Breaking News

Samarqandda jurnalistlar markazi, Internet klub yopildi


Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining moddiy ko`magida Samarqandda jurnalistlar uchun bepul xizmat ko`rsatayotgan internet klub o`z faoliyatini vaqtinchalik to`xtatgan.

Klub rahbari mustaqil journalist Toshpo`lat Rahmatullaevga ko`ra:

“O`zbekiston Jurnalistlari milliy markazining Samarqand bo`limi qoshida jurnalistlar uchun bepul internet klub ishlab turgan edi. Matbuot markazi bundan to`rt yil burun tuzilgan va jurnalistlar uchun turli tadbirlar o`tkazib turgan edik. Keyinchalik mablag` bo`lmaganligi sababli o`tgan yilning oxirida markazni yopdik. Matbuot markazi o`z faoliyatini to`xtatgandan keyin, internet kafeni ham to`xtatishga majbur bo`ldik. Internet kafe Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etilgan edi. Bu yog`i qanday bo`lishini tashkilotni o`zi hal qiladi, biz faoliyatimizni to`xtatdik.”

- Milliy markaz mablag` yetishmasligi tufayli yopildi deyapsiz, avvalari kim tomonidan mablag` bilan taminlanar edi?

"Avvalari, asosan grantimiz bor edi. Grantlar bo`yicha bir ikki marta ishlagan edik. O`tgan yildan boshlab mablag` bo`yicha muammolar boshlandi. Bu haqda Toshkentdagi milliy markaz rahbarlari ham bilishadi. Shundan so`ng ular bilan kelishgan holda tashkilotni yopdik."

O`zbekiston Milliy matbuot markazi tomonidan berilayotgan izohga ko`ra Samarqand viloyat bo`limi shu paytgacha mustaqil ravishda faoliyat yuritib kelgan va o`z-o`zini mablag' bilan taminlagan. Milliy matbuot markazining Samarqand viloyati bo`limining yopilishi ihtiyoriy ravishda viloyat bo`limi rahbari tomonidan aylanma mablag` yo`qligi to`grisida berilgan arizaga muvofiq yopilgan. Respublika milliy matbuot markazi viloyat bo`limini mablag` bilan taminlay olmagan.

Toshpo`lat Rahmatilaevga ko`ra hozircha internet klubi faoliyati butunlay to`xtadi, deyishga erta. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti mazkur loyihani moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash istagidam deydi u.

“Ularni pozitsiyasi davom ettirish edi. Lekin yuridik shaxs o`z faoliyatini to`xtatgandan keyin, tashkilot shunga mos bir yuridik shaxs, hamkor topishi kerak. Hamkor sifatida bizning tashkilot yopildi”.

Biroq, respublikadagi mustaqil kuzatuvchilar bunday imkoniyatni shubha ostiga qo`yishadi va mamlakatda so`z erkinligiga oid vaziyat bundan bir necha yillar avval O`zbekistonda senzura rasman bekor qilingungacha bo`lgan vaziyatdan ko`ra yomonlashganini e'tirof etishadi.

Ayniqsa, yakunlangan 2005 yilda O`zbekistonda matbuot erkinligiga oid vaziyat keskin yomonlashgan. Mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiq kuchaygan. Jurnalistlar qamoqqa olingan. O`zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Andijon voqealarini noto`gri yoritishda ayblangan, keskin tanqidiy maqola berishga uringan gazeta faoliyati to`xtatilgan. Bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalari vakolatxonalarining O`zbekistonda faoliyat yuritishiga ruxsat berilmagan. Ayrimlari mamlakatda xolis jurnalistik faoliyat yuritishga imkoniyat yo`qligi bois mamlakatdan chiqib ketgan.

Mahalliy kuzatuvchilardan biri Toshpo`lat Yo`ldoshevning O`zbekistondagi matbuot erkinligiga oid vaziyat haqidagi fikrlari:

“2005 yildan boshlab jurnalistlarga, internet saytlarga ta'qiblar juda kuchayib ketdi. Shu jumladan mana Toshp`lat Rahmatillaevning internet klubini ham bekitishibdi ekan. Men o`ylaymanki, bu bosimlarning davomi bo`ladi. Ko`pchilik jurnalistlar, siyosatshunoslar, o`zining siyosiy faolligini ko`rsatmoqchi bo`lgan kishilar, menimcha, ta'qibga uchrasa kerak. Chunki shularning hammasini men o`zimda ham sezib turibman. “Advokat-press ” gazetasini yopishdi, bitta maqola uchun, “Trubune-uz” mutlaqo ochilmayapti.”

Xalqaro tashkilotlar tomonidan e`lon qilingan ma'lumotlarga ko`ra O`zbekiston qamoqqa olingan jurnalistlar soni jihatdan dunyodagi yetakchi o`rinlardan birini egallab kelmoqda.

Tazyiqqa uchragan mustaqil jurnalistlardan biri Qudrat Bobojonov O`zbekistonda mustaqil matbuotga nisbatan munosabat sabablarini quyidagicha izohlaydi:

“Bugungi kuda matbuot, mustaqil jurnalistika mavjud tuzum uchun eng xavfli narsa bo`lib qolmoqda. Ommaviy axborot vositalari orqali axborot tashqariga chiqmoqda, O`zbekistonga chiqmoqda… Bugungi kunda O`zbekiston hukumati, nima uchundir izolyatsiya holatini qurmoqda. Yopiq jamiyat qurish uchun bunday tashkilotlar tugatilishi kerak”.

O`zbekistonda so`z erkinligi keskin tazyiqqa uchrayotgani bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan AQSh hukumati tomonidan berilgan rasmiy bayonotlarda ham tanqidga uchrab kelmoqda.

XS
SM
MD
LG