Breaking News

Xotin-qizlar manfaatini himoya qiluvchi qonunlar ijrosi sust


Xotin-qizlar manfaatini himoya qiluvchi qonunlar ijrosi sust
Xotin-qizlar manfaatini himoya qiluvchi qonunlar ijrosi sust

Markaziy Osiyoda mavjud ijtimoiy muammolar boshida xotin-qizlar duch kelayotgan masalalar turadi desak xato bo’lmaydi.

Xususan Qirg’izistonda etnik nizolardan eng qattiq zarar ko’rganlar ham ayollar hisoblanadi. Ularga ko’mak ko’rsatuvchi loyiha va muassasalar sanoqli.

Biz suhbatlashayotgan o’shlik yosh juvonning oilaviy turmushi behurmatlik sabab buzilib ketgan.

“Maktabni tugatgan zahotim meni turmushga uzatishgan. Ikki oygina kuyovim bilan yaxshi yashadik. Keyin qaynanamga negadir yoqmay qoldim. Har ishimdan kamchilik qidira boshlashdi. Kuyovim ularga qarshi chiqa olmadi. Sakkiz oydan so’ng ajrashishga majbur bo’ldim. O’shanda homilador edim”, - deydi u.

Hozir bu ayol yolg’izlik azobini tortayotir.

Janubiy Qirg’izistondagi “Ayolzot” deb nomlangan krizis markaziga har yili yuzlab qiz-juvonlar ruhiy va jismoniy najot izlab murojaat qilishadi.

“Hududda oilaviy hamda jinsiy zo’ravonlik hollari tarqalgan. Ayollar sha’niga tajovuz, zo’rlashga urinish, qiz olib qochish, yosh qizlarni o’z xohishiga qarshi kuyovga uzatish hollari oz emas”, - deydi ushbu markaz xodimasi Nadejda Dolmasheva.

Mutaxassislar keyingi paytlarda ayollarni ishga olishda ham kamsitish hollari ko’payganiga e’tibor qaratishadi. Chunonchi, qator idoralarda ayollar safi bir qadar ozaygani ko’zga tashlanadi.

Krizis markazida zo’ravonlikka duchor bo’lgan ayollarga imkon qadar ko’mak ko’rsatiladi. Bu yerda ruhshunos, huquqshunos ish olib boradi. Ishonch telefoni orqali ham yordam beriladi.

Ammo mutaxassislarning aytishicha, zo’ravonlikka uchragan xotin-qizlarning aksar qismi o’z dardini oshkor qilmaydi va ko’mak ololmaydi.

Mahalliy jurnalist Shirmonoy Boynazarova fikricha, oilaviy janjal va zo’ravonliklarga ko’p hollarda iqtisodiy qiyinchiliklar, moddiy yetishmovchilik sabab bo’layotir.

“Qolaversa ota-onalar ham qizlarini erta kuyovga chiqarib, ularning hayotiga putur yetkazayapti. Axir 16-17 yoshli qizlar turmush tashvishlariga tayyor emas, o’zlariga bosimni ko’tara olmaydi”, - deydi Shirmonoy opa.

Ayollarga nisbatan zo’ravonlik borasida Qirg’iziston jamiyatida ham, matbuotda ham gap-so’zlar yetarli. O’nlab nohukumat tashkilotlar ayollarga ko’mak ko’rsatish loyihlalarini amalga oshirayotir.

Ayollarni kamsitish hollariga samarali to’siq qo’yish uchun nima qilish kerak?

Mahalliy krizis markazi rahbari Nargiza Yeshpayevaga ko’ra, Qirg’izistonda oilani saqlash borasida va umuman ayollar masalasida yaxshi qonunlar mavjud.

“Ularga rioya qilish kerak xolos. Davlat va fuqaroviy jamiyat esa ayollar huquqlarini himoya qiluvchi markazlarga yordam berishi darkor”, - deydi u.

Inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotiga ko’ra, ayollarni xo’rlagan shaxslar javobgarlikka tortilgan faktlar amalda o’ta kam uchraydi.

Madaniyat xodimi Samidin Jo’raboyevning ta’kidlashicha, ayol zotiga nisbatan hurmatni insonga bog’cha va maktab yoshidan singdirib borish kerak.

“Aslida tarbiya oiladan boshlanadi. Qiz bolaga, ayolga hurmat, e’zoz ham”, - deydi Samidin aka.

Suhbatdosh nazarida bu borada nafaqat erkak zotini, balki butun jamiyatni tarbiyalash lozim.

XS
SM
MD
LG