Qirg’izistonda qadim davrdan buyon davom etayotgan, lekin zamonaga mos bo’lmagan ayrim milliy urf-odatlar hamon amalda. Masalan, qiz olib qochish.
Bunday illatlarga qarshi kurash e’lon qilingan. Qirg’izistonning inson huquqlari bo’yicha ombudsmeni bergan ma’lumotga ko’ra, mamlakatda yiliga 15-16 ming qiz nikohga majburlash maqsadida olib qochiladi. Qonunga zid holda.
Uylanish maqsadida qiz olib qochish keng tus olgan. Bu amaliyotni ko’pchilik asriy urf-odatlar bilan izohlaydi. Ammo zo’ravonlik ko’p hollarda turmushning buzilishi, ayrim hollarda esa qiz-juvonlarning o’z joniga qasd qilishiga olib kelmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, aytaylik, Issiq-Ko’l viloyatida yiliga kamida 10 nafar olib qochilgan qiz o’z joniga jabr qilar ekan. O’shlik qizlar ham ushbu ko’rinishni qoralaydi.
“Hech qaysi qiz olib qochilishini istamaydi. Ko’pchilik ota-onalar qiz olib qochishni to’g’ri, deb hisoblaydi. Chunki to’y o’tkazish uchun katta mablag’ ketadi. O’sha sarflardan qochib ayrim ota-onalar eplab-seplab o’g’limni uylab olsam, deyishadi. Eng yomoni shundaki, yigitni oldindan ko’rmagan, tanimagan qizning turmushi keyinchalik buzilib ketmoqda”, - deydi ular.
Qirg’izistonda qiz-juvonlar haq-huquqlarini himoya qiluvchi nohukumat tashkilotlar birlashmasi yoshlar orasida qiz olib qochish ko’rinishini o’rgangan. Kuzatuvlar Janubiy Qirg’izistonning tog’li tumanlarida olib borilgan.
Tadqiqotlarga binoan, urf-odat deyilmish ko’rinish aynan ushbu hududlarda tarqalgan. Aksariyat unga barmoq ostidan qaraydi.
“Ko’p hollarda qizlarni olib qochayotgan yigitlar javobgarlikka tortilmaydi. Chunki hech kim huquq-tartibot tizimlariga arz-dod qilmaydi. Shikoyat qilmoqchi bo’lgan qizning irodasi yetmaydi, uni birov qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi nohukumat tashkilotlar birlashmasi xodimasi Mayram Tilebaliyeva.
Qirg’iziston ombudsmeni axboroticha, o’lkada yiliga taxminan 15-16 ming qiz majburan turmush qurish maqsadida olib qochilar ekan. Bu hollarning yarmidan ko’pida keyinchalik nikoh buzilib ketar ekan. Rasmiylar qiz olib qochish inson huquqlarini eng og’ir buzish hollaridan biri ekanini ta’kidlaydi.
Kuni-kecha o’lkada qiz olib qochishga qarshi kurash oyligi e’lon qilindi. Tadbir doirasida ombudsmen apparati mahalliy huquq-tartibot va maorif tizimlari xodimlari bilan birgalikda aholi orasida tushuntirish ishlari olib boradi.
Qirg’iz yozuvchisi Zinaqan Pasanova o’z asarlaridan birini qiz olib qochish odati qurbonlariga bag’ishlagan.
“Ushbu salbiy urf oqibatlari juda yomon. Birinchidan, qizning insoniy huquqlari poymol qilinmoqda. Ikkinchidan, ruhiy azob yetkazilmoqda. Oilaviy janjallar ko’paymoqda. Shu bois ko’pchilik yoshlar ajralib ketayapti. Aytish joizki, qiz olib qochishning turli sabablari bor. Yoshlar bir-birini sevib qolsa; ota-onalar yigit-qizlarning nikohiga qarshi bo’lsa; o’ch olish maqsadida; kambag’al yigitlar badavlat oilalar qizlarini olib qochishadi”, - deydi Zinaqan Pasanova.
Xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayevaga murojaat qilib, davlat darajasida zikr qilingan masalada jiddiy choralar ko’rish va yosh xotin-qizlar huquqlarini muhofaza qilishga chaqirgan.
Nohukumat tashkilotlar birlashmasi rasmiysi Mayram Tilebaliyeva nazarida, masalani joyidan jildirish uchun avvalambor hokimiyat tepasida turganlarning siyosiy irodasi darkor.
“Ushbu ko’rinish keskin qoralanishi zarur. Qonunlar esa ijro etilishi lozim”, deydi u.
Bu fikrlarga o’shlik yosh qizlar ham qo’shiladi.
“Davlat tizimlari mavjud qonunlarga rioya qilishi kerak. Tarbiyaviy ishlar ham katta ahamiyatga ega”, - deydi ular.
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, sho’rolar davridan beri qiz olib qochishga barham berish masalasi Qirg’izistonda vaqti-vaqti bulan ko’tarilib kelinadi. Ammo bu o’rinda yuzakilik, xo’jako’rsinlik ko’zga tashlanadi.
Inson huquqlari tashkilotlari axboroticha, Qirg’iziston qonunlari qiz olib qochish uchun jiddiy javobgarlik belgilaydi. Ammo so’nggi yillarda biror kimsa jazoga tortilgani haqida so’z bo’lmagan.