16-mart kuni Filadelfiyada 45 yoshli o’zbekistonlik Baxtiyor Jumayev qamoqqa olindi. Federal Qidiruv Byurosining bildirishicha, u Islomiy Jihod Ittifoqiga aloqador shaxs.
Byuro bergan ma’lumotlarda Jumayev bu terror tashkilotiga moliyaviy yordam ko’rsatgan deya qayd etiladi. Agentlarning aytishicha, Baxtiyor Jumayev shu yilning yanvar oyida Chikago xalqaro aeroportida ushlangan 35 yoshli Jamshid Muxtorovning yaqin maslakdoshi.
Muxtorov ham terroristlarga aloqadorlikda ayblanadi va ayni damda uning ishi Kolorado shtati Denver shahridagi sudda ko’rib chiqilmoqda. Aybdor deb topilsa, har ikkisi 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
AQSh Adliya vazirligiga ko’ra, tergov hamon davom etmoqda. Jarayonni kuzatib turgan ekspertlar, ayniqsa jangari guruhlar faoliyati va radikalizm bo’yicha izlangan mutaxassislar federal prokurorlar nima iddao bilan chiqadi deya hayron.
Kristofer Svift (Christopher Swift) – huquqshunos hamda Markaziy Osiyodan chiqqan jangari kuchlarni yaqindan o’rgangan olim.
Amerikada yosh muhojirlar avval ham radikal harakatlarda gumon qilinib, hibsga olingan.
Yangi jamiyatga kelib unga o’rgana olmagan, mutaassib qarashdagi yoshlarni har yerda uchratasiz, deydi Kristofer Svift.
Uni ajablantirayotgan narsa shuki, federal agentlar Islomiy Jihod Ittifoqidek guruhlarga e’tibor qaratgan. Hozir asosan Pokiston shimoli-g’arbidagi tog’li mintaqada yashiringan va so’nggi yillarda ancha zarba yegan tashkilot bu. O’zbek jangarilar internetdagi saytlarida o’zini kuchli qilib ko’rsatishga harakat qiladi. Aslida esa, deydi tahlilchi, ular ko’plab a’zolaridan ayrilgan va doimiy quvg’inda.Aytish joiz, Islomiy Jihod Ittifoqini O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan jangarilar tuzgan. Asosiy maqsadi - O’zbekistondagi mavjud tuzumni ag’darib, nafaqat respublikada balki butun Markaziy Osiyoni o’z ichiga olgan islomiy tuzum o’rnatish. AQSh hukumati uni terrorchi tashkilot deb biladi. O’zbekistonda ular 2004-yildagi portlashlarda ayblangan. So’nggi yillarda Turkiya va Germaniyadagi ildizlariga bolta urilgan. Afg’onistonda Tolibon va Haqqoniylar to’dasi bilan hamkorlikda amerikalik askarlarga qarshi hujumlar qilgani haqida ma’lumotlar bor.
Amerika hukumati qo’lida bu yoshlarni terror guruhlari bilan bog’lovchi qanday konkret isbot-dalillar bor, hozircha bilmaymiz. Davlat xavfsizligi nuqtai nazaridan ular sir tutilmoqda. Lekin, deydi Kristofer Svift, prokurorlar sudga ularni ayon qilishi turgan gap.
Olimning kuzatishicha, bunday masalalar bilan shug’ullanadigan rasmiylarning ko’pi jangari guruhlar haqida yaxshi bilmaydi, ularni bir-biridan ajrata olmaydi.
“Mansabdorlarimiz bu to’dalarga global jihod tizimining bir qismi deb qaraydi va umumiy bir tushunchaga ega. Bu yoshlarni radikalizmga yetaklagan sabablarni tushunishi mumkin, ammo tashkilotlarning faoliyati, aloqa vositalari va tabiati haqida AQSh rasmiylari ko’p narsa bilmaydi”, - deydi Kristofer Svift.
AQSh Adliya vazirligi va Federal Qidiruv Byurosining e’tibori davlat xavfsizligida. Ular nazarida o’zbekistonlik bu yigitlar terror tashkilotlari bilan aloqa qilib Amerika tinchligiga raxna solgan va bu mamlakatga qarshi hujumlar qilinishi uchun hissa qo’shishga harakat qilgan. Sud uchun bu da’volar yetarli, deydi huquqshunos.
“Kimnidir o’ldirish maqsad qilinganining o’zi sudlash uchun arzigulik harakat. Shu jumladan, xuruj uyushtirish niyati bo’lgani ham”,- deydi olim. Prokurorlar buni sudga isbotlab berishi kerak xolos.Kristofer Svift Markaziy Osiyo va Afg’onistonga ko’p marta safar qilib, hukumatlar strategiyasi haqida mutasaddilar bilan suhbatlashgan. Jangarilar va ularning tarafdorlari bilan muloqot qilgan. Mintaqada ham rasmiylar terror guruhlari faoliyati haqida atroflicha ma’lumotga ega emas, deydi mutaxassis. Ularni farqlay olishmaydi, harakatlarini tahlil qilishmaydi, balki hammasini bir qolipda ko’rishadi va davlat xavfsizligi deb ko’r-ko’rona qarorlar qilishadi, deydi u.
Denverda sudlanayotgan Jamshid Muxtorov Amerikaga siyosiy boshpana olib kelgan. O’zbekistonda huquq faoli bo’lganini, hukumat bosim o’tkazganini aytgan.
U va Baxtiyor Jumayev O’zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkinmi? Hozircha hech kim javob bera olmaydi.
Alabama shtatida prezident Barak Obamani o’ldirmoqchi bo’lganlikda ayblangan o’zbekistonlik yigit Ulug’bek Qodirov atigi 22 yoshda. 2011-yilning yozida qo’lga olingan va shu yilning fevral oyida aybini tan olgan. Uning 30 yilga qamalishi kutilmoqda, lekin vatanga jo’natilmaydi.Kristofer Svift fikricha, Amerika hukumati bu shaxslarning shu yerda sudlanishini va aybdor deb topilgan taqdirda, shu yerda jazolanishini istaydi. Ularni O’zbekistonga topshirish bu insonlar qiynoqqa solinishi mumkin degani. 1954-yilda qabul qilingan Qiynoqlarga qarshi konvensiyaga binoan AQSh bunday qarorga kelmaydi, deydi huquqshunos, jinoyat nima bo’lishidan qat’iy nazar. Ayblanuvchilarning himoyachilari bu qonunni yoddan chiqarmaydi, deydi u.
Bu yoshlar ekstremist bo’lgan yoki bo’lmagan deb xulosa qilishga hozircha asos yo’q. Qonun oldida aybi isbotlanmaguncha, bu shaxslar jinoyatchi emas.
Shunisi aniqki, deydi Kristofer Svift, yo’lini yo’qotgan, hayotda o’rnini topa olmay, ayniqsa o’zga yurtga kelib yakkalanib qolgan, o’zini har joyda begona his etgan odamlar ko’p. Ayrimlar dindan malham topadi, ba’zilarga esa e’tiqodning o’zi yetmaydi, ular o’zgacha nufuz va kuch izlaydi. Zo’ravonlik ayrim hollarda ularga quvvat bag’ishlaydi. Radikalizmga yetaklaydigan sabablardan biri shu, deya tahlil qiladi Kristofer Svift.