Breaking News

Qirg’iziston janubida yangi teleradio ochilishi kutilyapti


Sovet Ittifoqi parchalanib, yangi mustaqil respublikalar vujudga kelgach bu jamiyatlarda mustaqil radio va televideniye rivoji yo’lida hissa qo’shib kelayotgan xalqaro tashkilotlardan biri bu Internyus (“Internews”).

Yangi avlod jurnalistlarini tayyorlash va malakasini oshirish bobida katta ishlarni amalga oshirgan.

AQShda asoslangan bu muassasa O’zbekstondan siyosiy bosim ostida 2004-yilda chiqib ketgan. Yopiq jamiyat bo’lmish Turkmaniston ularga hech qachon eshigini ochmagan.

Lekin Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda bu tashkilot nafaqat poytaxtlarda balki mamlakat bo’ylab turli dasturlar olib boradi. O’sh viloyatida yaqinda yakunlangan kurslarda qatnashgan yoshlar “Internews” dan minnatdor.

Tashkilot Qirg’iziston hukumati bilan hamkorlikda janubda “Intimak”, ya’ni “Birdamlik” deb nomlangan teleradiokompaniya ochish niyatida.

O’shdagi yosh jurnalistlar maktabi “Internews Network” tashkiloti ajratgan navbatdagi grant hisobiga uyushtirilgan. 15 kunlik darslarga mahalliy universitetlarning jurnalistika fakulteti bitiruvchilari hamda jurnalistika sohasiga qiziqqan bir guruh yoshlar qatnashgan. Ular matbuotning to’rt yo’nalishi, jumladan radio-tele va fuqaroviy jurnalistika sohalarida nazariy va amaliy bilim olgan.

“Ushbu mashg’ulotlarga qatnashishimdan maqsad kelajakda malakali mutaxassis, jurnalist bo’lish. Ko’proq radio jurnalistikasiga qiziqaman. Bu borada ko’proq ma’lumotga ega bo’lishga, bilim saviyamni yuksaltirishga harakat qilmoqdaman. Seminar-treningda bosma so’z, radiojurnalistika haqida darslar oldik, telejurnalistika sohasi bilan ham tanishdik”, - deydi o’shlik yosh qalamkash Umida Mirzaboyeva.

“Internews Network” janubda “Birdamlik” deb nomlangan teleradiokompaniya ochishni rejalar ekan, ushbu tashabbus ahillik, do’stlikni shakllantirish va mustahkamlash hamda turfa tillilikni tatbiq etishga qaratilgan.

Hozirda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Dastavval qirg’iz va o’zbek tillarida radioeshittirishlar tashkil etish ko’zda tutilgan. Keyinroq boshqa tillarda ham teledasturlar tayyorlash xususida so’z borayotir.

“Biz Qirg’izistondagi Amerika elchixonasidan olgan grant hisobiga yoshlar uchun seminarlar o’tkazamiz. Mashg’ulotlarning bir qismi yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar bilan tanishtirishga, qisqasi fuqaroviy jurnalistikaga bag’ishlangan. Ayni paytda yoshlar uchun bir necha jurnalistika maktablarini ochishni maqsad qilganmiz”, - deydi “Internews” ning Qirg’izistondagi vakolatxonasi xodimi Adelya Laisheva.

“O’tgan yil oxirida Qirg’iziston hukumati “Internews Network” tashkiloti bilan hamkorlikda janubda hududiy jamoatchilik teleradiokompaniyasi tuzish haqida qaror qabul qildi. O’ylaymizki, bu aynan jamoatchilik teleradiokompaniyasi bo’ladi va aholining turli tabaqalari manfaatlarini aks ettiradi”, - deya davom etadi suhbatdosh.

Yangi teleradiokompaniyaning yana bir maqsadi mahalliy aholiga ona tilda axborot olish imkonini berish. So’nggi yillarda, ayniqsa, milliy ozchiliklar uchun torayib ketgan axborot maydonini ma’lum darajada kengaytirishga xizmat qilish.

Avval “Internews Network” ning Qirg’izistondagi vakolatxonasi mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko’mak ko’rsatish bilan mashg’ul edi. Uning hozirgi missiyasi esa kengroq va “har kimning ovozi dunyoni o’zgartirishi mumkin” deb ataladi. Bu o’rinda xolis axborot imkon qadar barchaga yetib borishi nazarda tutiladi.

XS
SM
MD
LG