Breaking News

O'zbekiston matbuoti hali ham senzura iskanjasi ostida


O’zbekiston ommaviy axborot vositalari uch yildan ko’proq davr mobaynida senzura rasman bekor qilingan sharoitda faoliyat ko’rsatmoqda. Shunga qaramay, ayrim o’zbekistonliklarning fikricha, gazeta-jurnallar, radio-televideniyeda ijobiy o’zgarishlar ko’zga tashlanmayapti. Ommaviy axborot vositalarida erkin fikrning hanuzgacha yo’qligi, xalq duch kelayotgan muammolarning yoritilmasligi sababini jurnalistlarning o’zi nazorat va tazyiqning mavjudligi bilan izohlashadi.

O’zbekiston konstitutsiyasida mamlakat ommaviy axborot vositalari erkin ekanligi hamda senzuraga yul qo’yilmasligi belgilangan. Biroq 2002 yil o’rtalarida respublika prezidenti farmoni bilan senzuraning rasman bekor qilingani e’lon qilindi. Bu bilan hukumat konstitutsiyada belgilanganidan farqli o’laroq 12 yil mobaynida ommaviy axborot vositalari ustidan senzuraning mavjud bo’lganini ham tan olgandi. Xo’sh, senzurasiz o’tgan 3 yildan ortiq vaqt oralig’ida O’zbekiston matbuoti naqadar erkinlashdi? Jurnalist Alimardon Annayevga ko’ra:

“O’zbekiston matbuotiga bir nazar tashlaydigan bo’lsak, haqiqatda O’zbekistonda senzura batamom yo’q qilindi, erkin fikr yuzaga chiqdi ommaviy axborot vositalarida, deb men aytolmasdim. Tasavvur qiling, 2003 yilning boshlanishidayoq “Adolat” gazetasining bosh muharriri Toshevning qamoqqa olinishi, yetakchi bir jurnalist Murod Kalonxonning poraxo’rlikda ayblanib qamoqqa olinishi, bir oz muddat o’tgandan keyin “Hurriyat” gazetasining bosh muharriri hamda Milliy matbuot markazi raisi Amirqul Karimovning umuman jurnalistikaga aloqasi bo’lmagan bir sohaga o’tkazilishi, undan keyin “Hurriyat”da bir yilcha faoliyat ko’rsatgan jurnalist Hizbut-Tahrir a’zosi sifatida aybdor qilinishi va unga bir necha yillik qamoq jazosi berilishi, “Mohiyat” gazetasi – Turkiston-Press nodavlat agentligida bo’lib o’tgan strukturaviy o’zgarishlar… Qiziq holat kuzatilmayaptimi?”

Hofiz Dadaxon Hasanov bugungi matbuotdan qoniqmasligini bildirar ekan, buning boisini matbuotda so’z erkinligining yo’qligi bilan izohlaydi.

“Bugungi matbuotdan men hech qachon qoniqmaganman va bundan keyin ham qoniqmasam kerak. Chunki matbuotdayam demokratiya yo’qda, erkin-eminlik yo’q. Erkin fikrga o’rin yo’q. Radioni eshitsangiz ham, televideniyeni tomosha qilsangiz ham, juda ko’p gazetalar chiqadi ularni ko’rsangiz ham, hammasida maqtov, bugungi hayotdan mamnun bo’lish, boshqa hech tema yo’q. Hatto Sovet davrida ham gazetalar, matbuot ham bugungiday cheklanmagandi, bugungiday tor doirada emas edi”, -deydi hofiz Dadaxon Hasanov.

Poytaxtdagina emas, viloyat ommaviy axborot vositalarida ham jurnalistlar faoliyati ustidan nazorat hukmronligi aytilmoqda. Samarqandlik mustaqil jurnalist Toshpo’lat Rahmatullayev shunday deydi:

“Televideniyeni olib qarasangiz agar, haligacha senzura yo’qotilgan emas. Chunki har bir xabarni, xususan Axborot informatsion ko’rsatuvlari bir nechta pog’ona senzuradan o’tadi. Hatto oddiy bir kamchiliklar, oddiy bir viloyat yo shahar miqyosida bo’lgan kamchiliklar ham ochiq-oydin televideniye orqali ko’rsatilmaydi”, -deydi journalist T. Rahmatullayev.

Yosh jurnalistlardan birining fikricha esa, ommaviy axborot vositalarida senzuraning yo’q qilingani va oshkoralikka yo’l ochilgani keyingi yillarda sezila boshlagan.

“Agar ta’qiqlanadigan bo’lsa haqiqatni gapirish, bu degani umuman oshkoralik yo’q degani emas. Agar e’tibor beradigan bo’lsangiz, televideniyeda ham, radioda ham yoki gazetalardayam ancha-muncha oshkoralik bor, man sezdim. Men bundan juda ham xursandman, demak bizga ancha imkoniyatlar berilyapti. Keyin o’zimizga ham, bizning mavzuni bera olish mahoratimizga ham bog’liq. Albatta biz muammolar haqida baqirib gapirishimiz shart emas. Senzura ma’lum miqdorda yo’qotilgan bo’lishi menga sezilmoqda”, -deydi u.

Ba’zilarga ko’ra, O’zbekistonda so’nggi yillarda bo’lib o’tgan ish tashlashu noroziliklar, piketlar, ochlik e’lon qilishlar, Toshkent va Buxorodagi portlashlar-u Andijon voqealari, xalq hayotidagi muammolar ommaviy axborot vositalarida ochiq yoritilmagani tahririyatlardagi ichki senzuraning mavjudligi hamda tazyiqlardan qo’rqish natijasidir.

“To’g’ri, senzura yo’qotildi degan gap boru, lekin senzura har bir hukumatga qarashli bo’lgan matbuot, televideniye, gazeta muxbiri, jurnalistlari yuragida qattiq bir qurquv qoldirib ketgan. Endi ularning yuragi, vijdoni sezura bo’lib qolgan. Chunki u to’g’ri gapni, haqiqatni yoritsa, albatta erta unga nisbatan qattiq tazyiq, repressiya bo’lishini u biladi”, -deydi Inson huquqlari faoli Olim Azizov.

Biroq ayrim yosh jurnalistlar fikricha, mamlakatda bo’layotgan har bir voqea-hodisani xalqqa yetkazish shart emas. Shu bois, so’nggi yillardagi barcha voqea-muammolarning ommaviy axborot vositalarida aks etmaganini to’g’ri deb hisoblaydi bir yosh journalist:

“Mening o’ylashimcha, hamma narsani, hukumat tomonidan e’lon qilinadigan har bir qonun, har bitta tazyiqlarni xalqqa havola qilish menimcha tog’ri emas. Bularni bizda xalq to’g’ri qabul qilolmaydi, hali qabul qilishga bizning xalq tayyor emas. Keyin bizning o’zbek xalqi judayam emotsional xalq, o’ta hissiyotga boy. Bozor iqtisodiyotiga o’tish davrida bizda ayrim iqtisodiy muammolar kelib chiqyapti. Shuning uchun hozir xalqda iqtisodiy muammolar birinchi o’rinda turib qolgani uchun har bitta hokimiyatda bo’ladigan narsalar bizlarga judayam yomon ta’sir qiladi. Shuning uchun men o’ylayman bolayotgan voqealarning har bittasini xalqqa aytish shart emas. Bu bizlarga yomon oqibatlar olib kelishi ham mumkin”.

Keyingi yillar Internet sahifalarida O’zbekistondagi hodisa va muammolar yoritilgan maqolalarga to’siqlar qo’yilgani ko’zga tashlanadi. Bu hol Internet sahifalarida ham nazoratning mavjudligini namoyon etadi. "Men ayni paytda matbuotda senzura yo’q degan fikrga qarshiman," -deydi Nazokat isimli yosh jurnalist.

“O’zaro hamma aytadi, ana u yerda qanaqadir yig’in bo’libdi, har xil namoyishlar uyushtirilibdi deb. Buni biz ham bilamiz, o’zimiz ham jurnalistmiz, lekin senzura yoritishni ta’qiqlab qo’ygan. Na hokimiyatni tanqid qilolmaysiz, kamchiligini ochiq aytolmaysiz. Senzura yo’qotildi degan gap bor, lekin hech qanday o’zgarish yo’q. Masalan, “Mustaqil gazeta” nimaga yopildi. U ham endigina senzura yo’qligining kurtagi, nishonasi edi. Lekin uni turli bahonalar, boshqacha sabablarga binoan yopib qo’yishdi. Men senzura yo’q, degan fikirga qarshiman, bizning matbuotimiz zanjirga o’rab qo’yilgan, ortiqcha hech narsa aytolmaysiz”, -deydi o’zini Nazokat deb tanishtirgan yosh jurnalist.

Matbuotda e’lon qilingan tanqidiy maqolalar uchun jurnalistlarni yoxud shu maqolani chop etgan tahririyatni mahkamaga tortish senzura rasman bekor qilindi, deyilgan yillarda ko’proq ko’zga tashlandi. Bu kabi holatni jurnalistikaning tishini va oyoqlarini sindirish, deb ta’rif beradi journalist Alimardon Annayev.

“O’zbek jurnalistikasi nima qilmoq kerak, nimani yozish kerak, nimani ko’rsatish kerak, xalqni nimadan xabardor qilish keragu nimalar yozilmasligi, nimalar korsatilmasligi kerak, bu sovet zamonidan qolgan kurs belgilab berish, yo’nalish belgilab berish siyosati o’zining sakkizoyoqdek panjalarini o’zbek jurnalistikasidan qo'yvorgani yo’q. O’zbek jurnalistikasi bugunga kelib nihoyatda nochor ahvolga tushib qoldi. O’zbek jurnalistikasi qo’rqoq, dadil emas, o’zbek jurnalistikasida g’ayrat sezilmayapti. Endigina paydo bo’layotgan kurtaklar, birozgina hur fikrlilik, birozgina demokratik ozgarishlarning tarafdorlari, ozroq bo’lsa-da jamoatchilikning fikrini shakillantirishga xizmat qilishni o’z oldiga maqsad qilgan journalist bo’ladimi shoxi bilan sindirib olinmadi, balki ildiz-pildizi bilan sug’urib tashlandi”, -deydi Alimardon Annayev.

Erkin matbuot demokratik jamiyatning ajralmas qismi ekani ma’lum. Ayrim kuzatuvchilar fikricha, O’zbekiston ommaviy axborot vositalari senzura rasman bekor qilingandan keyin ham zamon talablari darajasida faoliyat ko’rsata olmayotganligi aynan demokratik tamoyillar borasida muammolar mavjudligini namoyon etayotgandek.

XS
SM
MD
LG