Breaking News

Internews O'zbekistondagi faoliyatini tugatmoqda


Jurnalistlarning malakasini oshirib, elektron axborot vositalarini qo’llab-quvvatlovchi Internews xalqaro tashkiloti deyarli ikki yillik yuridik kurashdan so’ng O’zbekistondagi faoliyatini rasman yakunlayotganini e’lon qildi.

Ko’pchilikning fikricha, Internews tashkilotining dunyo bo’ylab mustaqil jurnalistikani rivojlantirish missiyasi sabab ham O’zbekiston hukumati mazkur muassasani mamlakatga sig’dira olmagan.

Internews tashkilotining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ketrin Eldrij (Catherine Eldridge) vakolatxona faoliyatini rasman tugatilishi munosabati bilan o’tgan xayrlashuv kechasida “biz uchun O`zbekiston eshiklari yopildi, biroq O`zbekistonga qaytish umidimiz bor,”- dedi.

Vakolatxona rahbari Keltrin Eldrijga ko`ra, Internews o`z nizomida belgilangan ya’ni mustaqil jurnalistikani rivojlantirish, uning huquqiy muhofazasi, xalqaro tajribalar, elektron ommaviy axborot vositalari faoliyati bo`yicha shug’ullangan. O`zbekiston hukumati esa tashkilotni aynan ana shu qonuniy faoliyati uchun aybdor topdi, deydi Eldrij xonim.

O`zbekiston adliya vazirligi Internews tashkiloti vakolatxonasini litsenziyaga ega bo`lmasdan faoliyat yuritganlikda ayblagan va vakolatxonanaig ikki nafar xodimi ustidan mazkur aybnoma bilan sud qarori chiqqan edi. Xodimlar amnistiya tufayli afv qilingan edi. Ulardan biri, Internews-O’zbekistonning sobiq ijrochi direktori Xolida Anorboevaga ko`ra, vakolatxona faoliyati siyosiy o`zgarishlarning qurbonidir.

O`zbekistonda AQShda asoslangan Internews Network tashkilotidan tashqari Xolida Anorboeva rahbarligidagi mahalliy Internews-O’zbekiston ham ochilgan edi. Ayni paytda mazkur mahalliy tashkilot ham tugatilgan. Bu haqda Xolida Anorboeva quyidagilarni gapiradi:

“Mahalliy tashkilotning missiyasi ham xalqaro tashkilotnikidek mustaqil jurnalistikani rivojlantirish edi. Mantiqqa ko’ra, kelajakda xalqaro vakolatxona o`z vazifasini mahalliy tashkilotga topshirishi lozim edi. Biroq bu narsa amalga oshmadi.”

Internews tashkilotining O`zbekistondagi faoliyati dunyoning boshqa ko`plab davlatridagi kabi asosan mustaqil ommaviy axborot vositalari bilan ishlash, mahalliy jurnalistlarga xalqaro jurnalistika talab qoidalarini o`rgatish, elektron ommaviy axborot vositalariga nazariy va texnik ko`mak ko`rsatish edi.

Tashkilotning O`zbekistondagi faoliayati mobaynida o`nlab mustaqil televidenielarga shunday ko`maklar ko`rsatilgan. O’zbekistondagi ko`plab jurnalistlar xalqaro tajribalardan saboq olib, tajriba oshirgan edilar. Bundan tashqari Internews O`zbekistonda mustaqil jurnalistlarning huquqiy muhofazalari yuzasidan ham ko`plab tadbirlar uyushtirgan.

O`zbekistonda mustaqil jurnalistik faoliyati uchun ta’qibga uchrayotgan jurnalistlarning izohlariga ko`ra, O`zbekiston hukumatining Internews vakolatxonasini yopish haqidagi qarori, aynan hukumatning mustaqil jurnalistlarga, so`z erkinligiga bo`lgan munosabatidan kelib chiqadi. Bu haqda mustaqil jurnalist T`olqin Qoraev shunday deydi:

“Xalqqa axborot yetib bormasligini oldini olish, qolaversa, tashkilot o`z faoliyati davomida haqiqiy jurnalistika nima ekanligini tushungan bir qator jurnalistlarni yetishtirib chiqardi. Buning sabablaridan biri ana shu jurnalistlarning keyingi faoliyatlarini to`xtatish. Internewsning yopilishi ana shunday sabablar bilan bo`gliq.”

Kuzatuvchilarga ko`ra, O`zbekiston hukumati xalqaro tashkilotni yopish bilan qanoatlanmaydi. Bu kabi tashkilotlar faoliayati davomida hosil bo`layotgan umidlar mamlakatda mustaqil jurnalistikani qaror toptirishga bo`lgan urinishlarni ta’qib qilishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG