Breaking News

O'zbekistonda jurnalist bo'lish osonmi?


Jurnalistika dunyoning ba'zi nuqtalarida xavfli kasblardan biriga aylangan. Xalqaro miqyosda faoliyat olib boradigan, idorasi Nyu Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining ma'lumotiga ko'ra, so'nggi o'n yil ichida jahon bo'ylab 341 nafar jurnalist o'z faoliyati tufayli qurbon bo'lgan. Hali 2005 yil tugamasdanoq, shu yili halok bo'lgan jurnalistlarning soni 40 taga yetdi. Ularning 19 nafari Iroqqa to'g'ri keladi.

O'zbekistonda jurnalistlar halok bo'lmagani bilan jurnalistika kasbi bilan bog'liq xavf darajasi Andijon voqealaridan keyin keskin ko'tarildi. Jurnalistikaga bog'liq qator tashkilotlar yopildi. Bular Internyus, Bi-Bi-Si Jahon Xizmati, Urush va tinchlikni yoritish instituti, jurnalistlarga moddiy va texnik yordam ko'rsatib kelgan Ochiq Jamiyat institutidir. O'zbekistonda faoliyat yuritib kelgan ko'plab mustaqil va chet-el matbuotida ishlayotgan o'zbekistonlik jurnalistlar o'z xavfsizliklarini o'ylagan holda, mamlakatni tark etishga majbur bo'ldilar.

Ana shunday jurnalistlarning biri mamlakatni 2004 yilda tark etishga majbur bo'lgan jurnalist Ruslan Sharipovdir. O'z maqolalarida hukumat siyosatini qattiq tanqid ostiga olib kelgan jurnalist 2003 yil hibsga olinib, 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Biroq inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar va AQSh hukumatining ba'zi rasmiylari o'rtaga tushgandan so'ng, Ruslan Sharipov qamoqdan ozod etildi. Biroq u O'zbekistonda o'z professional faoliyatini ortiq davom ettira olmasdi. Unga zudlik bilan O'zbekistonni tark etish sharti qo'yildi va roppa-rosa bir yil burun Ruslan AQShga chiqib ketdi.

Ruslan Sharipov sobiq "Umid" jamg'armasi stipendiantidir. Uning aytishicha, hukumat chetdan bilim olib qaytgan yoshlarning malakasidan foydalanmayapti. Yoshlar esa o'z navbatida mamlakat ichidagi siyosiy ahvoldan o'z noroziliklarini bildirmoqdalar.

2004 yili Jahon gazetalar uyushmasi tomonidan "Oltin qalam" sovriniga sazovor bo'lgan Ruslan Sharipov ayni paytda AQShda o'z o'rnini topishga harakat qilmoqda.

Ikkinchi jurnalist esa AQShga yaqinda kelgan. U 13 mayda Andijonda bo'lib voqealarni o'z-ko'zi bilan ko'rgan. Galima Buxarbayevaning aytishicha, hukumat qo'shinlari uning ko'zi oldida namoyishga to'plangan tinch aholini hech qanday ogohlantirishsiz, ayovsiz qirgan. O'qning bittasi Galimaning sumkasini teshib o'tgan.

Galima Buxarbayevaning aytishicha, u unga qarshi ta'qib boshlanishini kutmasdanoq, O'zbekistonni darhol tark etdi. Vashingtonda u AQSh Kongressi o'tkazgan tinglovda ham Andijon voqealari bo'yicha ko'rsatma berdi.

Urush va tinchlikni yoritish institutining Toshkentdagi bo'limi direktori vazifasida ishlagan va har zamonda O'zbekistondagi biron-bir muammoni ko'tarib uni tahlil qilgan Galima Buxarbayeva AQShga kelib, shu kuzdan boshlab Nyu Yorkdagi mashhur Kolumbiya Universitetida jurnalistikadan tahsil ola boshladi. O'zbekiston matbuoti uni G'arb davlatlariga malaylikda ayblab, uning Kolumbiya Universitetiga kirishini Andijon voqealarini noto'g'ri talqin qilib, O'zbekistondagi tuzumga qarshi o'sha davlatlarga yordam berganligi uchun mukofot deb atadi. Biroq Buxarbayevaning aytishicha, u Kolumbiya Universitetiga kirishga 2003 yildan beri harakat qilib kelgan va shu yilning aprel oyida, ya'ni Andijon voqealaridan oldin, mazkur oliy o'quv yurtiga qabul qilinganligi haqida xushxabar olgan.

Galima Buxarbayeva o'qishini tugatgach O'zbekistonga qaytishini ma'lum qildi. "Qo'rqmaysizmi?" degan savolga, "O'zbekistonni juda sevaman. U yerga bo'lmasa ham, mintaqaga qaytib, ishlash niyatim bor", dedi.

22 noyabr kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi Nyu Yorkda Galima Buxarbayevaga yilda bir marta topshiriladigan Xalqaro matbuot erkinligi sovrinini taqdim etadi.

Hikoyamizning navbatdagi qahramoni O'zbekistonni Andijon voqealaridan ancha ilgari tark etgan va hozirgi kunda Kanadada istiqomat qilmoqda. O'zbekistonni tark etishga majbur bo'lgan boshqa chet-el matbuotiga ishlaydigan va mustaqil mahalliy jurnalistlardan farqli o'laroq, Ismat Xushev O'zbekistondan chiqib ketgunga qadar ko'p yillar davomida hukumat gazetalarida faoliyat olib borgan va o'zining tan olishicha, prezident Karimov va uning hukumatiga sidqidildan xizmat qilgan. 2003 yilga qadar besh yil davomida Delovoy Partner gazetasining bosh muharriri bo'lgan bu jurnalist gazetani liberallashtirish va jamiyatdagi muammolarni omma muhokamasiga chiqarish niyatida, Oliy ta'lim vazirligi qoshida ochilgan "Milliy ta'lim" gazetasiga rahbarlik qilish borasidagi tushgan taklifni darhol qabul qiladi.

Gazetaning uchinchi soni chiqqandan so'ng hukumat uni yopishga qaror chiqardi, Ismat Xushev esa ba'zi hukumat a'zolari tomonidan unga tahdidni seza boshladi va 2003 yil mart oyida ko'plab xalqaro ommaviy axborot vositalari ishtirokidagi kutilmagan matbuot anjumanini o'tkazdi. Ismat Xushev unda gazetaning ochilishini va matbuot erkinligiga g'ov bo'layotgan ba'zi hukumat a'zolarining iste'fosini ham talab qildi hamda ko'p o'tmay O'zbekistonni tark etishga majbur bo'ldi. Andijon voqealari va undan keyingi jarayonlarning O'zbekiston matbuotida yoritilishini kuzatayotgan Ismat Xushev o'z nashrlarida hukumatning Andijon voqealari bo'yicha tafsilotlarini ifoda etayotgan sobiq hamkasblaridan norozi ekanligini bildirdi. Uning aytishicha, vaqt o'tib ular xalq oldida uyatga qoladilar.

Ismat Xushev nazarida Andijonda terrorchilik harakati emas, balki adolatsizlik va qashshoqlikdan charchagan xalq noroziligi o'z aksini topgan. Jurnalist ayni paytda o'z o'tmishini kitobga bitish bilan mashg'uldir.

Lavhaning so'nggi qahramoni O'zbekistondagi BBC Jahon xizmatining rahbari Monika Uitlok haqidadir. BBC O'zbekistonda o'z idorasini yopganligi haqida yaqinda xabar qilgan edi. Andijon voqealaridan so'ng hukumat qahr-g'azabiga uchragan BBC o'z jurnalistlarining xavfsizligiga bundan keyin kafolat bera olmasligini va O'zbekiston hukumati tomonidan BBC va uning jurnalistlariga qo'yilayotgan bosimni inobatga olib, respublikada ortiq ishlay olmasligini ma'lum qilgan edi. BBC ning Toshkentdagi mintaqaviy idorasida o'zbek, qozoq, qirg'iz, rus va ingliz tillaridagi radioeshittirishlar va ingliz tilidagi televizion lavhalar tayyorlanar edi. Unga tajribali jurnalist, O'zbekistonda bir necha yil ishlagan britaniyalik Monika Uitlok rahbarlik qilib kelgan edi. Biroq Monika Uitlok ham mahalliy jurnalistlarga o'xshab Andijon voqealaridan so'ng O'zbekiston hukumati tomonidan bosimga uchragan.

Asli britaniyalik bo'lsada, Markaziy Osiyoda deyarli 10 yil faoliyat ko'rsatgan, Tojikiston fuqarosiga turmushga chiqib, undan ikki farzand ko'rgan hamda mintaqa tillari va madaniyatini qunt bilan o'rganib, Markaziy Osiyo haqida kitob yozgan Monika Uitlok o'zini mintaqaga, O'zbekistonga nisbatan chet-ellik deb hisoblamaydi. U taqdir taqozosi bilan respublikani tark etganiga afsus qiladi, biroq bundan boshqa chorasi yo'qligini ta'kidlaydi.

"Biz ham Andijon voqealarini yoritib kelgan edik, biroq faoliyatimizning hukumatga yoqmagan tarafi menimcha shu bo'ldiki, biz vaziyatni voqealar sodir bo'lmasdan avval yoritib borayotgan edik," deydi Uitlok xonim. "Bizning televizion, keyinroq esa radio xizmatlarimiz ham xunrezliklardan bir hafta ilgari o'sha yerda edi. Biz voqeani hukumat talqinidan o'zgacha ravishda yoritdik. Ya'ni namoyishlarda oddiy tinch aholining ishtirok etganini xabar qildik. Bu esa hukumatga yoqmadi shekilli."

Uitlok xonimning aytishicha, Andijon voqealaridan bir oy o'tgach, Tashqi ishlar vazirligi unga O'zbekistonda boshqa qola olmasligini aniq qilib aytgan. Bunga, deydi BBC jurnalisti, ular aql bovar qilmaydigan sabab ko'rsatishdi.

"Ular mening terrochilar bilan telefon orqali qilgan muloqotimni eshitishganini aytishdi," deb so'zlab beradi u. "Menga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilmadi, biroq ular menga qarshi jiddiy ayblovlar borligiga va mamlakatda ortiq qolishim mumkin emasligiga ishora qilishdi. Shundan so'ng men zudlik bilan O'zbekistondan chiqib ketdim."

Monika Uitlokning aytishicha, Andijonda otishma avjiga chiqqan mahal BBC namoyishchilarning biri bilan telefon orqali aloqada bo'lgan. Shu payt kuchli otishma sadolari va ayrim odamlarning qurbon bo'lishlaridan oldin so'nggi namozlari eshitilgan. Uitlok xonimning fikricha, Tashqi ishlar vazirligi efirga aynan o'sha suhbatning berilishidan norozi bo'lgan.

"Men nafaqat o'zimning mamlakatni tark etishimdan, balki umuman Toshkentdagi idoramizning yopilishi va barcha mahalliy xodimlarining ham O'zbekistondan chiqib ketishidan afsuslanaman. Yaqin kelajakda qayta ochilmasak deb o'ylayman. Bu esa O'zbekistonda mustaqil matbuotga, muqobil ovozga ayni damda o'rin yo'q degan aniq ishoradir."

Monika Uitlok unga va hamkasblariga qo'yilgan ayblarni va O'zbekiston matbuotida chiqayotgan qarshi maqolalarni asossiz deb hisoblaydi.

"Bizga qo'yilayotgan ayblovlardan biri shuki, biz voqea boshlanmasdanoq o'sha yerga borganmiz va namoyishchilar bilan muloqot qilganmiz. Buni rad etmayman. Biroq nega endi bu jinoyat bo'lishi kerak ekan? Axir, biz jurnalist sifatida ular bilan gaplashib, fikrlarini efirga chiqarib, o'z vazifamizni bajarayotgan edik-ku," deb hayron bo'ladi u.

Yaqinda ikkinchi farzandini ko'rgan Monika Uitlok ayni damda Londonda onalik ta'tilini o'tkazmoqda. U O'zbekistonga qaytishga umid bog'layapti. Uning aytishicha, agar imkoniyat bo'lganida, u ertagayoq Toshkentga yo'l olgan bo'lar edi.

XS
SM
MD
LG