Breaking News

O'zbekistonda nogironlar hayoti - ochlik, azob-uqubat


O’zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobi nogironlar hayotiga ham o’z ta’sirini o’tkazmay qolmagan. Ayni paytda nogironlar ishsizlik, uysizlik, ko’pgina imtiyozlarga ega emasliklari, hamda davlat tomonidan berilayotgan nafaqaning ozligi muammolar tug’dirayotganini aytishadi. Ayrim nogironlar esa o’z avtomobillarini chiqarayotgan respublikada nogironlar uchun ham maxsus avtomobillar yaratilishiga umid qilishmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, bugun O’zbekistonda 800 mingga yaqin nogiron istiqomat qiladi. Respublika nogironlari guruhiga qarab nafaqa bilan ta’minlanadi. Ularning o’rtacha nafaqasi 9-11 ming co’m, ya’ni 10 dollar atrofida. 2-guruh nogironi Azamat Mahmudov fikricha, ayni paytda nogironlar o’rtacha hayot kechirishi uchun tusqinlik qiladigan muammolar talaygina.

“Hozirgi nafaqalar eng kami 6 ming co’m. 1-guruh nogironlari 13 mingdan 19 minggacha pul olishadi. Lekin shu ham juda kam. Masalan nogironlarning o’rtach nafaqasi 9-11 ming co’m atrofida bo’lsa, faqat turar joy uchun to’lansa, boshqa narsaga mablag’ qolmaydi. Lekin nogironlar o’zlari u yer-bu yerdan ish topib, ba’zilari shoxobchalar ochib ishlab, turmushlari o’rtacha darajada bo’lishga intilishyapti. Lekin juda qiyin ahvolga tushgan nogironlar juda ko’p. Ular ko’chiligi uydan ham chiqishmaydi, ko’plari nogironlar jamiyati borligini ham bilishmaydi. Aravachalarning yo’qligi ko’p o’rnidan turolmaydigan nogironlar uchun juda jabr bo’lgan, chunki ular doim uyda yotishadi, doim ularning oldida yaqin odamlar turishi kerak”, -deydi Azamat Mahmudov.

O’zbekistondagi nogironlarning 35 ming nafari ko’zi ojizlar hisoblanadi. Respublikada nogironlar uchun uch maxsus o’quv yurti mavjud. Biroq ko’zi ojizlar bilim olishi uchun maxsus darslik va o’quv qurollarining yetishmasligi ham dolzarb muammolardan biriga aylangani aytiladi.

Toshkentdagi mavjud ko’zi ojizlar korxonasi ishchilarining bildirishicha, xom-ashyoning etishmasligi tufayli keyingi yillarda bu yerdagi ishlar to’xtagan. Ko’zi ojizlarni ish va yotoq bilan ta’minlash ham ayni kunning muammosi ekanligini aytadi respublika ko’zi ojizlar jamiyati xodimi.

“Jamiyatimizda hammasi bo’lib 36 ishlab chiqarish korxonalari mavjud bo’lib, ularda bozor iqtisodiyotining qiyinchiliklari tufayli anchagina ishlar to’xtab qolgan. Sababi, bir tomondan mablag’ tanqisligi bo’lsa, ikkinchi tomondan xomashyo yetishmasligidir. Respublikamizda 7 ta maxsus ko’zi ojiz bolalar maktab-internati bor. Ularda o’quv qurollri yetishmaydi. Undan tashqari, maktab-internatlarni har yili 70dan 90 nafargacha yigit-qizlarimiz bitirib chiqadi. Ularni ishga joylashtirish masalalari ham shu muammolar ichiga kiradi”,- deydi u.

Ba’zilarga ko’ra, respublikadagi nogironlar hayoti havas qiladigan darajada emasligining yana bir sababi imtiyozlarning olib tashlanganiyu, ularga ko’rsatiladigan tibbiy xizmatning qoniqarli darajada emasligidir. 1-guruh nogironi Anvar Tolibovning aytishicha, uning bepul dori-darmon istab turli tashkilotu muassasalarga qilgan murojaatlari ham natijasiz qolgan.

“Man kasalman. Poliklinikadan hech qanaqa yordam yo’q. Insulin dorini 2 oydan beri so’rayman, darak yo’q. Bir martagina bir grammli shpris berishdi, 10-15 ta. Bjshqa hech qanday imtiyozlar yo’q. Bepul dori berishmaydi, hol-ahvol so’rashmaydi. Mening pulim yo’q. Vazirlikdan so’raganimda bepul retsepga dori olish uchun, berishmadi”,- deydi Tolibov.

Ismini oshkor etishni istamagan respublika mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi mulozimi fikricha, O’zbekistonda nogironlar himoyasi qonun asosida belgilangan.

“Davlat dasturiga asosan nogironlarga faqat pensiya berib qo’yibgina emas, balki ularni tibbiy, ijtimoiy, kasbiy qayta tiklab, ularni jamiyatning teng huquqli fuqarolari singari faol qatnashib, baholi qudrat mehnat qilib, jamiyatga qaytish intigratsiyasini ta’minlash bo’yicha katta tadbirlar belgilangan. Bugungi kunda 12ta nogironlar reablitatsiya markazlari faoliyat ko’rsatib, oddiy kasalxonadan farq qilgan holda bu tibbiy-ijtimoiy muassasalarda nogironlarning reablitatsiyasi bo’yicha keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda. Har yili mana shu markazlarda 10 mingdan ortiq nogironlar reablitatsiyadan o’tadi”,- deydi u.

O’zbekiston mustaqil bo’lgach, dunyoda avtomobil sanoatiga ega 26 davlat qatoridan o’rin egalladi. Biroq haligacha nogironlarga muljallangan avtomobil chiqarish yo’lga qo’yilmaganidan norozilik bildirarkan, hukumat nogironlar oldidagi majburiyatini bajarishi shart, deb hisoblaydi Sobir O’ktamov.

“O’zbekistonda yashayotgan xalqning katta bir qismi nogironlar. Ularning huquqlari, ularning haqlari bor. Ularga teng sharoit yaratish kerak. Ularning inson sifatida orzu-umidi bor. Mana shu orzu-umidni ruyobga chiqarish uchun davlatning olgan majburiyati bor. Bugungi kunda nima uchun shunday salohiyatga ega bo’lgan respublika o’zining nogironlarga muljallangan avtomobilini yaratish bo’yicha ish boshlolmaydi? Nima uchun avtobuslarimiz nogironlar uchun moslashishi kerak emas? Mana lift zavodi bor. Shunday katta komplikslarni yaratgan O’zbekiston nahotki bitta lift zavodini modernizatsiya qilolmaydi?”,- deydi O’ktamov.

Ayrimlarning fikricha, mamlakatda nogironlar uchun moslashtirilgan ish o’rinlari muammo kasb etgan bir paytda, sog’lom kishining keyinchalik nogiron bo’lib qolish oqibati ham ayanchli kechadi. Chunki oliy ma’lumotli, malakali nogironlarning ish topishi og’irligi, ko’pgina korxonalarning xom-ashyo yetmasligi bois yopilishi tufayli nogironlar orasida ishsizlar soni ortib borayotgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG