Breaking News

Tantilikmi yohud tantiqlik? Gulnora va Lola Karimova haqida mulohaza


O’zbekiston rahbari Islom Karimovning qizlari – Gulnora va Lola Karimovalar dunyoga o’zbek malikalari sifatida tanilgan.

Ular respublikada nafaqat yirik bizneslarni boshqaradi balki moda, musiqa va boshqa madaniy sohalar ham ular qo’lida.

Shuningdek, Gulnora Karimova - BMTning Jenevada asoslangan agentliklarida O'zbekistonning doimiy vakili. Inson Huquqlari Kengashi, Qochqinlar Agentligi va yana ko'plab xalqaro idoralar shu yerda joylashgan.

Lola Karimova esa Parijda asoslangan UNESCO, BMT Ta'lim, Ilm-Fan va Madaniyat Tashkilotida O'zbekistonning elchisi.

190 ming yevrolik kechki ovqat

Lola Karimova italiyalik aktrisa Monika Belluchchi ishtirokida tadbir uyushtirish uchun 190 ming yevro to’lagani haqidagi xabar O'zbekistonga ham yetib kelgan.

“Lola Karimova Belluchchi bilan kechki ovqatni o'tkazish uchun salkam 200 ming sarflabdi. Bu menda g'alati kayfiyat uyg`otdi. Birinchidan, Lola Karimova pulni o'zi topganmi? Agar bu xayriya bo’ladigan bo’lsa, faqat toza topilgan puldan xayriya qilish mumkin. Ikkinchidan, O’zbekiston tobora qashshoqlashib borayotgan bir paytda Lola Karimova o’rnak ko’rsatib shu pulni O'zbekistondagi bir muammoni hal etishga sarflasa bo'lardi”, - deydi muxolifatdagi “Birdamlik” harakati faoli Dilorom Is’hoqova.

Ma'lumotlarga ko'ra, Monika Belluchchi Lola Karimovadan olgan mablag’ni insonparvarlik maqsadiga yo’naltirishi mumkin. Bu mablag’ Karimovaning shaxsiy jamg'armasidan to'langanmi yoki boshqa hisobdanmi, noma'lum.

“Agar Lola Karimova o'z xususiy biznesi yoki jamg’armasi faoliyatini yuritish uchun, kelajakda Belluchchi uni qo'llab-quvvatlaydi degan maqsadda sarflagan bo'lsa, tushunish mumkindir. Lekin prezident qizi sifatida buncha katta mablag'ni sarflashi, jamoatchilik uchun odatiy bo'lmagan narsaga qo’l urishi xavfli. Demokratik jamiyatda bu mablag’ qayerdan kelgani surishtirilishi kerak”, -deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Xayriya yordami qaysi manbadan olinishidan qat’iy-nazar O`zbekistonning o`zida insonparvarlik faoliyatini tiklash uchun mablag’ qidirayotgan nodavlat tashkilotlar juda ko’p.

Lola Karimova O`zbekistonda “Sen yolg’iz emassan” nodavlat tashkilotini boshqaradi. Yaqinda u “O`zbekiston 2020” nomli jamg`armaga asos solgan.

Monika Belluchchi shu tashkilot sharafiga uyushtirilgan tadbirda qatnashgan. Ijtimoiy himoya bilan shug’ullanishni rejalagan jamg'arma o'z faoliyatini mashhur yulduzlar ishtiroki uchun minglab yevro to’lashdan boshlayotgani turlicha qarshi olinmoqda.

“Ish yuritish maqsadida bo'lsa to'g'ridir, lekin Lola Karimova bu ishni shu maqsadda amalga oshirgani gumon. Chunki hozirgacha biz prezident qizlarini O'zbekiston ichida bir ish qilganini ko'rganimiz yo'q. Ular haqida faqat tanqidiy fikrlar va xabarlar eshitib kelyapmiz”,- deydi Abdurahmon Tashanov.

Qilgan xayriyasini olijanoblik deyish ham qiyin

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o'zbekistonliklardan biri fikricha xalqning aksariyati qashshoqlikda kun ko'rayotgan bir paytda O'zbekiston prezidentining qizi uyushtirayotgan xayriyalarni olijanoblikka qiyoslash juda qiyin.

Sharhlovchilar deydiki, mamlakat ishsizlik domiga tortilgan, ta'lim sifati va ijtimoiy himoya pasayib ketgan bir paytda bu kabi dabdabalar bir qadar xunuk ko'rinadi.

“Odam avvalo o'z millati, xalqiga qayishishi kerak. Shundan keyingina Lola xonimga o'xshab Belluchchiga ikki yuz ming sarflab, u bilan bir marta rasmga tushib, o'zini baxtli sanash mumkin”, - deydi Dilorom Is’hoqova.

Gap ziyofat o'tganida emas, uni Karimovning qizi o'tkazganida

Lola Karimovaning shaxsiy saytida mazkur voqeaga bag'ishlangan biror xabar uchramaydi. O'zbekistonning UNESCOdagi doimiy vakili - Lola Karimova hozirgacha Yevropada tanilgan bir nechta mashhur aktyor, jamoatchilik vakillari ishtirokida ziyofatlar o'tkazgani ma'lum.

“Hatto Bill Klinton ham o'zining partiyasini yoki boshqa maqsadlarini qo'llab-quvvatlash uchun har xil festivallarda, tadbirlarda qatnashadi. Pul topgan bilan aql topmagan odamlar ko’p. Klinton yoki shunga o'xshagan mashhur odamlar bilan bir marta rasmga tushib qo'yish uchun har balo qilishadi. Bir tomondan ularni ayblash ham qiyin, shu bilan ular o'zlarini tan oldirishadi. Lola Karimova misolida esa u prezidentning qizi bo'lgani, pul qayerdan olingani noma'lumligi uchun ham bu xavfli”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Prezidentning katta qizi Gulnora Karimova birmuncha avval SPIDga qarshi kurash jamg'armasi uchun 50 ming dollar xayriya qilgan edi. Tadbirda qatnashgan AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton va Gulnora Karimovaning birgalikda tushgan surati matbuotda ancha aylandi.

Karimovalar internetda o'z shaxsiy sahifalariga ega. Bu saytlarda prezident qizlari faol ayollar sifatida aks ettiriladi. Gulnora Karimovaning ilmiy, adabiy va madaniy qiziqishlari va moda olamidagi ishlari bilan tanishasiz. Lola Karimova saytida ham bu shaxs O'zbekistonni tanitish uchun jonbozlik ko'rsatmoqda degan qabilda turli rasmlar va relizlar topasiz.

Gulnora O`zbekistonda Xalqaro moda haftaligini o'tkazish, bu tadbirlarga xalqaro miqyosdagi yulduzlarni taklif etish bilan ham tanilgan. 17 noyabr kuni Toshkentda Gulnora Karimova homiyligidagi O'zbekiston Madaniyat va san'at forumi jamg'armasining navbatdagi tadbiri o'tadi.

“Yangi avlod” bolalar ijodiy festivalining yakuniy bosqichi dabdaba bilan tashkil etilgan. Festival g'oliblariga portugaliyalik mashhur qo'shiqchi Sezario Evora mukofot topshiradi. Madaniyat va san'at forumi doirasida o'tgan tadbirlarda Sharl Aznavur, Mik Jagger, Sting kabi dunyoga mashur qo`shiqchilarning konsert dasturlari o'tdi.

Skolariga bunaqa maosh to'lash o'rniga, maktablarni epaqaga keltirsin

“Masalan, futbol murabbiyi Skolarini ko'raylik. 16 million dollar olar ekan. Bu pulga bu yerda nechta futbol klubi qurish mumkin, futbolni qanchalik rivojlantirish mumkin edi. Kelib chiqishi shubhali bo'lgan pullar hisobiga bu narsalar amalga oshayapti. Ertaga O'zbekistonga bundan kattarog'ini, balki Bil Klintonni ham olib kelishi mumkin. Mashhur shaxslardan foydalanib, o'zini pul orqali tanitishayapti. Bu korrupsiyadan dalolat beradi”, - deydi Tashanov.

“Shu pullarni O`zbekistondagi maktablarga bergani, hech bo'lmaganda o'nta maktabni homilylikka olib, o’qituvchilarning oyligini ko'tarib, tirikchilik tashvishlaridan xalos qilib, faqat o'quvchilar bilan shug’ullanadigan qilib qo'yish mumkin edi”, - deydi Dilorom Is’hoqova.

Qattiqqo'l Gulnora

Xalq orasida Gulnora Karimova nafaqat jamoat ishlaridagi faoliyati, balki biznes sohasida qattiqqo`lligi bilan ham nom qozongan. Gulnora Karimova saytida uning biznes faoliyati haqida ma`lumot yo`q. Biroq O`zbekistonda mashur bo`lgan “Zeromax” kompaniyasi boshida Gulnora Karimova turishi ko`pchilikda shubha uyg`otmaydi.

“Zeromax” kompaniyasi “Bunyodkor” futbol jamoasining bosh homiysi sifatida braziliyalik murabbiy Skolarini dunyoda eng ko'p haq oladigan trenerga aylantirgan.

Gulnora Karimova: omadli, biror narsaga erishgan odamlar haqida ko'p gapirishadi

Gulnora Karimovaning “Russkaya Ispaniya” nashriga bergan intervysida aytilishicha, u “Zeromax” kompaniyasi bilan yaxshi tanish bo'lsa-da, biroq bog`liqlik joyi yo'q. Mazkur intervyuda Gulnora Karimova matbuotda o'zi haqda yozilayotgan tanqidlarga ham munosabat bildiradi.

O'zbekistonda iqtisodiy nochorlik hukm surayotgan bir paytda qimmatbaho buyumlarga, dabdabali tadbirlarga zo'r berish haqidagi e'tirozlarga javob berarkan, Gulnora Karimova muvaffaqqiyatli odamlar, ko'zlagan maqsadiga erisha biladigan shaxslar hamisha odamlarda qarama-qarshi fikrlar uyg'otadi degan.

XS
SM
MD
LG