Breaking News

Internetda nafrat-adovatni targ’ib qiluvchi saytlar ko’paygan


Internet Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi inqiloblarda muhim rol o’ynadi, odamlar o’rtasidagi muloqotda tub burilishlar yasadi. Lekin undan yaxshi-yomon maqsadlarda turli guruhlar ham foydalanmoqda. Bir tadqiqot natijasiga ko’ra, internetda terror va nafrat-adovatni targ’ib qiluvchi saytlar ko’paygan.

Simon Wiesenthal markazi 15 mingdan ziyod veb saytlarni tekshiruvdan o’tkazib, “Raqamli terrorizm va nafrat” nomli tahlilnoma chiqargan. Xulosa shuki, internet forumlari terrorchilar uchun boy axborot manbai.

Markaz tahlilchisi Rik Itonning aytishicha, bu forumlarda portlovchi moddalar, masofadan turib portlatish bo’yicha dars va qo’llanmalar, telefon detonatorlari va raketalar haqida gap boradi.

Odam o’g’irlash va jinoiy to’dalarni boshqarish bo’yicha ham saboq beriladi.

“Bunday faoliyat ko’pincha siyosiy falsafaga o’ralgan bo’ladi. Hujumlarni qanday amalga oshirishni, qayerda va kimga qarshi ijro etishni ham o’rgatishadi”, - deydi Rik Iton.

Internetda terror va nafratni targ’ib etuvchi saytlar haqidagi hisobot 14 yildan beri chop etiladi. Huquq-tartibot idoralariga foydalanish uchun ilk bor havola etilmoqda.

Itonning aytishicha, internetdan terror maqsadlarida foydalanishni dastlab al-Qoida boshlab bergan. Bugun boshqa guruh va shaxslar bu ishni davom ettirmoqda. Fransiyada bir necha yahudiyning o’limida gumon qilingan va keyinroq politsiya bilan otishmada o’ldirilgan Muhammad Mira al-Qoida a’zosi ekanini da’vo qilgan edi. Guruhga aloqador saytlar uni keyin olqishlab chiqdi. Ushbu fojeadan so’ng Fransiyada terrorchi saytlarni o’qiydigan odamlarni jinoiy javobgarlikka tortish haqida muhokama ketmoqda.

Simon Wiesenthal huquq tashkilotida yahudiy peshvo Abraham Kuperning aytishicha, nafratni targ’ib etuvchi saytlar, asosan, diniy ozchilik guruhlarni ta’qib qiladi.

“Odamlar o’z uylarini bexavotir tark etib, tinch ibodat qilib kelish imkoniyatiga ega bo’lishi kerak. Afsuski, AQShdagi jinoyatlarni olasizmi yoki Nigeriya va Misrda nasroniylarga bo’layotgan hujumlarda, qolaversa Iroq, Afg’oniston va Pokistonda millionlab odamlar qurbon bo’lmoqda”, - deydi dindor.

Sunniylar va shialar o’rtasida adovat qo’zg’aydigan internet saytlar ham bor. Kuper nazarida, qonunlar bilan ish bitmaydi. Muammoga yechim topishda jamoatchilik, ayniqsa yoshlarni va ota-onalarni ham jalb qilish kerak.

Internet kompaniyalarining ishtiroki ham o’ta muhim. Masalan, “Facebook” mutasaddilari biz bilan uchrashib, fikrlarimizni tinglashdi va ularni inobatga olishga va’da berishdi, deydi Kuper. Uning nazarida boshqa saytlar, deylik, “YouTube” bu masalaga e’tiborsiz.

"Youtube”dagi bir videoda pokistonlik bolalar o’zini portlatishni o’yin qilib ko’rsatishadi. Bir-biri bilan xayr-xo’shlashib, o’limga otlanganini va politsiyachi tomonidan to’xtatilganda, o’zini chang-to’zon orasiga olib go’yoki portlatganini mahorat bilan ifodalashgan”, - deydi u.

“Facebook” va “Youtube” qoidalari nafrat va zo’ravonlikni targ’ib etuvchi materiallarni taqiqlasa-da, ushbu saytlarda so’z erkinligining kafolatlanishi ham belgilab qo’yilgan.

“Twitter”da esa muammo yanada chigal. AQSh va boshqa davlatlar tomonidan terrorchi guruh deya e’lon qilingan, Somalida asoslangan al-Shabab guruhi a’zolari o’zaro aloqa uchun “Twitter”dan foydalanishgan.

Huquq faoli Abraham Kuper fikricha, nafrat va terrorizmga qarshi kurashda diniy yetakchilar o’zaro muloqot olib borishi lozim.

“Muammo umumiy ekanini tan olib, birgalikda, jamoa bo’lib harakat qilsak, natija bo’ladi. Chunki bu odamlar hech kimni yoqtirmaydi. Yahudiylar, musulmonlar, muhojirlar, besoqolbozlar… hamma birdek nishonda”, - deydi u.

Global tarmoq hamma uchun ochiq ekan, terrorchi guruhlarga aloqasi bo’lmagan shaxslar ushbu saytlardan ilhom olib, yakka holda zo’ravonlikka qo’l urushi yanada tashvishlidir. Chunki huquq-tartibot idoralari uchun ularni aniqlash oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG