Breaking News

Rossiyalik ekspertlar: Gulnora Karimova prezident bo'la olmaydi


Qozog’iston va Qirg’izistonda prezident saylovlari 2005 yili, Tojikistonda o’tgan yili, Turkmanistonda esa o’tgan hafta o’tkazildi.

O’zbekiston Konstitutsiyasi bo’yicha prezident saylovlari mamlakatda shu yili o’tkazilishi kerak. Ayrimlar prezident Islom Karimov vakolati 22 yanvarda tugagan desa, boshqalar amaldagi prezident davlat tepasida yil oxirigacha qolishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Har ikkala tomon ham O’zbekiston qonunchiligiga ishora qilmoqda.

Ayrim rossiyalik tahlilchilar Amerika Ovozi bilan suhbatda ushbu mavzuga o'z munosabatini bildirdilar.

AQShning Xalqaro Tinchlik uchun Karnegi jamg’armasining Moskvadagi bo’limi xodimi, islom va Markaziy Osiyo bo’yicha yirik mutaxassis Aleksey Malashenkoning aytishicha, qo’shni Turkmanistonda Saparmurod Niyozovning kutilmagan o’limi Islom Karimovni o’ylantirib qo’ygan.

"Saparmurod Niyozovning o’limi Islom Karimovni shokka tushirgan. Chunki hech kim Turkmanboshi foniy dunyoni bunchalik tez tark etishini kutmagan. Uning vafoti hech kim abadiy emasligini esga soldi," - deydi Malashenko. "Biroq bu hol Karimovni qaysi tarafga yo’naltirishini bila olmaymiz. Ozarbayjonda bo’lgani kabi hokimiyat tepasiga vorisni keltirish tomonga og’adimi yoki loyiq voris yo’qligidan tushkunlikka tushib, hokimiyatda uzoqroq qolishni afzal ko’radimi? Mish-mishlarga ko’ra, hukumat shu yilning o’zidayoq boshqa qo’lga o’tadi. Biroq men hozir mantiqdan emas, inson psixologiyasidan kelib chiqib tahlil qilyapman."

Markaziy Osiyo haqidagi ko’plab tahliliy maqolalari bilan yaxshi tanish, Rossiyada chop etiladigan “Vremya Novostey” gazetasi jurnalisti Arkadiy Dubnov O’zbekistonda prezident saylovlari bo’yicha biror rasmiy axborot chiqmaganidan taajjubda. Uning fikricha, konstitutsiyada bir-biriga qarama-qarshi moddalar mavjud.

"Biz O’zbekistonda konstitutsion inqirozning guvohi bo’lyapmiz. Bir tomondan qonun Karimov prezidentligi 22 yanvarda tugagan desa, boshqa tomondan xuddi shu qonun unga yil oxirigacha hokimiyat tepasida qolish imkoniyatini bermoqda," - deydi Dubnov. "Lekin meni taajjubga solayotgan narsa shuki, O’zbekistonda hamma bu haqda sukut saqlamoqda. Yoki mamlakat rahbari xalqini bu borada axborot olishga loyiq emas, deb hisoblaydimi?"

O’zbekistondagi ayrim rasmiylarning norasmiy ma’lumotiga ko’ra, saylovlar 23 dekabrda o’tkazilishi kutilmoqda. Biroq ularning qanday tarzda kechishi haligacha noma’lum. Arkadiy Dubnov nazarida bu borada uch ssenariy mavjud.

"Birinchisi, Karimov prezidentligini saylov yoki referendum orqali uzaytirishi mumkin. Ikkinchisi, Karimov davlat tizimini isloh qilgan holda boshqa bir idoraga rahbar bo’lib o’tib hokimiyatni saqlab qoladi. Masalan, Senatga rais bo’lishi mumkin, prezident vakolati esa qisqartiriladi. Karimov tirik ekan, hokimiyat tepasida qoladi. Bu uning tabiatiga xos narsa. U o’zidan boshqa odamni rahbarlikda tasavvur eta olmaydi."

Dubnov taklif etayotgan uchinchi ssenariyga ko’ra, hokimiyatga amaldagi prezidentning to’ng’ich qizi Gulnora Karimova keltirilishi mumkin.

"Biroq bunday bo’lishiga ishonmayman. Gulnora Karimovaning reklama qilinishi saylovchilar uchun yomon emas, chunki odamlar ayol kishi ham prezident bo’lishi mumkin, degan fikrga ko’nikishlari mumkin. Biroq hokimiyat tepasiga keltirilgan taqdirda ham Gulnora Karimova Islom Karimov olamdan o’tmaguncha prezident bo’ladi."

Aleksey Malashenko fikricha, O’zbekistonda Ozarbajyon ssenariysi ma’lum sabablarga ko’ra o’tmaydi.

"Ozarbayjondagidek bo’lishi uchun, Karimov harakatni bundan 2 yil oldin boshlashi kerak edi. Hozir kech bo’ldi. Axir Haydar Aliyev o’g’li Ilhomni o’limidan ikki yil oldin voris sifatida tayyorlay boshlagan. Nafaqat Ilhomni, hattoki butun oilasini ham. Karimov ayrim kuchlar, klanlar va guruhlar manfaatlarini hisobga olmay iloji yo’q. Bu Turkmaniston emas. Qizini prezidentlikka tayinlash bilan ish bitmaydi. O’zbekiston Ozarbayjon ham emas. Undan ancha katta, aholisi ko’p, demak hokimiyatga talabgorlar ham ko’p."

Rossiyalik har ikki mutaxassis nazarida Karimov rahbarlik uchun o’zidan so’ng davlatni ushlab tura oladigan, u va oilasi xavfsizligi va moliyaviy mavqeini kafolatlay oladigan odamga muhtoj. Bunday nomzod yo’q ekan, uning o’zi hokimiyatni oxirigacha ushlab turishga harakat qiladi. Biroq bu kabi ahvolning kelib chiqishida siyosiy maydonni hamisha tozalab turgan Karimovning o’zi aybdor, deydi ekspertlar.

XS
SM
MD
LG