O’tgan hafta O’shda muxbirimiz Alisher Soipov noma’lum shaxslar tomonidan otib o’ldirilgan edi. Qotillik tergov ostida.
Qirg’iziston ombudsmani Tursunboy Bakir o’g’li “Amerika Ovozi” ilan suhbatda ushbu qotillikka qo’shni mamlakat, ya’ni O’zbekiston maxsus xizmatining aloqasi bo’lishi mumkin deydi.
Ombudsman xalq himoyachisi, jamoatchilikdan tushgan shikoyatlarni ko’rib chiquvchi, hukumat tomonidan tayinlangan rasmiy.
Tursunboy Bakir o’g’lining o’zi ham o’shlik. Alisher Soipov o’z radio lavhalari va gazetalarda chop etilgan maqolalarida mintaqadagi muhim jarayonlarni to’liq aks ettirgani uchun ham ba’zi doiralarga ma’qul tushmagan deydi ombudsman.
"Alisher O’zbekiston to’g’risida ochiq haqiqatni aytib, ayniqsa Andijon voqealaridan keyin va O’zbekistonda bo’layotgan siyosiy voqealar bo’yicha o’z bahosini berib, eshitishimcha O’zbekistonda ko’pchilikni jahlini chiqargan. Uning orqasiga tushgan odamlar bo’lgani bizga ma’lum. Menga ham bir-ikki bora aytgan edi, ehtiyot bo’ling deb. Ayniqsa Moskvaga borib kelganimda aytgan edi, mening orqamdan odam tushganini. Ehtiyot bo’ling, ikkovimizga qarshi ish boshlashgan. O’ldirib yuborib, Qirg’iziston hukumatiga to’nkab qo’yishlari hech gap emas, degan".
Tursunboy Bakir o’g’lining fikricha qotillikning asosiy sababi Alisherning professional kasbi, haqiqatni aytgani bo'lgan.
"Ko’pincha u O’zbekiston to’g’risida gapirar edi. Shu sabab mantiqan o’ylab qaraydigan bo’lsak, uning qotilligi bo’yicha gumonimiz O’zbekiston maxsus xizmatlariga tushmoqda. Ularning buyurtmasi bo’yicha o’ldirilgan deb taxmin qilyapmiz",- deydi ombudsman.
Alisher Soipov diniy aqidaparastlar, hatto Hizb-ut Tahrir tomonidan o’ldirilgan, degan taxminlarni Tursunboy Bakir o’g’li qat'iyan rad etadi.
"Bu g’irt bo’lmagan javob, bo’lmagan da’vo, bo’lmagan gaplar. Hech qanday Hizb-ut Tahrirning bunga aloqasi yo’q. Bu odamlarni yolg’on yo’lga adashtirish uchun aytilgan gaplar".
Qirg'iziston ombudsmani hali O'zbekiston rasmiylari bilan qotillik yuzasidan fikr almashmagan.
"Lekin Qirg’iziston jurnalistlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari mazkur qotillik yuzasidan ma’lumot to’plashga harakat qilmoqda. Hamma ma’lumotlar biz aytgan versiyaga to’g’ri kelyapti", - deydi Tursunboy Bakir o’g’li.
Ombudsman tergovning oxirigacha borishiga ishonmaydi.
"Bu narsalar ochiq aytilmaydi. Ikkinchidan, ikki davlatning maxsus xizmatlari (O’zbekiston-Qirg’iziston) ko’pdan beri birgalikda ishlab kelmoqda. Bu ma’lumotlar tashqariga chiqmaydi. Demak, Alisher Soipov bo’yicha ochilgan ish yopilib ketishi mumkin", - deydi Tursunboy Bakir o’g’li.
"Endi bu dalillarni tergov organlari to’plashi kerak. Menimcha, bular Hizb-ut Tahrirga to’nkayapti. Yolg’on yo’l tanlanmoqda. Ish ochilmasligi mumkin. Natijani kutish foydasiz. Bu ishni yopib qo’yishadi, hech kim hech narsa bilmaydi".