Amerikada musulmonlar orasida radikal kayfiyat kuchayib bormoqda degan xavotirlar hukmron bir davrda, Los-Anjeles shahar politsiya boshqarmasi buning aksini isbotlashga bel bog’lagan. Terrorizmga qarshi kurashda musulmonlarning hissasi katta, deydi mahalliy rahbarlar.
10 millionga yaqin kishi yashaydigan Los-Anjeles – AQShda eng ko’p musulmon aholiga ega shaharlardan biri. Taxminan 225 ming. Ularni politsiyachilar orasida ham topasiz.
Sharif Mursiy, Los-Anjeles ichki ishlar boshqarmasi rahbarining o’rinbosari.
“Bolalardan katta bo’lsang kim bo’lasan deb so’rasangiz, shifokor, muhandis, advokat yoki tadbirkor bo’laman deyishadi. Kamdan kam hollarda politsiyachilikni ma’qul ko’rishadi”,- deydi u.
Jihod Turk Janubiy Kaliforniyada yaxshi tanilgan musulmon yetakchi. Muhojirlarni ichki ishlar xodimlaridan qo’rqmaslikka undab keladi.
“Amerikaga keladigan musulmonlarning aksariyati ona yurtidagi diktatorlardan dod deb keladi. Ichki ishlar xodimlari u jamiyatlarda repressiv rahbarlarning asosiy quroli",- deydi u.
Sharif Mursiy muhojirlar va politsiya orasidagi munosabatlarni yaxshilashga harakat qilib kelmoqda. To’rt yildirki, maxsus loyihaga asoslangan holda, jamoatchilik bilan ishlab keladi.
"Odamlar orasidagi ishonchni mustahkamlash kerak", - deydi u.
“Ba’zi islomiy markazlarga borsangiz, bizdan qochishadi. Men ham musulmonman axir deyman. Biz bilan gaplashmaslikka, hatto ko’rishmaslikka urinishadi. Musulmonligimni bilsa ham, formamga qarab menga ishonmaydi. Meni zo’ravon, poraxo’r, johil bir xizmatchi deb o’ylashadi. Lekin bugun vaziyat ancha yaxshilangan”.
Sharif Mursiy masjid va musulmonlar boradigan boshqa maskanlarga politsiya bilan hamkorlik qilishni o’rgatmoqda.
O’zingizga va boshqalarga xavf soluvchi biror holni sezdingizmi, bildiring, deydi u. Politsiya hamma narsani ko’ra, seza olmaydi. Maqsad, xavfsizlikni ta’minlash.
Los Anjeles ichki ishlar boshqarmasi rahbari Leroy Baka deydiki:
“Federal Qidiruv Byurosi bilan olib borilgan tekshiruvlarning 10 tasida musulmonlarning yordami katta bo’ldi. Ular bizga juda muhim ma’lumotlarni vaqtida yetkazishdi. Chora ko’rdik, tahdid bartaraf etildi".
Sharif Mursiy mutaassiblik ortidagi asosiy sababni shunday izohlaydi:
“Jamiyatdan ajralib qolish, unga qo’shila olmaslik, undan begonasirash. Yakkalanish doimo mutaassiblikka olib boradi. Radikal fikrdagi odamlar bilan ishlash kerak”,- deydi u.
Jihod Turk nazarida AQShda musulmonlarga qarshi munosabat yoshlarni qabihlikka undamoqda.
“Tasavvur qiling, butun jamoa shubha-gumon ostida yashasa, yosh avlod yo’lini qanday topadi? Ular butun jamiyatdan nafratlana boshlaydi. Alamini qon to’kib olish haqida o’ylashi mumkin”,- deydi janob Turk.
Uning fikricha, musulmonlar Amerikaning ajralmas qismiga aylanishga harakat qilishi, boshqa fuqarolar esa aybni dindan emas, siyosiy-ijtimoiy muammolardan izlashi kerak.
Bugun Los-Anjeles ichki ishlar boshqarmasi ishlab chiqqan video dastur butun mamlakat bo’ylab qo’llanilmoqda. Programma politsiyaga musulmonlar bilan ishlashni o’rgatadi.
Muammolar talay, deydi Sharif Mursiy, lekin ular faqat musulmonlar bilan bog’liq emas. Jamoatchilikka mana shuni tushuntirish kerak.