AQShda chiqadigan nufuzli Vashington Post gazetasining 7 dekabr sonida Anti-Demokratik Niyat deb nomlangan maqolada Rossiya AQShga hamkormi degan savol o’rtaga tashlanadi. Ayniqsa, prezident Bushning demokratik g’oyalarni dunyo bo’ylab yoyishga qaratilgan harakatlariga Markaziy Osiyoda to’sqinlik qilayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning siyosati inobatga olinsa. Bushning aytishicha, Markaziy Osiyoda siyosiy erkinlashtirish al-Qoida va boshqa musulmon ekstremistlarga qarshi kurashdagi muhim omillardan biridir.
Biroq, deydi gazeta, rasmiy Moskva AQShning matbuotni erkinlashtirish va erkin saylovlarni o’tkazishga chaqiruvchi harakatlariga G’arbning ta’sirini kengaytirish sifatida qaramoqda. Rossiya prezidenti islohotlarga qarshi chiqqan har bir tuzumga o’z quchog’ini ochmoqda, deb yozadi Vashington Post. G’arb tomonidan tanqid qilingan Qozog’iston saylovlarida go’lib chiqqan Nazarboyevni Putin birinchilardan tabrikladi. Bu AQSh hamkorining ishimi yoki raqibinimi, deya savol bilan xulosa chiqaradi Vashington Post.
AQShning UPI (Yu-Pi-Ay) axborot agentligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi chiqargan hisobot bo’yicha 7 dekabr kuni tahliliy maqola tayyorlagan. Unda BMTning hisoboti haqida gap ketgan. Hisobotda esa O’zbekiston o’z qo’shnilari bilan hamkorlikni kuchaytirmasa va undan chetga chiqsa, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlikka yuz tutishi mumkin, deyiladi. Hisobotda O’zbekistonning o’z siyosiy diqqatini Andijon voqealaridan so’ng vujudga kelgan ichki siyosiy inqiroz bilan kurashishga qaratib, mintaqada o’zini yakkalashda davom etish ehtimoli xavotir bilan tilga olinadi.
O’zbekistonning yakkalanish siyosati hamda tashqi tahdidga ortiqcha diqqat qilishi uning qo’shnilari bilan chegaralarini yopishga majbur qildi, deyiladi maqolada. Tokioda chiqqan hisobotning tahlil va hisoblariga ko’ra, agar Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan O’zbekiston hukumati ochiqroq va yaxshiroq siyosat yurgizishsa, u holda mintaqadagi aholining daromad miqdori ikki baravardan ortiq ko’payishi mumkin.
UPI agentligining aytishicha, BMT hisoboti jahon hamjamiyatini beshala Markaziy Osiyo mamlakatlarida yig’ilgan mintaqaviy muammolarni hal qilishda yordam berishga chaqiradi. Vashingtondagi Jonzs Hopkinz (Johns Hopkins) universitetining Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassislaridan biri Svante Kornelning aytishicha, mintaqada hamkorlik haqida juda ko’p gap bo’lgan, biroq amalda kam ish qilingan.
AQShda chiqadigan yana bir gazeta Vashington Tayms 6 dekabr kuni Vashingtondagi konservativ Heritage Jamg’armasi siyosiy tadqiqot institutining xodimi Ariel Koenning maqolasini chop etdi. Maqola “Qozog’istonda barqarorlik ustun keldi” deb nomlanadi va mamlakatda o’tkazilgan prezidentlik saylovlariga bag’ishlanadi. Unda ta’kidlanishicha, hozirda Vashington Qozog’iston va, umuman, Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini saqlab qolish va rivojlantirish bobida qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Chunki Shanxay Hamkorlik tashkilotiga a’zo ikki qudratli davlat – Rossiya va Xitoy – AQShni bu mintaqadan chiqarib yuborish payida, deyiladi maqolada.
Maqola muallifi janob Koen nazarida, mintaqada demokratiyani targ’ib qilish zarur, ammo shu bilan birga, deydi u, Qozog’iston va Yevroosiyodagi boshqa mamlakatlarning energetika boyliklari va ularning geostrategik ahamiyatini yoddan chiqarmaslik kerak. Qozog’istonda o’tgan saylovlar mamlakat taraqqiyotida muhim rol o’ynar ekan, AQSh bu davlatni demokratiyaga chaqirishi bilan birga, yaqin aloqalar o’rnatishi ham lozim, deya yozadi gazeta.