Breaking News

Janubda qizlarni erta erga berishmoqda, ayniqsa yozgi qirg’indan keyin


O'tgan yilning yozida ro'y bergan qirg'indan keyin erta nikohlar ko'paygan
O'tgan yilning yozida ro'y bergan qirg'indan keyin erta nikohlar ko'paygan

Qirg’iziston janubida qizlar erta erga berish odat tusiga kirgan. Mustaqil hayotga tayyor bo'lmagan qizlar turmush qurgach, jiddiy jismoniy va ma'naviy qiyinchiliklarga duch keladi.

Ota-onalar esa qizlarni tezroq "egasiga topshirishga" shoshhadi.

Pasport yo’q, maktab yoshida, lekin oilali-bolali

“O’sh voqealari bo’lmaganida edi. Bu qizlar hali tayyor emas”,- deya tan oladi yaqinda o'z farzandini uzatgan onaxon.

“Ota-onalar qo’rqqanidan ham shunday qiladi. Ba’zilar kuyov bilan kelinni internet orqali ko’rsatib ham uylashdi. Bir-biriga yoqqan-yoqmaganiga qarab ham shunday qilishmoqda. Ikki tomonlama baxtsizlik”.

Onaxon dabdabali to’ylarga qarshi ekanini aytadi. Hozir ortiqcha xarajat qilmay qo’yishgani, ZAGSlarni yig’ishtirgani ham tuzuk, deydi u.

“Iqtisodiy ahvol shundoq ham og’ir paytda keragi yo’q”, - deydi ayol.

“Musulmonchilik deydi-yu, lekin o’zlari ayb ish qilib qo’yishganini sezmayapti",- deydi o'shlik boshqa bir ona.

"ZAGSsiz turmushga berayapti odamlar. Hujjati yo’q ko’pining. Bular o’zining yurtida o’zi yo’q degani. Jinday kechroq bersa ham, bolaning kelajagini o’ylab ish tutishsa-da”, - deya kuyunadi u.

Ko’p oilalar erta ajrashib ketmoqda.

“Qaynanasiga yoqsa, kuyoviga yoqmaydi. Yosh qizdan juda ko'p narsa talab qilishadi”, - deydi bir otaxon.

Bu - jinoyat

Qonunga ko’ra, 18 yoshga kirmasdan nikohdan o’tish mumkin emas.

Istisno sifatida qizlarni 17 yoshdan uzatishga ruxsat bor.

Nikoh yoshiga yetmaganlarni majburlab erga berish yoki uylantirish ham jinoyat.

Bu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha qamoq jazosi ko’zlangan. Lekin qonun amalda mutlaqo kuchga ega emas.

Qizlarni o'qitishmaydi

Novqatlik faol E'tiborxon opaning aytishicha, 9-sinfni bitirgach hech kim o'qiymaydi, qizlar orasida universitetga kirayotganlar kam.

"O'qimagan qizni ota-ona ham tezroq kuyovga berishga shoshiladi. 10, 11-sinf qizlarini berib yuborishayapti. Pasport olmagan holda erga tegdimi, demak, ZAGSga ham bora olmaydi, chunki hujjati yo'q".

Bu yosh onalar hujjatsiz ekan, bolalarni boqish uchun davlatdan yordam ham ololmaydi.

"Taqdir bo'lib, ajralib ketsa, kelin aliment ham, biror ko'mak ham ololmaydi", - deydi E'tiborxon aya.

Qizlarning aksari turmushga tayyor emas.

"10, 11-sinfda o'qisa-yu, maktabda oila, odobnomadan darslar bor. O'qib-o'rganishadi. Lekin yoshroq sinfdagi qizlarchi? Ular na ro'zg'orni boshqaradi, na boshqani biladi. Ko'pi ajraladi", - deydi novqatlik ayol.

Yigitlar ham shu. Avvallari maktablarda kasbga tayyorlash uchun maxsus darslar bo'lar edi. Hozir unday emas.

"10-sinfni bitirgan bola bir ilojini qilib Rossiyaga borsa, pul topsa. Mashina minsa, uylansa. O'yi shu", -deydi u.

Shifokorlar qarshi

Vrachlarning ogohlantirishicha, balog'atga yetmagan qiz-yigitlarning turmush qurishi jismonan va ruhan o'z salbiy ta'sirini ko'rsatadi.

O'shlik shifokor Feruza Qodirova deydiki, 15-16 yoshda inson hali ko'p jihatdan zaif.

"Bu yoshda qizlar homilador bo'lssa, bolasi tushib qolishi mumkin. Ruhan eziladi. Ham qaynonaning, ham erning xizmatini qilish kerak. Yetti oylik, kasalmand bola tug'ishi mumkin. Biz, mediklar erta oila qurishga qarshimiz", - deydi u.

Bu hol davlat tizimlarining e'tiboridan chetda qolganday. Rasmiylar bu borada biror narsa demagan.

Jamiyat ham sharqona an'analarni qalqon qilgan holda masalani dolzarb hisoblamayotganday.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG