qib ostiga olinmoqda.

Kaliforniya musulmonlari nazarida mahalliy prokuror 11 talabaga asossiz ayblar qo’ymoqda. Musulmonlar kamsitilmoqda, deydi ular.

“Biz hammamiz bir bo’lib, bu ikkiyuzlamachilarni fosh etishimiz kerak. Musulmonlarga qarshi ishlar qilinayapti. Nega biz bunday diskriminatsiyaga jim qarab turishimiz kerak”?

Xussam Aylush Amerika-Islom Aloqalari Kengashi a’zosi. Musulmonlar haq-huquqlarini himoya qiluvchi hay’atda ishlaydi.

Gap bu yerda o’tgan yili Kaliforniya Universitetida Isroil diplomati nutq so’zlayotgan paytda o’z fikrini bildirib, tinch namoyish o’tkazgan 11 talaba taqdiri haqida ketmoqda.

Prokuraturaning bildirishicha Isroilning AQShdagi elchisi Maykl Oren nutqi qo’pol ravishda buzilgan va bu yoshlar yig’inga halaqit bergan. Tartib-qoidalarga rioya qilinmagani uchun, deydi tergovchilar, politsiya chaqirilgan. Talabalar binodan majburan olib chiqilgan.

Los-Anjeles shahar prokuraturasi Kaliforniya universitetida ta’lim oluvchi 11 musulmonni tartibni buzganlikda ayblamoqda
Los-Anjeles shahar prokuraturasi Kaliforniya universitetida ta’lim oluvchi 11 musulmonni tartibni buzganlikda ayblamoqda

Universitet rahbariyati shundan keyin bu yoshlar boshqaradigan tashkilot faoliyatini vaqtinchalik to’xtatishga qaror qilgan.

“Ular o’z fikrlarini bildirgan xolos”-, deydi Mutaz Hirzulla Isroil elchisi nutq so’zlayotgan damda unga qarshi gapirgan talabalardan birining otasi.

“Men o’g’limning jasoratiga qoyil qoldim. U men uchun qahramon. Agar uni qamoqqa tashlasalar ham u bilan faxrlanaman”, - deydi u.

Talabalarga qarshi qo’zg’atilgan jinoiy ish yakuniga yetmaganligi sababli ularni himoya qilayotgan advokat Rim Salohiy mijozlariga jurnalistlar bilan gaplashishni man qilgan.

"Bu – diskriminatsiya. Ular faqatgina musulmon bo’lgani uchun tergov qilinmoqda”.

Yig’inga musulmon talabalarni qo’llab-quvvatlash uchun jamoaning yahudiy va nasroniylar liderlari ham tashrif buyurgan.

“O’z fikrini erkin bayon etgan guruhni bosim ostiga olish, ularni erkin fikri uchun jazolashga urinish siz va biz qurishga harakat qilayotgan dinlararo totuvlikka, hamjihatlikka qattiq zarba beradi”.

Prokuratura xodimi Syuzan Shreder bu noto’g’ri gap deydi. Masala bu yerda so’z erkinligida emas, deydi rasmiy.

“Konstitutsiyaga ko’ra, har bir fuqaro erkin fikr bildirish huquqiga ega. Lekin biror odam qonuniy yig’in otkazib nutq so’zlasa, u sizga yoqish-yoqmasligidan qat’iy nazar, unga to’sqinlik qilish qonunga zid”.

“AQSh konstitutsiyasida so’z erkiniligi tushunchasi aniq ta’riflanmagan”.

Kaliforniya shtatidagi Loyola Universitetining huquqshunoslik fakulteti professori Aaron Kaplan bu ishda har bir detal muhim, deydi.

“Kaliforniya shtati qonunlariga ko’ra, biror yig’inda qarshi fikr bildirish yoki ma’ruzachi gaplariga qo’shilmaslik jinoiy ish qo’zg’atish uchun yetarli dalil emas. Qarshi taraf harakati oqibatida yig’in to’xtatilsa, unga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatilsa, bu boshqa gap”.

Prokuratura vakili Syuzan Shreder aynan shunday bo’lgan, deydi.

“Elchi janoblari nutqini bir necha bor kesishgan. Uning gapirishiga yo’l qo’yishmagan. 30 daqiqa davomida baland ovozda tinimsiz hayqirishgan”.

Kaliforniya shtatining qator universitetlaridan 100 dan ortiq professorlar mahalliy organlarga murojaat qilib, talabalarga nisbatan ochilgan jinoiy ishni bekor qilishni so’ramoqda. Tergov jamoatchilik keskinlikka olib boradi, bundan esa hamma birdek zarar ko’radi, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG