Breaking News

Amerikada imomlarning yangi avlodi yetishmoqda


Amerikada imomlarning yangi avlodi yetishmoqda
Amerikada imomlarning yangi avlodi yetishmoqda




Amerikada musulmon aholi ko’payib bormoqda. Tabiiyki mulla, imomlarga ehtiyoj ham oshgan.

Biroq yosh avlod, amerikalik yosh musulmonlar xohish-istaklari boshqa. Bu yigit-qizlar majidlarga ko’proq talab qo’ymoqda.

“Televideniye, matbuot xohlaganini kuylashi mumkin. Odamlar ham ko’p gapiradi – ust-bosh, yegulik kabi mayda-chuydalar haqida. Vaholanki, odam ichki go’zallik haqida, iymon haqida o’ylashi kerak”, - deydi Odil Zeb, Vashingtondagi Amerika Universitetida imom.

<!-- IMAGE -->

Bu yigit tengdoshlariga islom mag'zini chaqib berishga harakat qiladi.

Uning aytishicha, AQShda aksariyat imomlar xorijdan. Ular mahalliy yoshlar bilan oson til topishib ketmaydi.

“Bu yerda biror odam mulla bilan gaplashmoqchi bo’ldi, deylik. Qarasaki, mulla chet ellik, tilni yaxshi bilmaydi, mintalitet boshqa",- deydi Odil Zeb.

Said Said Shimoliy Amerika Islom Jamiyatiga rahbarlik qiladi. U ham Amerika masjidlarida shu davlatda o’sib ulg’aygan imomlar kamligini aytadi. Lekin oxirgi paytlarda manzara o’zgarmoqda.

"Qur’onni yoddan bilgan, lekin odamlar ko’ngliga yo’l topa olmaydigan mullalarni ishga olmaymiz",- deydi u.

"Bu imomlar mahalliy sharoitni bilmaydi, tushunmaydi – Amerikadagi hayot ularga yot. Ayol va erkaklarI faol, raqobat hissi kuchli jamiyatda yashaymiz biz – siyosatda ham, dinda ham shu. Chetdan kelgan imom islom markazini ayol boshqarishiga ko’nikishi qiyin, albatta”.

Ko’p islomiy davlatlarda imom juma namoziga ko’z-quloq bo’lishdan nariga o’tmaydi. AQShda mullaning ishi mushkulroq.

Shayx Shokir al- Said Shimoliy Virjiniyada Dorul Hijra masjidini boshqaradi.

"Sizdan ham qozi, ham muallim, ham vositachi, ham psixolog bo’lish talab qilinadi. Odamlarga sizga hurmat bilan qaraydi, yechim kutadi – ham do’st, ham murabbiysiz. Ba’zida oila a’zosiday bo’lib qolasiz; og’a-iniday bo’lib qolasiz. Hammaning ko’zi sizda”,- deydi u.

Imom Shokir Alsaid 30 yil oldin Misrdan AQShga kelgan.

”Mullaning xizmat pillapoyasi ancha uzoq, mashaqqatli. Haqiqiy, obro’li imom bo’lib yetishib chiqish uchun kamida besh-sakkiz yil mehnat qiladi kishi. Boshqa davlatdan kelib, AQShda ishlayotgan peshvolar uchun qiyinroq. Ikki karra ko’p mehnat talab qilinadi”,- deydi u.

Yosh amerikalik musulmonlar nazarida peshvo dangal-dangal gapiradigan, uddaburon bo’lishi kerak.

“Imom Amerikadagi hayotni, bu yerdagi musulmonlar hayotini tushunishi kerak. Bo’lmasa, kim ham uning masjidiga boradi”? - deydi Tamim Avval, talaba.

“O’z yurtingda uzoq yillar yashagan, odatlarni bilgan odam bilan gaplashish osonroq. Xorijdan kelgan, bu yerdagi tartibga ko’nikmagan imom bilan nimani gaplashasan”,- deydi Asnam Ashraf ismli yosh amerikalik.


Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG