Zamon notinch bo’lsa, buning aziyatini eng avvalo bolalar tortadi.
O’shda asoslangan “Kosh Araket” tashkiloti yosh avlod manfaatlarini himoya qiladi. Internat bolalari, nogiron va yetim o’g’il-qizlarni kasb-hunarli qiladi.
Erkingul Karakozueva jismonan va aqlan zaif bolalarning yarasiga malham izlaydi.
Farg’ona vodiysida qirg’iz, o’zbek va tojik aholi bilan ishlaydi. Konfliktlarning oldini olish bo’yicha mutaxassis.
U yaqinda Yevrosiyo jamg’armasi (Eurasia Foundation) taklifi bilan, Bill Maynes nomidagi stipendiya (Bill Maynes Fellowship Program) g'oliblari safida Vashingtonda bo’lib, hamkasblar bilan tajriba almashdi.
AQShda asoslangan, 1992 yilda tuzilgan bu xalqaro jamg’arma sobiq ittifoq davlatlaridan faollarni qo’llab-quvvatlaydi. Ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyotdan bilim ulashadi.
“Kosh Araket” nodavlat tashkiloti Yevrosiyo jamg’amasi bilan to’rt yillik hamkor. Qirg’iziston, O’zbekiston va Tojikistonni bog’lovchi, mojarolar ehtimoli yuqori bo’lgan hudud – Farg’ona vodiysida ayollar, yoshlar va bolalarga xizmat ko’rsatamiz”.
Maktabni bitirgan bola qaysi kasblarni o'rgansin?
Uning tashkiloti boquvchisi yo’q bolalarni kasb-hunarli qiladi. 9-sinfni bitirgach, bu yoshlar qayga boradi, nima qiladi? “Kosh Araket” mana shu masala bilan shug’ullanadi.
“Ospazlik, fotografiya kabi sohalarni o’qitamiz. Pul ishlab topib, uni to’g’ri, oqilona sarflashni o’rgatamiz. Bizning regionda ko’p yoshlar yurist yoki iqtisodchi bo’lishga oshiqadi. Afsuski, o’qish uchun katta pul va besh yil umrini sarflab, diplomini oladi-da, keyin Rossiya yoki Qozog’istonga qora ishchi bo’lib ketadi”.
“Biz”, deydi Erkingul Karakozueva, “mehnat bozorida qaysi kasb egalari kerak ekanini o’rganib, shunga qarab, hunar o’rgatamiz”.
Binolar, yo'llar eskirayapti, shu soha mutaxassislari kerak
Masalan tikuvchi, slesar, quruvchi, payvandlovchi-svarkachilarga doim talab katta.
Regionda Sovet Ittifoqi davrida qurilgan binolar, maktab, kasalxonalar, yo’llar eskirib borayotgan bir paytda mana shunaqa hunar egalari kerak, deydi qirg’izistonlik mutaxassis.
“Afsuski, maktablar, texnikumlarda uskunalar eskirib qolgan. Bolalar mana shu jihozlarda kasb o’rganadi. Lekin hayotda, amalda yangilarida ishlashni bilish kerak. Mana shu ham ishsizlikka hissa qo’shadi”, - deydi Erkingul Karakozueva.
Jismonan zaif bolalarga madad
“Kosh Araket” jismonan zaif bolalarga ham yordam qo’lini cho’zadi. Ko’rish, eshitish qobiliyati og’ir qiz-o’g’illarni hunarli qiladi. Tashkilot yozgi lagerlar tashkil qilib, qo’shni O’zbekiston va Tojikistondan bolalarni taklif qiladi.
“Bu bolalar juda ochiq, samimiy, mas’uliyatli. Ular bilan ishlash odamga bir olam quvonch bag’ishlaydi”, -deydi suhbatdosh.
Bolalarga pul sarflashni o’rgatish juda muhim. Kelajakda oson yashab ketishi uchun. Chunki bugun katta yoshdagilarning muammosi ishlab topgan davlatini to’g’ri joylay olmaganida, deydi u.
"Pulni to'g'ri sarflashni bilmaymiz. Muhojirlarga qarang"
“Muhojirlar qora terga botib, pul topadi-da, uyga qaytib mashina, uy sotib oladi yoki katta bazmga sovuradi hammasini. Keyin yana Rossiyaga ishlashga jo’naydi. Holbuki, o’sha pul bilan biror biznesga, loyihaga qo’l urish mumkin. Muhojir bo’lib ishlashga ham hojat yo’q”.
Suhbatni yakunlar ekan, Erkingul Karakozueva mintaqada nogiron, jismonan zaif insonlar uchun sharoit yo’q ekanini ta’kidlaydi. Yo’llar, transportda buning uchun biror chora ko’rilmagan.
"Nogiron bola ikkinchi darajadagi odam emas"
Ular xuddi ikkinchi darajadagi odamday. Odamlar yillab bir binoda yashab turib, qo’shni oilaning farzandi jismonan o’g’rishini bilmaydi.
“Bu jamiyatning nuqsoni. Biz or qilamiz, ortiqcha gap-so’zdan uyalamiz. Bundan bola jabr ko’radi”.
“Hammamiz odammiz. Qobiliyat, kuchli-kuchsiz ekanimiz, millat va yuz terimizdan qat’iy nazar bir-birimizga mehrli, oqibatli bo’lsak qani”, - deya undaydi qirg’izistonlik mutaxassis.