Breaking News

Taniqli amerikaliklar hayotidan: Malkom "X" - murakkab shaxs



Malkom Eks (Malcolm X) - AQShda fuqaro huquqlari, tenglik uchun kurashgan namoyondalardan biri. U minglab odamlarni o'ziga ergashtira olgan, kuchli notiq va yetakchi sifatida tilga olinadi.

1925 yilda Nebraska shtatida nasroniy oilada dunyoga kelgan bu inson hayoti Amerika tarixining tahlikali bir davriga to'g'ri keladi.

Malkom Eks oq tanli amerikaliklarga nisbatan nafratini yashirmagan. Biroq qora tanlilar uni jafokash bir inson bo'lgan deb maqtab keladi.

Malkom Eks islomni qabul qilgach, ancha o'zgaradi. Lekin oradan ko'p o'tmay bir paytlar uning sirdoshi bo'lgan odamlar tomonidan otib o'ldiriladi.

O’z zamonasida isyonkor deb tanilgan bu inson o’ldirib ketilganiga shu kunlarda 45 yil to’ldi.

Bugun u qahramon. O’sha paytda qora tanlilarning yetakchisiga aylangan Malkolm, shaxs himoyasi uchun zo’ravonlikdan voz kechmaslik kerak qabilidagi da’vatlar bilan chiqqan.

Malkom Eks Chikago shahrida juda mashhur bo’lgan. AQShda uning nomi berilgan yagona oliygoh ham shu shaharda joylashgan.

Yaqinda Chikagoda bir guruh musulmon yoshlar Malkom Eksni yodga olib u haqda hujjatli film namoyish etishdi.

Malkom Eks 1930 yilda Detroit shahrida tashkil topgan, biroq bugungi kunda Chikagoda asoslangan “Islom millati” (Nation of Islam) nomli irqchi, radikal guruh yetakchilaridan biri edi.

Shamar Xemfill ismli yosh amerikalik fikricha Malkom Eks o’chmas iz qoldirgan.

"Malkom Eks odamlar u haqda aytgan maqtovlar yoki tanqidlardan ustun bir daho. U nafaqat biz – afro-amerikaliklar hayotida muhim ro’l o’ynagan, balki butun insoniyat uchun xizmat qilgan",- deydi bu yigit.

Malkolm Eks - murakkab shaxs edi. Achinarli bolalik, qashshoqlik, irqchilik qurboni, bezori... U bir necha yil panjara ortida o’tirib chiqqan.

Malkom islomni qabul qilgach familiyasini “X” harfiga o’zgartirgan. Malkom o’zini mazlumlar himoyachisi, haqiqat kuychisi deb bilgan.

Xemfill nazarida Malkom Eksning o’gitlari boqiy.

“Malkom Eks aziyat chekib, nolish befoyda der edi. Maqsad sari intilishni to’xtatmaslik lozim der edi. O’z huquqingiz uchun kurasha bilishingiz, tashabbusni qo’lga o’lishingiz kerak der edi. Bu gaplarni eshitib ilhomlanganman”,- deydi u.

Malkom Eks haj ziyoratidan keyin ismini al-Haj Malik al-Shabboz deb o’zgartiradi. U "Islom millati" tashkilotini tark etib, umumbashariy birodarlik va tenglikka da'vat qilishni boshlaydi.

1965 yilning fevralida Nyu-York shahrida birdamlik haqida ma’ruza o’qiyotgan Malkom Eks sobiq safdoshlari, radikal irqchilar tomonidan otib o’ldiriladi.

"Malkom Eks o’ziga xos inqilob qilgan", - deydi xonanda Taslima Jamila Firdavs.

“Malkom Eks adolat, erkinlik, tenglik va shaxsiy huquqlar uchun kurashgan mard amerikaliklardan biri. Bizga qarata "o’zingga ishon, nohaqlikka qarab turma" degan. U odamlarni loqayd bo’lmaslikka, ogohlikka undagan”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG