Fransiya sudida Rue89 vebsaytiga qarshi jinoiy ish ko’rilmoqda.
O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayevaning da’vo qilishicha, vebsayt chop etgan maqolada “diktatorning qizi” degan ibora qo’llangan va xayriya bahonasida “davlat qiyofasini oqlamoqchi” degan tuhmatlar yozilgan.
Karimova O'zbekistonning UNESCO dagi doimiy vakilidir.
Parijda asoslangan "Chegara Bilmas Muxbirlar” (Reporters Without Borders) sharhicha, "O’zbekistonda inson huquqlari va matbuot erkinligi bobida ahvol bu qadar ayanchli bo’lmaganida edi sud ishini mayna qilsa arzirdi”.
“Lola Karimova vatanida bunday nashrning og’zini yumish uchun ishni sudga oshirmagan bo’lardi. Fransiyadan farqli ravishda O’zbekiston sudi adolat qilib o’tirmaydi. Zolimlar va ularning yaqinlari demokratik jamiyatlarda mavjud adliya tizimini o’yinchoq qilishi - ablahlik”.
Matbuot erkinlgini uchun kurashuvchi bu tashkilot izohicha, bu sud ishi "xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolayotgan diktaturani qayta esga solishi mumkin”.
“Mazkur imkoniyatdan foydalanib, Karimov ma’muriyatining qabih xatti-harakatlari, matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat oy sayin og’irlashib borayotgani haqida jar solamiz”, - deyiladi “Chegara Bilmas Muxbirlar” banoyotida.
2010 yilning 20 mayida Rue89 vebsaytida Avgustin Skalbertning “OITS – O’zbekistonda xavfli mavzu, Kannda esa tomosha uchun bahona” nomli maqolasi chop etilgan.
Skalbert maqolani yozish uchun yig'ilgan ma'lumot asosli, hammasi faktlar edi, deydi. Vebsayt tahririyati "O'zbekistonni diktator boshqarayotganini isbotlashga hojat yo'q" demoqda. Biroq aynan shu mavzu sud jarayoni diqqat markazida. Tahlilchilar nazarida bu ish Karimovning obro'siga yanada putur yetkazishi mumkin.
Lola Karimova mana shu maqoladan shikoyat qilib, 30 ming yevro kompensatsiya talab qilmoqda.
Opasi Gulnora Karimova Kann shahrida “Kinematograf OITSga qarshi” shiori ostida xayriya tadbiri uyushtirgan.
O’zbekistonda esa o’sha kunlarda bu kasallik, ya'ni immunitet tanqisligi virusining oldini olish haqida varaqa tarqatgani uchun “xalq urf-odatlariga xilof ish tutganlik” aybi bilan yosh faol yetti yilga qamalgan.
Lola Karimova maqolada qo’llangan “diktatorning qizi” iborasidan tashqari, opa-singillar taniqli aktrisa Monika Beluchchiga katta pul berib, evaziga u xayriya anjumanida ishtirok etgani haqidagi da’voni ham inkor etmoqda. Bu ayblovlar g’irt safsata, deyiladi Karimovaning arzida.
“Qizlari e’tiroz bildirishi mumkin, lekin Islom Karimov O’zbekistonda bor har qanday muxolifatni yanchib, 1989 yildan beri davlatni qamchi bilan boshqarib keladi. Bu degani u – “diktator”, siyosatshunos olimlar ta’rifi shu”, - deydi “Chegara Bilmas Muxbirlar”.
Karimov bu tashkilot tuzgan, “Erkin matbuot dushmanlari” ro’yxatidan ham o'rin olgan.
Tashkilotning ogohlantirishicha, hozirda kamida 11 jurnalist qamoqda va vahshiyona sharoitda saqlanmoqda.
Arab dunyosidagi qo’zg’olonlar, birma-bir ag’darilayotgan diktaturalar Karimovni vahimaga solgani aniq, chunki mamlakatda yil boshidan beri jurnalistlarga nisbatan tazyiq va matbuotni ezish hollari yanada kuchaygan.
O’zbekiton ommaviy axborot vositalari ahli bundan e’tiboran xorij vakili bilan ko’rishishdan oldin hukumatga xabar berishi kerak.
Davlat televideniyesida ishlagan ikki muxbir ayol Saodat Omonova va Malohat Eshonova Toshkent markazida turib, senzura va korrupsiyaga qarshi namoyish qilgach, 2010 yilning dekabr oyida ishdan bo’shatilgan.
Hamma sukut saqlaydigan bu mamlakat uchun kutilmagan jasorat edi bu. Jurnalistlar Vasiliy Markov va Ruslan Karimov Qashqadaryo viloyatida suiqasdlar haqida axborot to’playotib, 5 may kuni hibsga olingan. O’zbekistonda xalq hayotini, kundalik turmushini yoritish jurnalistlarga qimmatga tushadi, deya baho beradi "Chegara bilmas Muxbirlar.
Mobil telefon orqali internetga kirish tobora ommaviy tus olib borayapti. Lekin shu yilning mart oyida uyali aloqa operatorlari hukumatdan ko’rsatma olgan – smslar oqimi oshsa va mazmuni shubhali xabarlar ko’paysa, darhol rasmiylarga xabar berilishi shart.
Qanchalik mushkul bo’lmasin, inson huquqlari bo’yicha "Human Rights Watch" tashkiloti yaqingacha Toshkentda o'z idorasiga ega edi. Biroq mart oyida siyosiy bosim ostida uni yopishga majbur bo'ldi.
Yevropa Ittifoqi va AQSh Islom Karimov va uning ma'muriyati bilan demokratik islohotlar va erkinlik haqida ham gaplashayotganini bildiradi, lekin vaziyat nega yaxshilanmayapti deya so'raydi huquq himoyasi bilan mashg'ul muassasalar.
Shu yilning boshida Newsweek nashri dunyoning eng zolim rahbarlari ro'yxatini chop etgan edi. Unda Islom Karimov, Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedov, Liviya rahbari Muammar Qaddafiy, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Shimoliy Koreya yo'lboshchisi Kim Chen Ir kabilar bor.