Breaking News

Mujohiddin-i-Xalq: Terrorchi tashkilot emasmiz


Mujohiddin-i-Xalq shu qadar kuchli kampaniya olib borayaptiki, unga eng nufuzli amerikaliklardan tortib, eng oddiy fuqarolargacha ergashgan. Harakat o'zini Erondagi diniy tuzumga muxolif siyosiy guruh sifatida targ'ib qilmoqda.
Mujohiddin-i-Xalq shu qadar kuchli kampaniya olib borayaptiki, unga eng nufuzli amerikaliklardan tortib, eng oddiy fuqarolargacha ergashgan. Harakat o'zini Erondagi diniy tuzumga muxolif siyosiy guruh sifatida targ'ib qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar diqqat markazida turgan terror guruhlaridan biri bu Erondan chiqqan Mujohiddin-i-Xalq bo’lib, mana bir necha yildirki, G’arb davlatlari qora ro’yxatida.

Bu tashkilot aslida marksist-islomiy mafkurani olg’a surgan yoshlar tomonidan 1970-yillarda tuzilgan. 1979-yilda islomiy inqilobga hissa qo’shgan, lekin keyinchalik diniy tuzumning asosiy dushmanlaridan biriga aylangan.

Muhojiddin-i-Xalq qisqacha MEK nomi bilan ham tanilgan. Tashkilot o’zini terrorchi emas, muxolif guruh deb hisoblaydi. Amerika qora ro’yxatidan chiqishga urinmoqda.

Buning uchun Amerikadagi tarafdorlariga suyanmoqda. Mujohiddin-i-Xalq shu qadar kuchli kampaniya olib borayaptiki, unga eng nufuzli amerikaliklardan tortib, eng oddiy fuqarolargacha ergashgan. Harakat o'zini Erondagi diniy tuzumga muxolif siyosiy guruh sifatida targ'ib qilmoqda.

MEK yillar oldin terrorizmdan voz kechgan, maqsad tinchlik, deydi guruh vakillari. Lekin Amerika siyosatdonlari fikricha, bu safsata.

Murakkab tarix

“Mujohiddin-i-Xalq tarixi 1970-yillarga shoh davriga borib taqaladi",- deydi Pol Pillar, Jorjtaun Universiteti professori.

"Bu harakat o’zida marksist va islomiy jihatlarni aks ettirgan. Faoliyatini kapitalizm, aynan Amerikaga qarshi hujumlar bilan boshlagan. AQShning Erondagi diplomatlari va harbiylarini nishonga olgan”.

1970-yillarda Eronda tashkil topgan bu guruh marksist va islomiy mafkurani qorishtirgan. G'arbga qarshi harakat hisoblangan. Bugunga kelib, deydi a'zolar, yo'nalish tubdan o'zgargan. Bugun asosiy dushman - Erondagi islomiy tuzum.
1970-yillarda Eronda tashkil topgan bu guruh marksist va islomiy mafkurani qorishtirgan. G'arbga qarshi harakat hisoblangan. Bugunga kelib, deydi a'zolar, yo'nalish tubdan o'zgargan. Bugun asosiy dushman - Erondagi islomiy tuzum.
1979-yilda shoh taxtdan ag’darilib, dindorlar hokimiyatga kelganida guruh ularni yaqindan quvvatlagan. G’arbni qoralab targ’ibot olib borgan.

“Tehronda AQSh elchixonasi qamal qilinganida, Mujohiddin-i-Xalq diplomatlarni sudlab, qatl etish kerak deb chiqqan”.

1981-yilga borib esa guruh va tuzum orasidagi aloqalarga darz ketgan. Eron prezidenti va bosh vazirini o’ldirgan bomba hujumi Mujohiddin-i-Xalq ishi deb qaraladi.

Yevropaga qochgan guruh 1980-88 yillardagi Eron-Iroq urushida Saddam Hussayn yonini olgan.

1986-yilda ular Bag’dodda o’z lageriga ega bo’ladi.

1991-yilda Mujohiddin-i-Xalq Saddam Hussaynga shimoldagi kurdlar va janubdagi shialar isyonini kuch bilan bostirishda yordamlashadi.

1992-yilda esa guruh Eronning 13 davlatdagi elchixona va vakolatxonalarini portlatadi.

1997-yilda AQSh Mujohiddin-i-Xalq va yana 29 guruhni Xorijiy terrorchi tashkilotlar ro’yxatiga kiritadi. Britaniya va Yevropa Ittifoqi ham shu yo’ldan boradi.

2002-yilda esa Mujohiddin-i-Xalq Eronda yashirin atom inshootlari bor deya bong ura boshlaydi.

2003-yilda Mujohiddin-i-Xalq vakillari Bag'doddagi Ashraf lagerida qurolni tashlab, Amerikaga taslim bo'lgan
2003-yilda Mujohiddin-i-Xalq vakillari Bag'doddagi Ashraf lagerida qurolni tashlab, Amerikaga taslim bo'lgan
2003-yilda Amerika Iroqqa bostirib kiradi va Saddam Hussayn hokimiyatdan ag’dariladi. Mujohiddin-i-Xalqning Bag’doddagi jangchilari qurolni tashlab, Amerikaga bosh egadi.

2003-yilda, Fransiyada Mujohiddin-i-Xalq lideri Maryam Rajaviy va uning 160 tarafdori qo’lga olinadi. Ularga terrorizm ayblari qo’yiladi, ammo Rajaviy qo’yib yuboriladi.

Mujohiddin-i-Xalq hamon Iroqda o’z a’zolariga ega. Ular doimiy tazyiq ostida ekanini aytadi.

Tashkilotning Amerikadagi advokatlari insoniylik nuqtai nazaridan a’zolarning oilalariga rahm qilish kerak deydi. Mujohiddin-i-Xalq terror guruhi emas, deydi ular.

“Gap shundaki, bu harakatni terrorchi deb biz bu odamlarni eng oddiy huquqlardan ayirayapmiz. Ular terrorizmdan allaqachon voz kechgan”,- deydi Allan Gerson, tashkilot advokati.

Nufuzli amerikaliklar "terrorchi tashkilot" tarafdorlari

AQShning keksa diplomatlaridan biri Mitchell Rays fikricha, Mujohiddin-i-Xalqni qora ro’yxatdan chiqarish payti yetgan. Ular xavfli ekani haqida dalil-isbot yo’q, deydi u.

Bu fikrni olg’a surayotganlardan yana biri iste’fodagi general Richard Mayers, AQShning sobiq bosh harbiysi.

“Mujohiddin-i-Xalq – terror tashkiloti emas, bu oydek ravshan bizga”,- deydi u.

Mujohiddin-i-Xalq asosiy dushman deb Erondagi diniy tuzumni biladi
Mujohiddin-i-Xalq asosiy dushman deb Erondagi diniy tuzumni biladi
Tashkilot bunday nufuzli insonlarni ishga solib, Davlat departametini sudga berib, adolat talab qilishda davom etmoqda.

Lekin Amerika hukumati hali-beri pozitsiyasini o’zgartirmoqchi emas. Targ’ibot ishlariga Obama ma’muriyati parvo qilmayapti.

General Mayerz “Amerika Ovozi” so’raganida, tashkilotdan haq olganini rad etmadi.

Savol: "Mujohiddin-i-Xalq uchun gapirganingiz uchun pul to’lashdimi?”

General Mayerz: "To’lashdi."

Shunisi aniqki, Mujohiddin-i-Xalq AQShda taniqli siyosatchilarga har bir chiqishi uchun 25 ming dollar bergan.

Davlat departamenti bu masala yuzasidan tekshiruv boshlagan. Tafsilotlar oshkor etilmayapti, lekin Mujohiddin-i-Xalq manfaatini ochiq himoya qilganlar nishonda.

Huquqshunos ekspert Erik Ferrari deydiki, Mujohiddin-i-Xalq qanday qilib nufuzli odamlarni o’ziga qaratgani ko’pchilikni lol qoldirgan.

“Hamma hayron… Qanday qilib, bunday taniqli amerikaliklar terror tashkilotining yonini olayapti? Nega so’roqqa tutilmayapti?”

Tergov ostidagi siyosatchilardan biri - Demokratik Partiya yetakchilaridan Ed Rendell. Eronning ashaddiy tanqidchisi. Yana ikki arbob – sobiq Adliya vaziri Maykl Mukeysi va Federal Qidiruv Byurosi sobiq direktori Luis Friye. Tergov ishi shu qadar jiddiyki, ular kuchli advokatlar yollagan. Luis Friye Mujohiddin-i-Xalqni himoya qilgani uchun haq olmaganini aytmoqda.

Amerikaning ko'plab nufuzli siyosatchilari, masalan Demokratik partiya yetakchilardan Ed Rendell Mujohiddin-i-Xalq "terrorchi tashkilot emas" deydi
Amerikaning ko'plab nufuzli siyosatchilari, masalan Demokratik partiya yetakchilardan Ed Rendell Mujohiddin-i-Xalq "terrorchi tashkilot emas" deydi
Guruh advokatlaridan biri Stiven Shnibaum “Amerika Ovozi” bilan gaplashganida, bu amerikaliklar so’z erkinligiga ega, o’z siyosiy fikrini bildirgan, deydi. Qay tashkilot ekanining ahamiyati yo’q.

“Bu qanchalik nozik masala bo’lmasin, hatto siyosiy va xavfsizlik jihatdan eng qaltis bo’lsa ham, odamlar istagan guruh yoki tashkilot manfaati uchun gapirish huquqiga ega. Amerika fuqarolarining uzviy erkinligi bu”,- deydi Snibaum.

Mujohiddin-i-Xalq Amerika qo’ygan cheklovlarni buzgan deb chiqayotganlar ko’p. Moliyaviy sanksiyaga qaramay guruh amerikaliklarga pul uzatgan. Tomonlar javob berishi kerak, deydi ekspertlar.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton
Mujohiddin-i-Xalq mablag’ni boshqa shaxs va tashkilotlar yordamida bergan, ya’ni siyosiy kampaniya vositachilar orqali moliyalangan. Masalan, axborot vositalarida o’zini reklama qilgan, lekin ularda Mujohiddin-i-Xalq degan so’zni ko’rmaysiz. “Eron uchun Britaniya olimlari” degan gaplar bor.

Guruh ziyolilar, siyosatchilar va hatto jurnalistlarini ishga solgan. O’zini turli nomlar bilan tanishtirgan. Eron xalqi manfaatlari uchun gapirayotganini da’vo qilgan. Davlat departamenti bundan yaxshi xabardor ekanini bildiradi.

AQSh hukumati o'z pozitsiyasini o'zgartirmoqchi emas

Har kuni Vashington markazida, Davlat departamenti oldida namoyish. Plakat ko’tarib hayqirayotganlar Mujohiddin-i-Xalq tarafdorlari. Guruhni terrorchilar ro’yxatidan chiqaring deya talab qilishmoqda.

Bugunga kelib o’zini Eron Xalq Mujohiddin Tashkiloti deb atayotgan bu guruh a’zolari AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashib, dardini aytmoqchi.

2009-yilda federal sud Davlat departamentiga masalani qayta ko’rib chiqishni buyurgan. Nima uchun bu tashkilot qora ro’yxatda ekanini tushuntirish talabi qo’yilgan.

Allan Gerson, Mujohiddin-i-Xalq advokatlaridan biri, vazirlikni paysalchilikda ayblaydi.

Xo’sh, biror guruh nimaga asoslanib terrorchi tashkilot deya belgilanadi? Jorjtaun Universiteti professori Pol Pillar javob beradi:

Vashington tashkilot nomidan tinimsiz namoyishlar
Vashington tashkilot nomidan tinimsiz namoyishlar
“Agar muayyan bir guruh yoppasiga qon to’kib, zo’ravonlik qilib, terrorizmga berilsa va bu AQSh manfaatlariga bevosita va bilvosita tahdid solsa, bizning qonunlarimiz uning qora ro’yxatga tushishini talab qiladi. Ular man etiladi”.

Aynan mana shu qonunga binoan, deydi Mujohiddin-i-Xalq advokati Stiven Shnibaum, guruh qora ro’yxatdan chiqarilishi kerak.

“Chunki, bu tashkilot terrorizmga berilmagan, buning uchun na salohiyati va na maqsadi bor. Mujohiddin-i-Xalq zo’ravonlik qilmaydi, uni targ’ib ham qilmaydi. Qani, Amerika hukumati uning terrorchi ekanini isbotlab bersin. Aksincha, ular sukutda”.

Mujohiddin-i-Xalq tinchlik tarafdori ekaniga yaqqol misol, deydi uning advokatlari, 2003-yilda AQSh kuchlari tashkilotning Bag’doddagi qo’rg’oniga kirganida, a’zolar qurol-aslahani topshirib, taslim bo’lgan. Terrorizm va zo’ravonlikdan yuz o’girganini aytgan va tinchlik yo’lida xizmat qilishga so’z bergan.

Lekin Vashington siyosatida qat’iy. Siyosiy chiqishlar, targ’ibot, hatto uni eng mashhur amerikaliklar olib borsa ham, biror natija bermayapti. Xillari Klintonga yozilgan murojaatnoma va ochiq xatlarga raddiya javobi berilmoqda.

Ayrim tahlilchilar nazarida AQSh Eron bilan atom dasturi yuzasidan til topishish umidini yo’qotmagan. Parda ortida diplomatik harakatlar avjida ekan, Mujohiddin-i-Xalqqa nisbatan siyosat o'zgarmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG