Breaking News

"Amerika Ovozi", "BBC" va "Ozodlik" haqida jamoatchilik nima deydi?


O’zbekiston matbuot mutlaqo cheklangan davlatlardan biri. Xalq ichki siyosiy, ijtimoiy vaziyat haqida ko’proq xorijiy axborot vositalari orqali xabar topadi. ()

Sharhlovchilar xususan “Ozodlik”, “Amerika ovozi” va “BBC” ni alohida tilga oladi. O’zbekistonda rasmiy axborot vositalariga ishonch yo’qligi bois mustaqil matbuotga ehtiyoj kuchli.

“Ozodlik”, “Amerika ovozi” yoki “BBC” radiolarining auditoriyasi qanchaligi va ular kimligi haqida aniq ma'lumotlar kam bo'lsada, bu axborot vositalari aholi orasida mashhurligini inkor etib bo`lmaydi. Ayniqsa, inson huquqlari buzilishiga oid mavzular aholi orasida tez tarqaladi.

To'lqinlarni ushlash qiyin, lekin odamlar qidirib topayapti

“O’zbekiston havo mavjlarida “Ozodlik”, “Amerika ovozi” va “BBC” to’lqinlarini topish qiyin, ularning eshittirishlari to’siladi. Shunga qaramay ma`lumot yetib borayapti. Masalan, mening har bir chiqishimdan keyin odamlar qo`ng`iroq qilishadi, arizalar olib kelishadi, dardu-hasratimizni tashqariga chiqarishga yordam qilayapsiz, deb. “Ozodlik”da transport haqida qilgan chiqishimdan so`ng meni taniydigan haydovchilar rahmat aytishdi. Hatto yo`l haqini olishmayotgan paytlari ham bo`layapti”, - deydi huquq himoyachisi G`anixon Madixonov.

“Xabaringiz bor O`zbekiston OAV shunday sayoz, haqiqatdan uzoq eshittirishlar, ko`rsatuvlar qiladi. Aksincha, haqiqatni yashiradi, o`yin-kulgi ko`rsatish bilan band. O`zbekistonda so`z erkinligi bo`yicha sobiq Ittifoq davridagi kabi chekinish boshlangan”, - deydi sharhlovchi Jahongir Shosalimov.

Xorij axborot vositalariga qarshi kampaniya

So’nggi paytda xorijiy axborot vositalariga qarshi bir qator targ`ibot kampaniyalari kuzatildi. O`zbekistonga nisbatan axborot xuruji uyushtrilayotgani haqida gapirildi.

“O`zbekiston hukumati xolis, to’g’ri ma’lumotga axborot xuruji sifatida yondashadi. Hukumat xuruj deb ataydigan narsa xorij radiolarining O`zbekiston hukumati faoliyati haqida xolis tarqatayotgan axborotlari. Axborot to'g'ri yoki noto'g'ri bo`lishi mumkin. Axborot xuruji, ogohlikka da`vat qilish, yo`q joydan shiorlarni o`ylab topish - bu hammasi sovet davri merosi. Jahonda axborot xuruji degan terminning o`zi yo`q”, - deydi faol Abdurahmon Tashanov.

2005 yildan keyin O`zbekistonda xalqaro tashkilotlar, mustaqil axborot vositalari, jurnalistlarga qarshi kampaniya boshlandi. Bir nechta axborot agentliklari O`zbekistondagi faoliyatini tugatishga majbur bo`ldi, internetdagi mustaqil axborot sahifalari to`sildi.
O`zbek auditoriyasi uchun mo`ljallangan “Ozodlik”, “BBC” radiolarining Toshkentdagi vakolatxonasi ham yopildi, mamlakatda axborot vakuum-bo'shlig'i yanada kuchaydi.

Xolis axborot vositalari nima uchun kerak?

Faollar nazarida "Ozodlik", “Amerika ovozi” va “BBC” mamlakat taqdiriga befarq bo`lmagan odamlar uchun axborot olishning yagona manbai bo`lib qolmoqda.

"Buning ahamiyati beqiyos. Ming afsus, “Ozodlik” va "BBC"ning vakolatxonasining yopilishi mamlakatda demokratiya uchun katta yo'qotish bo`ldi. Bu radiolarning borligi ommada demokratik ruh paydo bo`lishi uchun muhim edi. Ayniqsa, yoshlarda kelajakka umid so'nmoqda, katta yoshdagilar sabr qilayotgan bo`lishi mumkin”, - deydi Jahongir Shosalimov.

Sharhlovchilar fikricha, aholida o`zbek matbuotiga nisbatan ishonchsizlik kuchaygan. “Tezkor guruh” analitik markazi tahlilchisi Suhrob Ismoilov nazarida axborot yetishmasligi o`zbek jamiyatining ijtimoiy-siyosiy jihatdan qashshoqlashib borishiga xizmat qilmoqda.

“Oddiy misol, chet el emas, qo`shni Qozog`iston bilan solishtirganda ham, u yerdagi o`rtacha oila biror gazetaga obuna, elektron axborot vositalarini kuzatib boradi. Oiladagi suhbatda jamiyatdagi siyosiy voqealar muhokama qilinadi. Afsus, bizda bunday emas. Buning asosiy sababi O`zbekiston ommaviy axborot vositalari o`z vazifasini bajarmayotgani, ularga ishonchning pastligidir. Ularga faqat dam olish, ko`ngilochar dasturlar uchun murojaat qilinadi”, - deydi Suhrob Ismoilov.

O'zbek tilida axborot uzatuvchi mustaqil matbuot, TV va radioga ehtiyoj katta

“Xalqimizda asosan Rossiya va O`zbekiston televideniyesini ko`rishga imkoniyat bor. Hozir Rossiya televideniyesi ham mustaqil va xolis emas. Afsuski, ko`pchilik uchun Rossiya kanallari etalon bo`lib qolmoqda. Bunday ta’sirdan qochish kerak va o`zbek tilidagi yaxshi, tanqidiy ruhdagi axborot vositalarini ko`paytirish kerak. Mustaqil axborot vositalariga ehtiyoj juda kuchli, ammo odamlarning hammasi ham uni qidirib topish yo`llarini bilishmaydi”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Jahongir Shosalimov fikricha o'zbek tilida eshittirish berayotgan xorij axborot vositalari jamoatchilikka haqiqiy vaziyat haqida xolis ma'lumot berishdek muhim mas'uliyat yuklangan.

"BBC eshittirishlarini yarim soatga tushirdi. Ko`paytirilsa, maqsadga muvofiq bo`lardi. “Ozodlik”da O`zbekiston uchun axborot berish imkoniyati katta. “Amerika Ovozi”ni ham qiziqish bilan eshitishadi. Bulardan tashqari, o`zbek tilida haqqoniy axborot tarqatuvchi vositaning o`zi yo`q”, - deydi sharhlovchi.

Abdurahmon Tashanov so’zlariga ko`ra, so`nggi paytda hukumat xorij axborot vositalariga nisbatan aholi ishonchini susaytirish maqsadida kuchli kampaniya o`tkazdi.

“To`lqinlarni bo'g'ishga harakat qilinadi, undan tashqari, hukumat aholi o`rtasida xorij radiolari bizga dushman degan tushuntirish ishlarini o`tkazgan”, - deydi u.

Uning aytishicha, hukumat mustaqil axborot manbalarini to`sish uchun turli choralarni qo`llamoqda, ilg`or texnik usullardan foydalanmoqda.

Xalqaro radio xizmatlar masalaning shu tomoniga e`tibor qaratib, aholining axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlasa, maqsadga muvofiq bo`lardi, deydi u.

“O`rta to`lqin sifatini yaxshilash choralarini, boshqa usullarni ko`rish kerak. Yaqinda “Amerika ovozi”ning mobil telefonlarida axborot yuborish tadbiridan juda xursand bo`ldim. Xuddi shunday texnologilarni ko`paytirish kerak, lekin xorij radiolarining O`zbekiston aholisiga eshitilishi bo`yicha hozirgi vaziyatni qoniqarli deb bo`lmaydi”, - deydi Tashanov.

O'zbekiston qamoqxonalarida xalqaro radiostansiyalarni tinglashadi

Inson huquqlari bo`yicha AQSh davlat mukofoti va boshqa bir nechta xalqaro sovrinlar bilan taqdirlangan huquq himoyachisi Mo`tabar Tojiboyevaning “Amerika ovozi” bilan suhbatda e`tirof etishicha, xolis axborot o`zbek jamoatchiligi uchun umid va ishonch manbaidir.

"Qamoqda azob chekib o'tirganimda menga kuch bergan narsa shu bo'ldiki, odamlar mening nima uchun u yerda o'tirganim, taqdirim haqida "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va "BBC" kabi axborot vositalari orqali ma'lumot olayotgan edi. Bu radiolarning roli katta, ular hukumatning qilmishlarini yoritadigan asosiy manbalar",- deydi Mo'tabar Tojiboyeva.

"Ularda chiqqan xabarlar hatto qamoqxonalarga yetib boradi. Odamlar ularga tayanadi, tinglaydi, internetni ularni o'qiydi va haqiqatni o'rganadi".

Mo'tabar Tojiboyeva Vashingtonda mukofot olganida nutq so'zlab, "Amerika Ovozi"ni tilga olgan va bu tashkilotga minnatdorchilik bildirgan.

Mulohazalarga ko`ra, xorij axborot vositalari o`zbek jamiyatining mutlaqo unutilgan qatlamlaridan tortib, tazyiq ostiga olingan diniy e`tiqod qurbonlari, muxolif partiyalar fikrini jamoatchilikka yetkazish, siyosiy-iqtisodiy avholni ko`p tomonlama yoritish bilan aholi hurmat-e’tiborini qozonsa, aynan shu xususiyatlari bois hukumat tanqidi, tahdidiga uchrab kelmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG