Breaking News

O'zbekistonda internet axborot manbalari nazorat ostiga olinmoqda


O`zbekiston hukumati ommaviy axborot vositalarini qayta ro`yxatga olish haqida yangi qaror qabul qildi. Ba’zi jurnalistlarning aytishicha, aslida maqsad internet sahifalarini nazorat ostiga olish.

Qaror, asosan, internet axborot sahifalariga taalluqli. Ta’kidlanishicha, markaziy matbuot qat`iy nazoratda, ko`ngilochar nashrlar siyosatga aralashmaslik pozitsiyasida turgan bir paytda, soni tobora oshayotgan internet sahifalari hukumat e’tiborini jalb etgan.

Internet sahifasini boshqarayotgan, noma’lum qolishni istagan bir jurnalist fikricha, o`nlab yangi internet saytlarida rasmiy matbuotda berilmaydigan axborotni o`qish, erkin fikr almashish mumkin. Shu yo’l bilan saytlar o'quvchilar e’tiborini qozonmoqda.

Hozirgacha e`tibordan chetda bo`lgan bu sahifalar hukumatni tashvishlantirmoqda, deydi jurnalist.

O`zbekiston matbuot va axborot agentligi yuridik bo`lim boshlig'i Muhammad Aliyev so’zlariga qaraganda, qarorni Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan. Shu bois qaror qanday axborot vositalarini, qanday tartibda ro`yxatga olishni nazarda tutishini izohlab bera olmaydi.

Mustaqil jurnalist Sergey Yejkov yangi qaror matni matbuotda e`lon qilinmaganidan xavotirda. Chunki, matnda dastlab aytilganidan ko`proq cheklovlar bo`lishi mumkin.

“O`zbekiston rasmiy vakilining matbuotda bergan sharhidan shuni bilish mumkinki, hukumat axborot, jumladan, internet sahifalari ustidan nazoratni yanada kuchaytirishni rejashtirlamoqda”, - deydi jurnalist Sergey Yejkov.

O`zbekiston matbuot va axborot agentligi rahbari o`rinbosari O`tkir Jo`rayevning matbuotda e’lon qilingan sharhida ta`kidlanishicha, qaror OAV faoliyatini takomillashtirish uchun qabul qilingan, fuqarolarning axborot olish huquqini kafolatlaydi.

Jo`rayevning izohiga muvofiq, qarordagi asosiy yangilik shundan iboratki, internetdan xabar tarqatuvchi axborot vositalari ham davlat ro`yxatidan o`tishi shart.

“Gap ommaviy foydalanish uchun tarqatilayotgan axborotning internet tarmo`gi orqali o`zbek saytlariga joylashtirilishi haqida ketmoqda”, - deya aniqlik kiritadi O`zbekiston matbuot va axborot agentligi rasmiy vakili.

O`tkir Jo`rayev so`nggi paytda internetdagi noxolis xabarlar O`zbekiston yoshlarining tarbiyasiga salbiy ta`sir qilayotganini ta'kidlab o`tadi.

Bu fikrlar hukumat internet sahifalarini nazorat qilishga kirishganidan darak beradi, deb hisoblaydi Sergey Yejkov.

“Axborot to'g'ri yoki noto`g`ri bo`lishi mumkin. Uning qanday tendentsiyaga egalini esa har kim o`zi hal etadi. Hukumatning yangi qarori O`zbekiston ommaviy axborot vositalari uchun biror ijobiy o`zgarish berishini kutmasa ham bo`ladi. Qaror O`zbekiston tasarrufidagi saytlarni nazoratga oladi. O`zbekiston tasarrufidan tashqaridagi saytlar esa, kuzatilayotganidek, to`silishda davom etadi”, - deydi jurnalist.

O`zbekistonda hukumat pozitsiyasidan farqli qarashga ega mustaqil internet axborot vositalariga to`g`ridan-to`g`ri kirish yo`llari berkitilgan.

Internet saytlariga to`siq qo`yilayotgani rasman tan olinmasada, “O`zbektelekom”ga qarashli “Uz.Net” provayderi vakillari o`ta siyosiy saytlarga kirishni berkitish haqida ko`rsatma mavjudligini tan oladi.

Kuzatuvchilar nazarida matbuotda xolis, aniq axborotning yetishmasligi, rasmiy matbuotni bir xil qolipga solib qo`ygan hukumat yutuqlari, siyosati haqidagi targ`ibotlar aholini boshqa mustaqil axborot manbalarini izlashga majbur etmoqda. Yangi qaror ana shunday axborot manbalari paydo bo`lishining oldini oladi.

XS
SM
MD
LG