Dunyodagi eng yirik ijtimoiy muloqot tizimi, internet olamidagi eng muvaffaqqiyatli bizneslardan biri deya qaralgan “Facebook” aksiyalarini bozorga chiqarmoqchi. Hozircha faqat 5 milliard dollarga teng qimmatbaho qog’oz sotiladi.
Hukumat hozir “Facebook” ning moliyaviy hujjatlarini ko’rib chiqmoqda. Uch oy ichida aksiyalar pullana boshlashi mumkin.“Facebook” jahon bo’ylab 800 milliondan ziyod a’zoga ega. Internetda eng ko’p kiriladigan ikkinchi sayt. Birinchi o’rinda – “Google”.
2010-yilda Gollivud ishlagan "The Social Network" (Ijtimoiy Tarmoq) filmi "Facebook"ni butun yer yuziga tanitgan edi.
Boshqa ko'plab axborot vositalari singari "Amerika Ovozi" ham u yerda o'z sahifasiga ega.
2011-yilda 1 milliard dollar sof daromad qilgan “Facebook” eng boy kompaniyaga aylanmoqchi.
Moliyaviy tahlilchi Anupam Palit deydiki, muloqot tizimlari orasida hech biri jahon bozorida “Facebook” bilan tenglasha olmaydi.“Bu borada “Facebook” eng yirigi va u boshqa barcha kompaniyalardan ajralib turadi. Hozirgacha moliya bozorida unday biznesni ko’rmaganmiz. Daromad yomon bo’lmaydi”.
“Facebook” hozirda 50-100 milliard dollarga teng deya baholanadi. Asosiy daromadi reklamadan.
Har kuni unga 1 milliardga yaqin odam kirib chiqadi, deydi Deyvid Kirkpatrik, "Facebook" haqida kitob yozgan mutaxassis.
“Bu kompaniya aksiyalari eng qimmati bo’ladi deb hech kim kafolat bermaydi, biroq u qimmatbaho qog’ozlarini taklif qilayotgan eng katta internet biznes”.Aksiya bozoriga “FB” belgisi bilan chiqishi kutilayotgan kompaniya asoschisi Mark Zukerberg 27 yoshida dunyodagi eng boy insonlardan biri.
Sarmoya banklari “Facebook” aksiyalarni sotib olishga oshiqmoqda. Buning ajablanarli joyi yo’q, deydi Jim Oshagnessi, “Uoll Strit”da tanilgan investor.
“Internetdagi katta kompaniyalar aksiya bozoriga ilk bor kirganida qiymati yuqori baholanadi, lekin ozgina vaqt o’tib arzonlashib ketadi. Chunki boshida hamma vahima ko’taradi. Keyin esa hamma hovuridan tushib, bozorga qarab xulosa qila boshlaydi. Biz odatda sarmoyadorlarga shoshmaslikni maslahat beramiz. Bir yil ichida ko’p narsa ma’lum bo’ladi”.Haqiqatdan ham 2011-yilda aksiya bozoriga chiqqan internet kompaniyalar – “LinkedIn”, “Groupon”, “Zynga”, “Pandora” va “HomeAway” bahosi bir yil ichida o’rtacha 25 foizga pasaydi.
Lekin 2004-yilda “Google” qimmatbaho qog’ozlarini sota boshlaganida bir aksiya 84 dollar edi. Bugun u global tarmoqning qiroli. Har bir aksiyasi 600 dollar.Sarmoyachi tavakkal qilib daromad oladi. Shunday ekan, “Facebook” aksiyalari uchun pulini sanab o’tirganlar ko’p.
Dunyodagi eng ommabop saytlardan biri moliya bozorida nima yangiliklar qiladi, buni vaqt ko'rsatadi.
"Amerika Manzaralari" dasturidan: