Breaking News

"Forum TV" va "Kelajak ovozi" - kimga xizmat qiladi?


Respublika ommaviy axborot vositalari Yoshlar yilini keng targ’ib qilmoqda.

“Forum TV” nomi bilan ish boshlayotgan yangi telekanal ham asosan ular hayotini yoritishni maqsad qilgan.

“Kelajak ovozi” degan yangi gazeta ham nashrdan chiqa boshlagan.

Har ikki tashabbus "O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg`armasi homiyligida amalga oshmoqda.

Sharhlovchilar nazarida o’ziga madaniy-ijtimoiy axborot vositasi deb qarayotgan bu kanal va gazeta aslida siyosiy targ`ibot quroli.

“Forum TV” nodavlat televideniyesi sifatida 24 soatlik efir dasturi rejalashtirgan.

“Ma`naviy-ma`rifiy yo`nalishda bo`ladi. O`zbekistonning boy madaniy me`rosi, urf-odatlari va qadriyatalri haqida xorijdagi tomoshabinlarga axborot berib boradi. Shuningdek, mamlakatimiz yoshlari, ularning qiziqishlari haqida keng axborot beradi”,- deydi Qobiljon Ahmedov, kanal tashkilotchilaridan biri va O`zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Uyushmasi vakili.

Norasmiy ma`lumotlarga ko’ra “Forum TV” ham "O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg`armasi singari prezident qizi Gulnora Karimovaga qarashlidir.

Qobiljon Ahmedov muassis va hamkorlar haqida to`liq ma`lumot berishga hali erta deydi. Chunki hujjatlar tasdiqdan o’tmagan.

O`zbekistonda yangi nashrdan chiqqan “Kelajak ovozi” gazetasi ham Gulnora Karimovaning forumi qaramog’ida ekani aytiladi.

“Veritas” yosh huquq himoyachilari tashkiloti rahbari Suhrob Ismoilov fikricha yangi telekanal va gazeta asosan davlat ideologiyasini yoyish bilan shug’ullanadi.

“Vatanparvarlik ruhini tarbiyalash… fidoyilik hissini uyg`otish…, lekin O`zbekiston yoshlari uchun bu gaplarning siyqasi chiqib ketgan. Umumiy narsa bo`lib qolaveradi. Yoshlarning mustaqil va o`z tashabbusiga asoslangan tashkilotlari tuzilsa-gina tanqidiy qarashdagi yoshlar tarbiyalanadi”,- deydi Ismoilov.

"O`zbekiston madaniyati va san`ati forumi" jamg`armasi o’tkazadigan tadbirlar va tashkilot faoliyati ham mamlakatda yaqindan yoritiladi.

Ayrim sharhlovchilar ta’biricha bu televideniye va nashrlar ehtimol forum rahbari Gulnora Karimovaning kelajakdagi siyosiy faoliyati uchun xizmat qiladi.

“Hozir ular O`zbekiston axborot bozorida ma`lum bir ulushlarni qo`lga kiritayotgani, bir tomondan, davlatning buyurtmasiga ko`ra amalga oshmoqda. Davlat yoshlar nazoratini qo`ldan chiqarmoqchi emas. Bu siyosiy tomoni. Ikkinchidan, keyinchalik ommaviy axborot vositasiga ega bo`lgan tashkilotalr katta daromad keltiruvchi kompaniyalarga aylanadi”, - deydi Suhrob Ismoilov.

O`zbekistonda 2000-yillar boshigacha bir necha mustaqil televideniyelar faoliyat yuritar va asosan mahalliy yangilik va muammolarini yoritib kelar edi.

AQShda asoslangan “InterNews” xalqaro tizimi O’zbekiston televizion va radio jurnalistlar malakasini oshirish, axborot bozorini yaratish va information vositalarning hukumat ajratgan mablag’ emas, reklamadan tushgan daromad evaziga kun ko’rishini ta’minlash yo’lida yirik hissa qo’shgan tashkilot sifatida tilga olinadi. “InterNews” 2004 yilda siyosiy bosim ostida O’zbekistondagi faoliyatini tugatgan.

Shundan keyin O`zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Uyushmasi tashkil etildi va barcha mahalliy stansiyalar bu tashkilot tomonidan nazoratga olindi.

XS
SM
MD
LG