O'zga yurtda oyoqqa turish qattiq mehnat, sabr-toqat, keng dunyoqarash va optimizm talab qiladi |
Amerikada hozir O’zbekistondan aynan qancha odam yashayotgani haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Shunisi aniqki, minglab oilalar shu yerda tirikchilik qilib kun ko'rmoqda. Keyingi yillarda muhojirlar soni sezilarli darajada ko’paygan. Ayniqsa Ogayo, Missuri, Nyu-York, Florida, Virjiniya va Tennessi kabi shtatlarda.
Kimdir grin-karta, Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjat orqali kelgan, yana kimdir esa siyosiy tazyiqqa uchrab, bu yerdan boshpana olgan.
Bu mamlakat oliygohlarini bitirib, shu yerda ish topgan yoshlar ham anchagina.
Zarur hujjatlarsiz tirikchilik qilib yurgan o’zbekistonliklarni Qo’shma Shtatlar bo’ylab har yerda uchratasiz.
Amerikada turli davlatlardan chiqqan 12 milliondan oshiq immigrant mana shunday noqonuniy yo’llar bilan hayot kechiradi.
Ozodlik haykali, Nyu-York Amerika jannat emas, deydi muhojirlar, lekin harakat qilgan odam uchun imkoniyatlar keng. |
Muhojir oldidagi mashaqqatlar
“Amerika Ovozi”ning Vashingtondagi tahririyatiga tez-tez telefon qilib turishadi. Elektron pochta orqali ham har kuni qator maktublar olamiz.
Aksariyati Amerikaga kelishni istagan yoki bu yerga kelib qiyinchiliklar bilan yuzlashayotgan o’zbekistonliklar. Tabiiyki, yordam so'rashadi.
Javobimiz shuki, “Amerika Ovozi” – televideniye, radio va internet orqali axborot uzatadigan tashkilot ekan, vazifamiz - yangilikni yoritish, insonlarni qiynayotgan masalalarni ko’tarib chiqish, haqiqatning tagiga yetishga harakat qilish va shu orqali xalq og’irini yengil qilish.
Yaqinda Illinoys shtatida bir guruh o’zbekistonliklar bir kompaniya oldida namoyish qilayotgani haqida ma’lumot oldik.
"Ellikka yaqin vatandosh “Unlimited Carrier” degan yuk tashish korxonasiga ishlar edik",- deyishdi.
Chikago yaqinida asoslangan bu firma shtatma-shtat, uzoq masofaga mahsulot yetkazib beradigan tizim ekan. Muhojirlarning aytishicha kompaniya maoshni to'liq bermay ularni ishdan haydagan.
“Amerika Ovozi” muammo nimada deb surishtirganida, “Unlimited Carrier” vakillaridan “bu bir tushunmovchilik” degan javob oldik.
Shundan so'ng kompaniya sobiq ishchilarining dardini tinglagan va masala hal etilgan. Talab qilinayotgan haq uchun chek yozib berilgan.
Kompaniyadan aniqlashimizcha haydovchilar qisqa muddatga yollanadi. Ish haqi, imtiyoz va boshqa muhim jihatlar shartnomada aks etgan.
Til bilmaslik pand beradi, deydi Missuri shtatida yashayotgan Toshpo’lat Yo’ldoshev, o’zga davlat tizimi, mentaliteti va murakkab biznes muhitni tushunish oson emas.
“Ko’p narsaga o’zimiz aybdormizda… Kelganiga bir yil bo’lib ham ba’zilar tilni o’rganmagan. Hurmat til o’rganishdan boshlanadi”,- deydi u.
Amerikada hujjatlar joyida bo’lmasa, muhojir uchun ishlash imkoniyatlari cheklangan. Panada ishlab soatiga 7-8 dollar topish mumkin. Bu haftasiga nari borsa 350 dollar degani. Ijara, osh-ovqat, bolalarning o’qishi, sog’liq, kiyim-kechak uchun buning o’zi yetmaydi.
Tirikchilik yomon emas
Toshpo’lat Yo’ldoshevdek Amerikaga ikki oy burun kelib, hozirda til markaziga qatnayotgan va yangi hayotidan mamnun ziyoli fikricha, ko’p narsa muhojirning o’ziga bog’liq.
“Katta yuk mashinalari haydaydigan odamlar 4000-5000 dollar oylik olar ekan. Ovqatiga oyiga nari borsa 500 dollar ketadi, eng yaxshi, qimmat va sifatli ovqat yeganda ham. Qolgani turarjoy va transportga bemalol yetadi. Bu jihatdan Amerika juda yaxshi. Inson haq-huquqlari va qonuniy himoya ham yaxshi. Hech qanday tahqirlashning o’zi yo’q”,- deydi ziyoli.
Boshga tushganni ko’z ko’radi deyishadi. Har bir muhojirning o’z qissasi bor. Vatanimga qaytaman, bu begona bir yurt deb yurganlar ko’p.
Toshpo’lat Yo’ldoshev esa Qo’shma Shtatlarda uningdek muhojirlarga beriladigan imtiyozlardan, ijtimoiy himoyadan rozi.
“Mening o’zimga faqatgina ovqatlanish uchun oyiga 200 dollar berishadi. Amerika uchun bir kun ishlamagan bo’lsamda pensiya berishdi. To’la tibbiy sug’urtaga o’tganman. Avtobusda yurish tekin, uning uchun kartochka berishgan. Imtiyozlar ko’p. Endi bir xil odamlar, ular “Amerika yoqmadi” deydi. Menimcha til bilmaganidan, zerikkanidan. Lekin hayoti saviyasidan ular hech xafa bo’lishga asosi yo’q. Keyin Amerikaning hech kimdan qarzi ham yo’q. Shukur qilmaydigan, tabiatan hayotdan norozi odamlar bu yerda ham bor”,- deydi u.
Amerikaliklar mehmondo'st xalq
Ayrim muhojirlar ularga yordam bergan oilalar “bizni o’z diniga da’vat etmoqda” deb shikoyat qiladi.
Toshpo’lat Yo’ldoshev bunga guvoh bo’lmagan. O’z millatingiz, urf-odat va e’tiqodingizga sodiq bo’lsangiz, barakalla.
Lekin sizni o’z bag’riga olgan bu jamiyatdan shubhalanmang, deya maslahat beradi u.
“Chetdan kelgan odamlarni bu mamlakatga o’rganishini osonlashtirish uchun mahalliy oilalar ularni homiylikka olar ekan. Menga ikki oila homiylik qilmoqda. Shtatni aylantirishdi; konsertlarga, restoranlarga olib borishdi. Xushmuomala, odamlar bilan chiqisha oladigan odam bu yerda chetda qolib ketmas ekan. Unga hamisha e’tibor bo’lar ekan”.
Hayot dunyoning bu qismida ham quvonchu-tashvishlarga to’la. Yaxshilik va yomonlik bu yurtda ham yonma-yon yuradi.
Amerika millionlab hujjatsiz muhojirlar taqdirini qanday hal etish ustida anchadan beri bosh qotirib keladi. Haqiqat shuki, bu insonlar bir amallab oilasini, vatanida qolgan yaqinlarini boqmoqda. Eng muhimi, shart-sharoitni tushunib, bor imkoniyatdan foydalanib qolish.