24 oktabr kuni O'shda noma'lum qurollangan kishilar tomonidan otib o'ldirilgan 26 yoshli jurnalist Alisher Soipov ertasi kun peshinda ona shahri O'shda abadiyatga kuzatildi.
Dafn marosimidan yuzlab insonlar qatnashgan.
Alisher "Amerika Ovozi"ning Markaziy Osiyodagi yetakchi muxbiri edi. Shuningdek, "Ferghana.Ru" kabi axborot agentliklariga ishlagan.
Alisher Farg'ona vodiysini yoritishni maqsad qilgan "Valley Media Group" tashkiloti va "Siyosat" gazetasiga asos solgan.
Qotillik ustidan tergov boshlangan. Qirg'iziston prezidenti fojia ustidan tergovni o'z nazoratiga olayotganini va adolat ravnaq topishi uchun qo'lidan kelgan barcha choralarni ko'rishga tayyor ekanini bildirgan.
"Amerika Ovozi", Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti, Freedom House-Ozodlik Uyi va Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo'mitasi Alisherning qotillari topiladi va jazoga tortiladi degan umidda.
"Biz bu fojianing to'liq tergov qilinishini so'raymiz", - deydi Jeyms Glassman (Jeyms Glassman), "Amerika Ovozi" va u kabi AQSh Kongressi tomonidan moliyalanuvchi radio va televideniyelar boshqaruv kengashi raisi.
Alisher siyosiy maydondagi muhim o'zgarish va jarayonlar, inson huquqlari, korrupsiya va yulg'ichlik, saylovlar va saylovoldi kayfiyati hamda iqtisodiy muammolarni keng yoritib kelgan.
"Professional jurnalist kasbi uchun jon berdi",- deydi Den Ostin (Dan Austin), "Amerika Ovozi" direktori.
"Tashkilotimiz Alisher Soipovning dahshatli o'limidan chuqur qayg'uda. Ammo Qirg'iziston va butun Markaziy Osiyodagi muhim o'zgarishlarni yoritishda davom etamiz".
Alisher o'zining dangal va xolis savollari, faolligi bilan va doimo yangilik izlovchi jurnalist sifatida tanilgan.
Alisher Markaziy Osiyodagi boshqa mustaqil jurnalistlar singari doimiy tazyiq ostida ekanini yashirmas edi.
Alisher siyosiy doiralar vakillari va xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan kuzatilayotganini bildirib kelar edi.