Breaking News

Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan


Bugun ayollar siyosiy jihatdan juda faol. Saylovda katta sonlarda ovoz beradi. Lekin 1920 yilgacha ular bu huquqdan mahrum edi.
Bugun ayollar siyosiy jihatdan juda faol. Saylovda katta sonlarda ovoz beradi. Lekin 1920 yilgacha ular bu huquqdan mahrum edi.

AQShda xotin-qizlarga ovoz berish huquqi berilganiga 90 yil bo’ldi. Bu davlat konstitutsiyasiga kiritilgan 19-o’zgartirish mashaqqatli kurash mahsuli bo’lgan. Uzoq davom etgan siyosiy tortishuvlardan so’ng Amerika ayollari nihoyat 1920 yilda prezident saylovlariga qatnashgan.

AQSh Kongressi Vakillari Palatasining ilk ayol spikeri Nensi Pelosi… Davlat kotibasi, 2008 yilda prezidentlik uchun kurashgan Xillari Klinton… Vitse-prezidentlikka loyiq ko’rilgan Sara Peylin… Amerika siyosatida o’chmas iz qoldirib, yuqori pog’onalarga ko’tarila olgan ayollar.

Ularni ko’rib, Amerikada xotin-qizlar mavqei naqadar sayqal topganiga guvoh bo’lasiz.

Biroq bu yutuqqa erishish uchun qancha kuch, matonat kerak bo’lganini bilsangiz edi. Ovoz berishdek uzviy huquq uchun uzoq ter to’kilgan.

Xotin-qizlar harakati boshida turganlar Lukrishiya Mott va Elizabet Keydi Stenton bo’lgan. 1848 yilda bosh ko’tarib, Amerika ayoli erkaklar qatori ovoz berishga haqli deya baralla ayta olgan ular.

Vashingtondagi Ayollar Tadqiqot va Ta’lim Instituti prezidenti Syuzan Skanlanning aytishicha:

“Ovoz berish huquqi uchun kurashganlar o’rta yoshdagi, jamiyatning o’rta va yuqori qatlamlaridan chiqqan ayollar, onalar edi. Bari savodli, ma’lumotli. Bu ayollar ovoz berish huquqi qanchalik muhim ekanini juda yaxshi tushungan”.

Fuqarolik urushi paytida, 1861-65 yillarda, ayollar harakati biroz susayadi.

Oradan yarim asr o’tib, advokat ayol, shijoatli Alisa Pol kurashni yangi sahifadan boshlaydi va shu tariqa tarixga kiradi.

Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan
Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan

1913 yil prezident Vudro Vilsonning qasamyod marosimi chog’ida Alisa Pol fursatdan foydalanib, xalq e’tiborini tortish maqsadida poytaxtning markaziy Pensilvaniya ko’chasida namoyish o’tkazadi.

Faol yashagan uy hozirda muzey. Bino kuratori Elizabet Krum hikoya qiladi:

“Ko’cha-ko’yda hali bunaqa ayollar yig’inini el ko’rmagan edi. Har xil millat, sinf vakilalari jamuljam bo’lgan: faollar, mehnatkashlar, oq, qora tanlilar, tashabbusni qo’llab-quvvatlagan erkaklar ham bor edi. Mislsiz bir tomosha! Xotin-qizlar arzini aytib davlatgacha chiqa olgan. Qonunga tuzatish kiriting, ayollar ham saylovda ovoz bera olsin deya”.

Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan
Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan

Saylash huquqi uchun kurashgan jamoa matbuot diqqat markazida edi. Ammo ko’pchilik ularga jiddiy qaramaydi. 1917 yilda ayollar Oq Uy ro’parasiga chiqishga jazm etadi – u davr uchun kutilmagan jasorat edi. Ko’pi hibsga olinib, qamaladi.

Bu voqea xalq orasida katta qiziqish uyg’otadi. 1918 yilda Kongressda konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish taklifi yangray boshlaydi. 1920 yilda esa yangi qonun qabul qilinadi. Amerika ayollari vanihoyat ko’zlagan maqsadiga erishadi.

“Oxirgi bir asrda xotin-qizlar erishgan muhim yutuqlardan biri mana shu – to’laqonli fuqaro sifatida ovoz bera olish. Ulkan g’alaba. Albatta, uyda, ko’cha-ko’yda ayol kishining vazifalari o’sha-o’sha bo’lib qolaverdi. Ammo endi ularning ovozi hal qiluvchi rol o’ynashi mumkin edi. Har bir siyosatchi bundan e’tiboran xotin-qizlar bilan hisoblashishi kerak edi”, -deydi tarixchi olima Jennifer Loless.

Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan
Xotin-qizlar AQShda uzoq vaqt ovoz bera olmagan

Faollar shu bilan cheklanib qolmadi. Turmush qurish, ajralish, mulkka egalik qilish, erkaklar bilan teng maosh olish kabi talablarni olg’a surdi. Xotin-qizlar nazarida teng huquq masalasi ham konstitutsiyaga alohida band bo’lib kirishi kerak.

Ba’zi masalalar ustida bahs hamon davom etmoqda. Saylovlarga kelsak, bugun ayollar bu masalada erkaklarga qaraganda faolroq, so’zda ham, ishda ham.

“2008 yilda ovoz bergan ayollar soni erkaklarga qaraganda ancha ziyoda edi – taxminan sakkiz millionga. Xotin-qizlar odatda oila, ta’lim, turmush kabi masalalarni, erkaklar esa xalqaro aloqalar, byudjet va mudofaa bilan bog’liq mavzularni ko’taradi”,- deydi Syuzan Skanlan.

Oradan yillar o’tdi. Ayollar bugun siyosat olamida juda faol. Ammo kurash hamon davom etmoqda. AQSh Kongressida xotin-qizlar bor-yo’g’i 17 foizni tashkil etadi. Nensi Pelosi va Xillari Klinton kabi siyosatchi arboblar bu davlatdagi eng qudratli shaxslardan. Ularning so’zi salmoqli, qadami qat’iy, bo’ynidagi mas’uliyati ham shunga monand.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG