Nyu-York shahri aholisining taxminan 40 foizi - chet elda tug’ilib, Amerikaga ko’chib kelgan muhojirlar. Ularning axborot va ma’lumotga bo’lgan chanqog’ini qondirish uchun shaharda 350 ta ommaviy axborot vositasi mavjud. Radio va televidenie stansiyalari ishlab turadi, gazeta va jurnallar chiqadi. Etnik axborot vositalari eng yaxshi materiallar uchun har yili Mustaqil matbuot mukofoti bilan taqdirlanadi.
Nyu-York shahar universitetining jurnalistika fakulteti binosi odatda talabalarga to’la. Yaqinda bu yerda etnik va mahalliy ommaviy axborot vositalarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Mukofotlardan biri xitoy tilida chiqadigan gazetaga berildi. 2001-yil 11-sentabr terror xurujlaridan keyin Jahon Savdo markaziga yaqin Chayna-taun - asosan xitoylar yashaydigan hududning taraqqiyoti haqidagi turkum maqolalari uchun.
Nyu-Yorkning Xarlem tumanida chiqadigan gazeta bir necha qora tanli talaba o’limini o’rgangan. U ham mukofotga loyiq topildi.
“Katta gazeta va jurnallar bunday voqealarni yoritmaydi. Jamoalar va immigrantlar hayoti ular uchun qiziq emas. Etnik axborot vositalari uchun esa qiziq va dolzarb,” - deydi “Haitian Times” gazetasi muharriri va universitet xodimi Garri Pyer-Pyer.
Bundan nafaqat immigrantlar, balki butun shahar foyda ko’radi, deydi u.
“Chunki zarur axborotga ega jamiyat kuchli va qudratli bo’ladi. Biz demokratik jamiyatda yashaymiz. Faol fuqaro bo’lishimiz kerak, axir hammamizning hayotimiz biri-birimizga bo’gliq”.
Nyu-Yorkda tug’ilib o’sganlar orasida ham chet tillarida chiqadigan gazeta-jurnallariga qiziqish katta. Fotima Shama shundaylardan. Uning otasi falastinlik, onasi esa braziliyalik.
“Onam har hafta Braziliyaning uchta eng katta gazetasini o’qiydi. Braziliyadagi vaziyatdan boxabar bo’lish onam uchun juda muhim. Men ham qo’shilib o’qiyman. Bu bilan portugal tilini esdan chiqarmayman,” - deydi u.
O’smirlar uchun mo’ljallangan bir gazeta xususiy universitetlarda beriladigan bilim sifatini tahlil qildi. Maqola muallifi - yaqinda maktabni bitirib universitetga kirish niyatida bo’lgan Marko Salazar.