Qirg’iziston parlamentida yaqinda o’tgan majlisda to’ylar haqida gap ketdi. Ularni tartibga solish, kamroq xarajat qilish kerak degan chaqiriqlar yangradi.
Ommaviy axborot vositalarida ham bu masalaga e’tibor berilib, moliyaviy yetishmovchilik davrida aholi bor pulini to’ylarga sarflayotgani achinarli hol sifatida tasvirlanadi. Jamoatchilik nima deydi?
Janubiy Qirg’izistonda to’y mavsumi avjida. Qish boshlanishiga qaramay, joy-joylarda erta tongda karnay-surnay ovozlari yangraydi.
O’tgan yilgi iyun voqealaridan so’ng O’shning o’zbek mahallalarida to’y marosimlari o’ta kamtarona, yeng ichida o’tkazilib kelgan bo’lsa, hozirda to’ylar yana avvalgi ko’lamga qaytayotir. Yana katta sarfu-dabdabalar.
“Odamlar to’ylarda oshiqcha xarajatlar qilishayapti. Yaqinda bir akamiz to’y qilganida 300 ming so’m (7 ming dollarga yaqin) ketibdi. Keyin orqasidan o’lim bo’lgan ekan yana o’shancha mablag’ sarflabdi. Bu albatta oshiqcha xarajat”, - deydi bir fuqaro.
“To’ylar yana o’sha eski qolipiga tushib, odamlar qarz bo’lib, “men sendan qolamanmi” qabilida ish tutib, uydagi ahvolga qaramasdan yirik kreditlar olib, hattoki uy-joyini yo’qotib qo’yib bo’lsa ham shu boshqalarga ergashib to’y qilaman, degan odamlar soni ko’payib ketayapti. Keyingi paytlarda bir narsani eshitib qoldim – hozir hattoki so’ri bergan odamlar bor ekan. Bu ham kulgili, ham achinarli holat”, - deydi mahalliy aholi vakillari.
Savdo ahli to’y mavsumidan o’z foydasini kutadi.
“Savdomiz yaxshi. Hammayoq qimmat bo’lsa ham odamlar olishayapti. Men xaridorlarni judayam yaxshi ko’raman. Rahmat ularga. Sifatli kiyim-kechaklar yaxshi sotilyapti. Odamlarda qo’lida bor ekan to’y qilishayapti. Yo’qchilik, mo’lchilik bo’lsa ham to’ylar bo’laversin. To’ylar bo’lsa oziq-ovqat ham, kiyim-kechak ham sotilaveradi”, - deydi sotuvchi opa.
Qirg’iziston matbuoti oilaviy marosimlar, ayniqsa to’ylar keyingi yillarda shakl jihatidan ham, xarajat jihatidan ham doiradan chiqib ketayotganidan tashvish bildiradi.
Aytaylik, nikoh marosimi uchun o’nlab limuzinlar yasatiladi. Ular ko’cha harakati uchun jiddiy xavf tug’diradi.
Yaqinda Qirg’iziston ichki ishlar vaziri o’rinbosari O’sh ko’chalaridagi to’y kortejlarini tartibga keltirish haqida buyruq bergan.
Hozirgacha bu borada ko’zga tashlanarli natija sezilmaydi.
O’shlik faol O’g’iloy Tojiboyevaning aytishicha, nikoh marosimlari uchun uyushtiriladigan kortejlarning o’ziga kichik bir to’y sarfi ketib qoladi.
Janubda faoliyat ko’rsatuvchi ijtimoiy-axborot markazi xodimlari hisobiga ko’ra, qo’lida bor odamlar o’tkazayotgan marosimlar tobora dabdabalashib, bir to’yga 20-30 ming dollar chamasi sarflanar ekan.
Aholining boshqa tabaqalari ham dabdabayu-muhtashamlik borasida bir biridan qolishmaslikka urinadi.
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, sho’rolar paytida oilaviy marosimlar ma’lum qadar nazorat ostida bo’lib, ortiqcha chiqimlarga yo’l qo’yilmagan.
Mustaqillik in’om etgan fuqaroviy va iqtisodiy erkinliklar, farovonlik cheklovlarni yo’qqa chiqarganday ko’rinadi. Suhbatdoshlar buning oqibatlaridan tashvish bildiradi.
“Mayda bolalik oilalar holi yoki qolgan bolalarning o’qishiga ketadigan mablag’ nima bo’ladi? Ota-onaning bo’lg’usi hayoti nima bo’ladi? Puli yo’q, mablag’i yo’q odamlar o’ksib qolishi mumkin. Shu asosda noxush voqealar ham kelib chiqishi mumkin. “Menda shu narsa yo’q”, deb yoshlar o’zini o’tga, cho’qqa urib boshqa fojialarga kirib ketishi mumkin”, - deydi faol O’g’iloy Tojiboyeva.
Xo’sh, aholini keraksiz chiqimlardan xalos qilish, to’ylarni ixcham va jozibador o’tkazish uchun nima qilish darkor?
“O’sh sadosi” viloyat ro’znomasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilov fikricha, masalaga boshqaruv va qonun chiqarish tizimlari alohida e’tibor berishi maqsadga muvofiq.
“Mahalla komitetidagi xotin-qizlar, onalarimizga, ayollarimizga maslahatlar berib, ta’sirini o’tkazsa yaxshi bo’lardi. Ayni paytda parlamentda ham, menimcha, to’y marosimlarini tartibga solish uchun qonun-qoida ishlab chiqish kerak. Din xizmatchilari ham chekkada qolmasliklari zarur”, - deydi Ismoilov.
Aytish joiz, vaqti-vaqti bilan mahalliy davlat tizimlari oilaviy marosimlar o’tkazishni tartibga solish borasida tashabbus ko’tarib keladi, tegishli farmoyishlar chiqariladi. Ammo jiddiy o’zgarishlar sezilmayotir, deydi mahalliy faollar.