Breaking News

Barak Obamaga Nobel mukofoti topshirildi


Prezident Barak Obama bugun Norvegiya poytaxti Osloda unga atalgan Tinchlik uchun Nobel mukofotini qabul qildi. Obama AQSh tarixida bu yuksak unvonga sazovor bo'lgan to'rtinchi prezident.

Barak Obamaning Tinchlik uchun bu yilgi Nobel mukofotiga sazovor bo'lishi nafaqat ko'pchilikni, balki uning o'zini ham sarosimaga solib qo'ydi. Ayrimlar nazarida AQSh prezidenti hali hech bir ishni qoyillatgani yo'q, va'dalariga qaramay Guantanamo qamoqxonasini yopmagan, Amerika olib borayotgan ikkala urushni tugatish tugul, Afg'onistonga qo'shimcha 30 ming askar jo'natishga qaror qilgan.

AQSh rahbarining marosimda aytishicha, "o'tmishdagi boshqa laureatlarga o'xshab tinchlik yo'lidagi yutuqlarim mo'l emas".

"Adolat uchun kurashib, qamoqda o'tirgan, xo'rlangan yoki ayni damda jahon bo'ylab insonparvarlik ishlari bilan shug'ullanayotgan faollar bu unvonga mendan ko'ra munosibroq", - deydi Obama.

Amerika Afg'onistonga ataylab urush qilgani bormagan. Tolibon va al Qoida hujumiga uchragani uchungina kelajakda AQShga qarshi xurujlarning oldini olish uchun shunday qilgan. Achchiq haqiqat shuki, deydi Barak Obama, insoniyat urush balosidan hech qachon qutula olmaydi.

"Menda urush muammolarini hal qilish uchun yechim yo'q. Buning uchun urushga qarshi harakat qilgan tarixdagi ko'plab shijoatli insonlar kabi mehnat qilishimiz, fikrlashimiz kerak".

Ba'zida, deydi u, tinchlik o'rnatish uchun qurol ishlatish kerak.

"Davlat rahbari sifatida o'z mamlakatim himoyasi va mudofaasiga mas'ulman. Amerika xalqi tinchligiga rahna solayotgan tahdidlarga chetdan qarab tura olmayman. Yovuzlik dunyoda hali ham bor, yo'qolmagan", - deydi Obama.

AQSh rahbari tinchlik va irqiy tenglik uchun kurashib jonini fido qilgan, nozo'ravon harakat targ'ibchisi, Nobel mukofoti laureati, vatandoshi Martin Lyuter Kingning "zo'ravonlik davomiy tinchlik olib kelmaydi, yanada ko'proq muammolarni yaratadi" degan so'zlarini keltirib, ba'zida bu tamoyillar ish bermaydi dedi.

"Nozo'ravon harakat bilan Gitler armiyasini to'xtatib bo'lmasdi. Muzokaralar bilan al Qoidani qurol tashlashga ko'ndira olmaymiz. Ba'zida qurolsiz ish bitmaydi".

AQSh prezidenti jahonda yadro qurollari tarqalishiga qarshi harakat qilaman, Rossiya bilan yangi bitim tuzib, ommaviy qirg'in qurollari sonini tushiramiz, deydi.

"O'z xalqiga zulm qilgan va xalqaro qonunlarni buzgan hukumatlarga qarshi chora ko'rilishi kerak. Muammoga qurol bilan yechim topishni istamasak, Darfurdagi qatliomlar, Kongodagi muntazam zo'rlashlar, Birmadagi qatag'onlarga qarshi hamkorlikda harakat qilishimiz zarur", - deydi AQSh prezidenti.

AQSh tarixida Obamadan tashqari yana uch prezident Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan. Bular rus-yapon urushini tugatishga hissa qo'shgan Teodor Ruzvelt va AQShni Millatlar Ligasiga a'zo qilishga harakat qilgan Vudro Vilson. Jimmi Karter Nobel mukofotini prezidentlikdan ketgach, tinchlik jarayonlaridagi vositachilik roli uchun olgan. AQSh vitse-prezidentlaridan yolg'iz Al Gor Nobel laureati bo'lgan.

Barak Obama sovringa qo'shib beriladigan 1,4 million dollar pulni xayriya qilmoqchi.

XS
SM
MD
LG