Breaking News

Facebook - global tarmoqdagi ommabop aloqa vositasi


Bugun hayotni internetsiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Savdo-sotiq yoki sayohat qilmoqchimisiz, bilim olmoqchimisiz, kasbingizni o’zgartirmoqchimisiz yoki jamoatchilik fikri bilan yaqindan tanishmoqchimisiz, do’st-yor orttirmoqchimisiz, internetda buning uchun keng imkoniyatlar muhayyo.

Albatta global tarmoq har jihatdan ishonchli vosita emas. Ba’zilar unga turmushga tahdid soluvchi tizim sifatida ham qaraydi.

Lekin shuni rad eta olmaymizki, internet cheksiz virtual dunyo. Undan qochish oson emas. Uydan chiqmasdan dunyoning narigi chekkasidagi do’stingiz yoki oila a’zoingiz bilan suhbatlashishingiz, ma’lumot almashishingiz mumkin.

Ommabop sahifalar kundan-kunga ko’payib bormoqa. Shulardan eng mashhuri Facebook bo’lib, bugun bu aloqa tizimiga 500 million odam a’zo.

Facebook - virtual dunyoda yuzma-yuz kommunikatsiya. Bugun ayrimlar usiz yashay olmaydi. Boshqalar bilan hayotda emas, aynan shu yerda ko’rishib gaplashadi.

Bu ommaviy muloqot sahifasiga yarim milliard odam kiradi. Yetti milliard odam yashaydigan kurrai zamin uchun katta raqam. Agar Facebook bir yaxlit mamlakat bo’lganida edi, u aholi soni jihatidan Xitoy va Hindistondan keyin 3-o’rinda bo’lar edi.

Facebook-ka har soniyada sakkiz kishi a’zo bo’ladi, deydi bu tizimga asos solgan yosh amerikalik Mark Zukerberg.

“Facebook odamlarga ko’proq do’st orttirish, ular bilan ma’lumot almashish imkoniyatini yaratdi. Dilingizdagi gapni ochib sochasiz. Ijtimoiy muloqot. Zamon o’zgarmoqda”, - deydi Zukerberg.

O’zgarganda ham qandoq. Veb sahifa odamlarning shaxsiy ma’lumotlari bilan to’la. Yangi farzand dunyoga kelgani, bitirish kechasi, to’y-ma’raka, hatto ajralishlar ham. “Facebook” o’tirib, dunyo ishlari bilan tanishaverasiz.



Lekin ehtiyot bo’lish kerak. Biror narsa yozishdan oldin o’ylab ko’ring, deydi mutaxassislar, ayniqsa agar ish qidirayotgan bo’lsangiz.

Facebook a’zolari har oy o’rtacha hisobda 70 marotaba shaxsiy informatsiya ulashadi.

Facebook aslida universitet talabalari uchun muloqot sahifasi sifatida ishga tushgan. Bugunga kelib butun dunyoni qamrab oldi, deydi Jorjtaun Universitetida kompyuter savodxonligidan dars beruvchi Maykl Nelson.

“Korxona rahbarlaridan tortib, uy bekalarigacha, hatto siyosatchilar ham shu yerda. Pensionerlarni aytmaysizmi”.

Lekin hamma ham internet orqali do’st orttirish yoki aloqani ma’qul topmaydi.

“Ko’cha kuyda yuzma-yuz tanishib, gaplashishga nima yetsin? Internetda do’st qidirish achinarli hol”, - deydi ba’zilar.

Facebook siyosatchilar uchun kuchli bir qurolga aylangan. 2008 yilgi saylov kampaniyasida prezident Barak Obama bu tizimdan shu qadar yaxshi foydalandiki, millionlab yosh saylovchilar unga ergashdi.

Bugun dindorlar ham, hatto Rim Papasi Benedikt XVI bu yerda sakkiz tilda o’z izdoshlari bilan aloqa qiladi. Axborot vositalari uchun ham qulay. Odamlar bilan ma’lumot almashish oson bo’lib qolgan.

“Mahalliy tadbir va yangiliklardan tortib, shaxsiy xabarlargacha, hammasi Facebook-da. Odamlar, jamoalar, guruhlar bir-biri bilan bog’langan”, - deydi professor Maykl Nelson.

Yangi texnologiya ma’lumot olish va uzatish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Lekin undan qanday foydalanish insoniyat zehni va vijdoniga havola. Xato qilsangiz, xuddi hayotda bo’lganidek, virtual dunyoda ham pand yeysiz.

“Amerika Ovozi” o’zining Facebook sahifasi orqali dunyoning turli burchaklarida yashayotgan muxlislari bilan bog’lanadi. Ular biz tarqatayotgan axborot va ma’lumotlar bilan muntazam ravishda tanishib borishi, o’z fikr-mulohazalarini bildirishi mumkin.

Facebook a’zosi bo’lsangiz, “Amerika Ovozi” bilan aloqaga kirishni unutmang.

XS
SM
MD
LG