14 –15 noyabr kunlari O’zbekiston prezidentining Rossiyaga qilgan tashrifi natijasida O’zbekiston va Rossiya o’rtasida ittifoqchilik shartnomasining imzolanishi muxolif partiyalar va mustaqil kuzatuvchilarning qarshiligiga uchramoqda.
O’zbekiston va Rossiya o’rtasida imzolangan ittifoqchilik shartnomasida biron davlat hukumati xavf ostida qolganida ikkinchi bir davlat xavfsizlik yordami, jumladan harbiy yordamlarni ko’rsatishining belgilanishi, kuzatuvchilarning muxolif partiya vakillarining etiroziga sabab bo’lmoqda. Ba’zi kuzatuvchilar ittifoqchilik shatnomasini ixtiyoriy tarzda Rossiya qaramog’iga krishdagi qadam sifatida ham baholashmoqda.
Muxolifatdagi “Ozod dehqonlar” partiyasining markaziy kengashi vakili Bahodir Nomozovga ko’ra, O’zbekiston prezidenti aynan o’ziga bo’lgan tahdidni his etmoqda va shuning uchun ham Rossiyadan panoh qidirayapti.
“O’zbekistonga hech kim tahdid solayotgani yo’q, O’zbekiston prezidenti jahon ommasi tomonidan ko’rsatilayotgan tayziqlardan qochib rossiyaning pinjiga yashirinmoqchi”, - deydi Bahodir Nomozov.
“Siyosat” axborot-tahlil markazining eksperti Qobilbek Karimbekov O’zbekistonga nisbatan kutilayotgan quyidagi tahdidlar haqida gapiradi:
“Birinchi tahdid xalqaro terrorizm. Mintaqamiz O’zbekiston uchun diniy ekstremiz, dinni niqob qilib olgan guruhlarning janubdan kutilayotgan tahdidi kuchli. Rossiyada imzolangan bitim haqida gapiradigan bo’lsak, bu bugun erta O’zbekistonga Rossiya qo’shinlari kiradi degani emas, lekin agar tahdid tug’ilsa Rossiya va O’zbekiston harbiy hamkorligi davom etadi.”
Mahalliy kuzatuvchilardan biri Sharof Ubaydullayevning fikricha esa “Eng birinchi xafv bu xalqning iqtisodiy ahvoli, uning ijtimoiy himoyalanmaganligi. Iqtisodiy ahvolni o’nglash chorasini qilolmagan ba’zi bir rahbarlar, O’zbekistonda diniy ekstremizm, akromiylar qiyofasida qandaydir xafv borligini ko’rsatishlari bu iqtisodiy muammolarni hal eta olmagan kishilarning shunchaki bahonasi”, - deydi Ubaydullayev.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko’ra esa Rossiya armiyasi O’zbekistonga tahdid bo’lishi bo’lmasligidan qat'iy nazar kirishi mumkin.
“Rossiya bu shartnoma orqali O’zbekistonga o’z harbiy bazasini kiritishni ko’zda tutayotgani tabiiy, lekin mafaatlarini tor doira bilan kelishib amalga oshirishda xatoga yo’l qo’ymoqda”, - deydi siyosatshunos.
Ko’pchilikning fikricha, xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqidga olinayotgan O’zbekiston hukumatining xavfsizligini ta’minlashga Rossiya tomonidan kafolat berilayotganligi Rossiyaning xalqaro maydondagi obro’sini tushirish bilan birgalikda, uning kelajakda O’zbekiston bilan bo’layotgan munosabatlariga ham jiddiy putur yetkazishi mumkin.
Kuzatuvchilar nazarida, mamlakatda Rossiya harbiy bazasi joylashadigan va yoki biron vaziyatda armiya kiritiladigan bo’lsa va O’zbekistonda Rossiyaning gaz va neft kompaniyalari uchun yetarli sharoit yaratilgach, bu holatda mustaqil O’zbekiston uchun chet el bilan aloqalarda o’z manfaatlarini himoya qila olishi oson kechmaydi.