Internet texnologiyalar jahondagi eng yopiq jamiyatlar qatorida ko’rsatilayotgan Markaziy Osiyoga ham tobora chuqurroq kirib boryapti, xalqlarni bir-biriga bog’layapti.
Ayniqsa yoshlar uchun internet chetdagi o’zgarishlardan boxabar bo’lishning asosiy vositasi. Qirg’iziston janubidagi yigit-qizlar u orqali o’z mahallasidagi vaziyat haqida dunyoni xabardor qilishga, fikr almashishga va do’st orttirishga harakat qiladi.
Ko’pchilik yoshlar o’z hayotini internetsiz tasavvur qila olmaydi. O’shlik yosh mutaxassis Eldorbek ham ko’p vaqtini kompyuter qarshisida o’tkazadi.
“Juda ko’p ishlataman, har kuni desa ham bo’ladi. Qulayligi, hozir internet klublar ko’paygan. Telefonda ishlatsa bo’ladi. Istagan joyingizdan qo’l telefoni orqali internetga kirishingiz mumkin. Yangiliklarni o’qiy olasiz”, - deydi u.
“Internet klublarda soati 25-30 so’m, ba’zi joylarda 40 so’mga ham chiqib ketgan”.
Aksar yoshlar butunjahon aloqa tarmog’idan axborot olish uchun foydalanadi.
“To’rtinchi kurs jurnalistika fakulteti talabasiman”, - deydi yana bir suhbatdoshimiz. “Internet hozir eng yaxshi aloqa vositasi. Yangiliklarni bilishingiz mumkin. O’zingiz haqida ma’lumot berishingiz, boshqalar haqida ma’lumot olishingiz mumkin. Referat yozishda ham qo’l keladi”.
Eldorbek deydiki, yoshlarning internetga qiziqishi yil sayin oshib bormoqda, lekin chatxonalarda o’tirganlar va o’yin o’ynab vaqtini o’tkazadiganlar ham ular orasida ko’pchilik.
Qirg’izistonda internet ancha rivoj topgan va erkin aloqa tarmog’i, deydi mutaxassislar. Eldorbek bu fikrlarga qo’shilgan holda, bu sohadagi qator muammolarni sanab o’tadi.
“Ulanish qulay, lekin qimmatroq. Hech qanday to’siqlar yo’q. Ba’zida bo’ladi, sizga kerakli saytlarga kirolmay qolasiz. Ba’zi saytlardan registratsiya qilib, pul to’langanidan keyingina ma’lumot ola olasiz”.
O’zbekzabon saytlar Qirg’izistonda u qadar ma’lum va mashhur emas. Buning o’ziga xos sabablari bor.
“O’zbekcha saytlarga kirib turamiz, yangiliklarni o’qib turamiz”, - deydi suhbatdosh. “Sifatiga kelsak, yaxshisiyam bor, sifatsiz saytlar ham bor”.
Qirg’izistonda internet iste’molchilari tarmoqda biror cheklov yoki senzuraga duch kelmaganini aytishadi.
“Senzura chatga kirib qolsangiz bo’lishi mumkin. Yangilik beradigan saytlardan ochiq ma’lumot olsa bo’ladi, senzura yo’q”, - deydi Eldorbek.
Yoshlarning internet xizmatlaridan ko’proq va kengroq foydalanishi uchun nima qilmoq zarur?
“Internetni rivojlantirish uchun narxlarni pasaytirish kerak, chunki 30 so’m yoshlar uchun, studentlar uchun qimmat. Bir o’tirib, bir haftalik pulni ishlatib yuborish mumkin. Qancha arzon bo’lsa studentlarga shuncha yaxshi bo’lardi”.
Oxirgi yillarda Qirg’izistonda tezkor internet ham yo’lga qo’yilgan, lekin u ham talaba uchun qimmat.
“Biror joyda ishlasa, uyda ulasa bo’ladi. Student uchun oyiga 40-50 dollar tezkor internet uchun to’lash qiyin”.
Mulozimlar aholini arzon internet xizmati bilan ta’minlash loyihalari borasida bot-bot so’z yuritadi. Qirg’iziston Ta’lim vazirligi maktab o’quvchilariga oddiy planshet kompyuterlari yetkazib berish g’oyasini ko’targan.
Mahalliy mutaxassislar bu kabi rejalarni amalga oshirish uchun yirik mablag’ darkorligini urg’ulaydi.