Breaking News

Hukumat Internetga to'siq qo'ysa-da, aholi xolis axborotga intilmoqda


O`zbekistonda hukumat Internetni qanchalik nazorat ostiga olmasin, jahon tizimi mamlakatdagi voqealardan xolis xabardor bo`lishning asosiy vositalaridan biri bo`lib qolmoqda.

Lekin yaqinda Yevropa Parlamenti chiqargan rezolyutsiyada O`zbekiston Internetga nisbatan ashaddiy senzura o`rnatgan davlatlar qatoriga kiritildi.

O`zbekistonda Internetga o`rnatilgan nazorat borasida rasmiy ma’lumotlar yo’q. Mustaqil jurnalistlarga ko`ra, Yevropa Parlamenti tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya ham rasmiy hukumatni ortiqcha bezovta qilmaydi.

O`zbekistonda yaqinda tashkil etilgan Internet axborot saytining rahbari Sergey Yejkovga ko`ra, xalqaro maydonda axborot olish erkinligini kafolatlashga doir bildirilayotgan bayonotlarga O`zbekiston hukumati allaqachon o`rganib qolgan.

Sergey Yejkov uning axborot sayti ish boshlaganiga 4 oy bo`lgani va shu vaqt mobaynida o`quvchilar soni 5, 5 minggacha yetganini aytadi. Biroq ayni kunda O’zbekistondan bu saytga krish yo`llari to`sib qo’yilgan.

Jurnalistga ko`ra, baribir bu narsa axborot olish istagida bo`lgan o`quvchilarni to`xtata olmaydi. Hozirga kelib saytga turli aylanma yo`llar orqali 2500, ba’zan 3000 gacha mushtariylar kirmoqda. Kompyuterga ega va internetda ishlashni bilgan odamda hamisha turli texnik yo`llar mavjud, deydi mutaxassislar.

Turli to`siqlarga qaramasdan aholini Internetdan axborot izlashga majbur qilyotgan narsa, bu xolis axborot olishga bo`lgan ehtiyojdir.

Mustaqil jurnalist Bahodir Eliboyevga ko`ra, O`zbekiston haqida axborot beruvchi kopchilik saytlarga krish yo`llari berk, aholida esa mahalliy televideniye, matbuotga nisbatan ishonch yo`qolmoqda va hozirda Internet asosiy ishonchli axborot olish vositasiga aylanmoqda.

“Bizning jurnalistlarimiz Internet jurnalistikasiga tayyor, lekin biroz qo`rquv bor, chunki hozir Internet jurnalisti deganda avvalo hukumatni ham tanqidga oluvchi jurnalitlar tushinilmoqda. Hukumatni tanqidga olishning oqibati yaxshilik bilan tugamasligini, hamma biladi”, - deydi jurnalist Bahodir Eliboev.

Bir oy avval “Tribuna-uz.info ” axborot sayti o`z faoliyatini to`xtatgan edi. Faoliyatini to`xtatgan “Ozod ovoz” axborot saytining jurnalistlaridan biri Bomurod Abdullaevga ko`ra, O`zbekistonda mustaqil ma`nodagi Internet jurnalistikasi yo’q bo`lish arafasida turibdi.

“ Bu Internet jurnalistikani qanday yo`nalishda rivojlantirishga bog’liq. Agar “Pravda vostoka”, “Xalq so`zi” kabi yo`nalishda yozilsa, bu yo`nlishldagi saytlarni bemalol rivojlanish mumkin. Lekin, ikkinchi tomoni, bunday jurnalistikani kim o`qiydi? Mening nazarimda Internet jurnalistikasi xolis, biroz tanqidga moyil bo`lishi lozim. Ammo bunday Internet jurnalistikasini rivojlantirish u yoqda tursin, hozirda yo`q bo`lib ketish arafasida turibdi. Bu haqda o`ylashimiz kerak. Chunki, yozganingiz bilan yo`llar berkitilgan bo`lsa”, -deydi Bobomurod Abdullayev.

Unga ko’ra, “Ozod Ovoz” sayti faoliyati yopilgani yo`q, balki xakkerlar tomonidan buzib qo’yildi. Bir necha marta shunday bo`lganidan so’ng, uni qayta tiklash nihoyatda qiyin kechgan.

Bobomurod Abdullayev O`zbekiston jamoatchiligida Internetning ta’siri kuchli, axborot varaqalar va o`quvchilarning bir birlariga yetkazishlari orqali ham tarqaladi, ayniqsa talabalar bunda muhim o`rin egallaydi, deydi. Shu bois ham hukumat Internetni nazorat qilmoqda, deydi Abdullayev.

Rasmiy manbalar O`zbekistonda Internetdan foydalanuvchilar sonining bir yarim millionga yaqinlashayotganini ta`kidlaydi, biroq bu foydalanuvchilarning axborot olish huquqlari buzilayotgani, mustaqil axborot vositlariga qo`yilgan to`siqlar haqida hech narsa deyilmaydi.

XS
SM
MD
LG