Nasroniy, yahudiy va musulmon guruhlardan iborat koalitsiya AQSh Kongressida radikalizm mavzusida o’tgan tinglovni qoralamoqda.
Ular nazarida, Vakillar Palatasidagi ayrim qonunchilar Amerika islom ahliga asossiz ayblar qo’ymoqda.
Uch dindan chiqqan yetakchilar Kongressda yelkama-yelka turib, jurnalistlar bilan suhbatlashdi.
AQSh Cherkovlari kengashi vakili Maykl Kinnamon deydiki, bir necha odamning xatti-harakatiga qarab islomni ayblash adolatdan emas.
“Amerika o’z musulmon fuqarolariga shubha bilan qarashi faqatgina ekstremistik guruhlarga qo’l keladi. Bunday tinglovlar bilan al-Qoidaga bu mamlakatda odam yollashga ko’maklashyapmiz”, - deydi ruhoniy.
Muhokamalar AQSh Vakillar Palatasining ichki xavfsizlik bo’yicha qo’mitasida, uning raisi Piter King tashabbusi bilan o’tayapti.
King fikricha, musulmon yetakchilar o’z jamoalarida radikalizmning oldini olishga harakat qilmayapti. Ba’zi hollarda esa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikdan ham bosh tortishadi.
Shimoliy Amerika Islom Jamiyati rahbari Muhammad Hagmajid bu fikrlarga qo’shilmaydi.
“Men imomlik qiladigan masjid Federal Qidiruv Byurosi bilan ma’lumot almashadi. Buning natijasida qancha-qancha shubhali shaxslar hibsga olingani haqida qonunchi Piter King og’iz ochmadi”, - deydi Muhammad Hagmajid.
Dyuk oliygohi yaqinda o’tkazgan izlanish natijalariga ko’ra, bunday hamkorlik natijasida Amerikada o’nlab xurujlarning oldi olingan.
Diniy koalitsiya a’zolari deydiki, radikalizm haqida gapirganda Kongress musulmon jamoasini ajratib ko’rsatayotgani adolatdan emas.
Boshqalar nazarida esa, islom jamoasi imkoniyatdan foydalanib yoshlarni bu illatdan saqlash uchun amalda nima qilayotganini ko’rsatishi kerak.