Breaking News

Denver sudi: Jamshid Muxtorovga advokat tayinlanadi


Jamshid Muxtorov Kolorado shtatida yashagan. Turkiyaga ketayotgan paytda Illinois shtatining Chikago xalqaro aeroportida ushlangan.
Jamshid Muxtorov Kolorado shtatida yashagan. Turkiyaga ketayotgan paytda Illinois shtatining Chikago xalqaro aeroportida ushlangan.

O'zbekiston fuqarosi, 35 yoshli Jamshid Muxtorov islomiy jihodga aloqadorlikda ayblab, 21-yanvar kuni Chikago xalqaro aeroportida hibsga olingan edi.

AQSh Adliya vazirligi bergan ma'lumotga ko'ra, u Turkiyaga yo'l olayotgan bo'lgan. Illinois sudi qarori bilan Muxtorov Kolorado shtati Denver shahriga ko'chirilgan.

2-fevral kuni uni ilk bor sud oldiga olib borilgan.

Federal sudya Katlin Tafoya undan advokat haqida so'raganida, ayblanuvchi rafiqasi bilan gaplashish va himoyachi yollash uchun imkon berilmadi deb aytgan.

Muxtorov, shuningdek, huquq-tartibot xodimlari ustidan shikoyat qilib, "aybsizman" deya qayta-qayta ta'kidlagan.

Sudyaning bildirishicha, uning uchun advokat tayinlanadi. Muxtorov bundan minnatdor ekanini aytgan.

7-fevral kuni sud unga qo'yilgan ayblovlar va qanday qilib hibsga olinganini ko'rib chiqadi.

Muxtorov suddan umumiy kamerada, boshqa mahbuslar bilan o'tirish uchun ruxsat so'ragan. Ammo sudya bu iltimosni qondirmagan.

Kolorado shtatining Avrora shahrida yashagan va haydovchilik qilgan Muxtorov oilali, ikki farzandning otasi. Tergovchilarning aytishicha, u mutaassib qarashdagi inson bo'lib, jihod uchun jon berishga tayyor.

AQSh Federal Qidiruv Byurosining bildirishicha, 2007-yilda qochqin sifatida kelgan Muxtorovning elektron xatlaridan shu narsa ma'lum bo'lganki, u O'zbekiston hukumatiga qarshi kurashayotgan Islomiy Jihod Ittifoqi terrorchi tashkilotiga xayrixoh shaxs va bir necha boshqa ismlar ostida yashirin harakat qilgan.

Islomiy Jihod Ittifoqi terror tashkiloti sanaladi va ekspertlarning qayd etishicha, u O'zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan to'dalardan biri.

Asli jizzaxlik Muxtorov O'zbekistonda Islom Karimov tuzumiga qarshi bo'lgan. Aybdor deb topilsa, 15 yil qamoq jazosi va 250 ming dollar jarimaga tortilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG